Biz she’r o‘qirdik osmonga uchib

O‘lim tuyulardi hayotdek mangu.
Zaminning yuragi yotardi qonab,
Ko‘zlarin bosgancha asriy g‘am, qayg‘u.

Vijdon – eng muqaddas sajda shubhasiz!
Nohaq posanggilar kelganda g‘olib.
O‘yimiz bir edi muhabbat bilan,
Bu dunyo she’r bilan o‘zgaradi deb.

Dunyo dunyo emas – bevafo sahna,
Jirkanch niqoblarda chirkin xayollar.
Qaydadir nadomat, qaydadir fitna,
Go‘daklar ohidek ingrar shamollar.

Boqaman ko‘zimda hadik, xavotir,
Nogahon yiqilsang suyamas yo rab.
Bitta so‘z topmoqlik naqadar og‘ir,
O‘lgisi kelmagan mahbusga qarab.

Tushimga kiradi Navoiy nega,
Mashrab xayol surar doriga borib?
Bitta bevafodan qolgan g‘am nima,
Agar Vatan tursa yuragi og‘rib!

Qarsaklar cho‘g‘ida qovrilar tanim,
Meni tashlab ketgan kemalar qayda?
Do‘stim, ayt, shoirlik nima degani,
Bir mehribon qo‘llar kerak paytida.

Mangulik sahnamas – mangulik mangu,
So‘z – abadiy, men-chi yo‘lovchi odam.
Menga bir she’r kerak, yo‘qolsin qayg‘u,
Gullar, chechaklarga to‘lsin bu olam.

Gullar, chechaklarga to‘lsin bu olam...