Bir hovuch so‘z topib hayot daryosidan,
Shu so‘zlardan munchoq tizgan devonaman.
So‘zmunchoqni taqib qo‘yib ko‘ksingizga
Ko‘nglingizdan joy so‘ragan hayronaman.

Siz bir tog‘siz, yuragida burgut yashar,
Bu viqorlar oldida men toshchalikman.
Toshku ming yil turib berar yoningizda,
Kiprik qoqmang, ko‘zingizda yoshchalikman.

Ko‘zingizda yoshchalikman, oqib ketdim,
Oqib ketdim, labingizga sizib kirdim.
Zanjirlari bor ekan dil qulfingizni,
Na ilojki, eshigini buzib kirdim.

Kirdim oxir, ko‘nglingizning ko‘ngligacha
Loqaydliku nafratlarni yanchib keldim.
Yuragimga muhabbatdan og‘u solib,
Shu makonda o‘lish uchun ichib keldim.

Bir hovuch so‘z topib hayot daryosidan,
Shu so‘zlardan munchoq tizgan devonaman…