O’riklar shoxida yondi ming chiroq, 

Pushti kapalaklar qo‘ndi bodomga. 
Oftob bir qizdirsa, ko‘zlari qora 
Lolaqizg‘aldoqqiz chiqvolar tomga.

Jilovsiz toychokday yugurar kishnab, 
Qish bo‘yi esnagan erinchoq soylar. 
Bahor bisotidan ketadi yashnab, 
Kelinchak uyiday ko‘hna saroylar.

Sumalak boshida kelinlar chechan 
Lutfida dunyo ishq, sirga aylanar. 
Yomg‘ir qo‘bizini chaladi sho‘xchan, 
Somonlar tilloga, durga aylanar.

Tarnovda pat tarab oshiq musicha 
Sho‘x-sho‘x muchchilashib baxshi bo‘lodir. 
Kavrak ildiziyu cho‘l andizicha 
Bol kirib chechaqdan yaxshi bo‘lodir.

Xazin mozoriston daraxtlari-da 
Armon gullarini to‘zg‘itib porlar. 
Qabrtoshning vido dastxatlarida 
Xotira shu’lasin o‘qir bahorlar.

Hayot abadiydir. Hayot - g‘animat. 
Dovul qoqar jarchi, bong urar Navro‘z. 
Ne chog‘ sehrgarsan, ona tabiat, 
Har bir hujayrada yoqasan yulduz.

Ming torli soz kabi saslanar Inson 
Navro‘ziy sabolar ohangida mast. 
Tongtacha bahoriy zavq ichra jahon 
Bir quchoq guldasta bo‘lsa ajabmas.

* * *

Bog‘larda yosuman gullay boshladi, 
Qumrilar mastona «hu-hu»lay boshladi, 
Oftob yuraklarni yog‘dulay boshladi, 
Yozning shamollari xush yoqar jonga.

Qulfinay bargida qizil marjonlar, 
Oq tut og‘izlarda navvot-darmonlar, 
Bug‘doy boshoq tortib sut to‘lar onlar 
Yozning xayollari g‘unchalar jonda.

Urushqoq mayna ham xayolparastdir, 
Kabutar raqslari ishqqa payvastdir, 
Qirqog‘ayni gullar bir folparastdir... 
Suvlar guldiraydi qo‘sh tegirmonda... 
Jannat O’zbekistonda...

* * *

Bir so‘nib, boz yonmoq na xushdir, 
Tiriklikda bashorat tushdir.

Gulga kirgan bir chog‘imdaydi, 
Ishq shiddati qarog‘imdaydi.

Yondim, ustixonim-da yondi, 
Tomirlarda qonim-da yondi.

O’t ketdi - ho‘l-quruq aralash 
Yonaverdi to‘rt taraf yakkash.

Ajdaho o‘t nafasi tindi, 
Ko‘ksim aro nasimlar indi.

Kul ostida qolgan cho‘g‘ edim, 
Mulki borliq aro yo‘q edim.

Bir qatra suv, bir tomchi shabnam 
Bahrul najotmidi o‘sha dam?

Chag‘ir-chug‘ur qushlarim qaytdi, 
Ma’suma, xur tushlarim qaytdi.

Men qovrilgan do‘zaxni kechib, 
Qaldirg‘ochim, xush kelding uchib!