░ Kutubxonada o'sib,ulg'aydim desam ham mubolag'a bo'lmaydi. Mayda oppoq gulli, jimjimador barglari majnuntol kabi osilgan, poyasida qator tizilgan yam-yashil, chiroyli gul hamda seret, sertikan ko'rinishidan tipratikanni eslatuvchi kaktus makon tutgan deraza yoniga joylashib olganman. Derazadan quyosh chiqishini,kechki shafaqning sehirli jilosini,quyosh botishini tomosha qilishni yoqtiraman. Azim shaharning osmon qadar cho'zilgan imoratlari,bag'rida yashayotgan odamlar,mashinalar shovqini men uchun yaqin va qadirdon bo'lib qolgan.

    Atrofimda do'stlarim juda bisyor. Ular ham kelib,ketib turishadi.Maroqli suhbatlar quramiz. Lekin,hamma ham shunchaki do'st emas, dardini his qiladigan, bir qarashda seni tushunadigan yaqin odami bo'lishni xohlaydi nazarimda. Men ham hamma qatori kutubxonaga keladigan odamlar ichidan o'zimga chin do'st izlayman. Gaplashsam dardlarim arisa, kulishsam qalbim g'uborlardan tozalansa deyman...

    Bolaligimda bu kutubxona gavjum bo'lardi.Men ham rosa yayrardim.Hozirgidek zerikib,mung'ayib derazadan tashqariga boqib o'tirmasdim.U paytlar tez-tez yo'qlab keladigan sirdosh do'stlarim bo'lardi.Endi esa "qariganingdan keyin hech kimga kerak emassan"-degan gaplar haqiqat shekilli,hech kim holimdan xabar olmaydi.Ko'zlarim kutubxona eshigida kutaman...kutaveraman...

    Bir kuni quyoshli,charog'on kunda  ajoyib mo'jiza sodir bo'ldi. Qahvarang to'lqinsimon sochlari beli qadar yoyilgan,ko'zlari chaqnoq yulduzdek,yuzchalari zilol suvni eslatuvchi besh-olti yoshlar chamasi shiringina qizaloqni yetaklagancha 35-40 yoshlar oralig'dagi ayol kirib keldi. Ayol uzun bo'yli,kelishgan,sariq,tillarang sochlari(menimcha bo'yalgan)o'ziga yarashib turibdi. Ko'rinishidan adabiyot shinavandasi. Qizchasiga har-xil kitoblar oldi.Keyin aylanib meni yonimga keldi. Tanishdik... Gaplashdik. Do'st tutindik...

    Keyinchalik dardlashadigan bo'ldik. Qayg'uli kunlarda yig'lardik. Quvonchli kunlarda quvonchimiz cheksiz edi. Kunlar o'tib u ham mendan uzoqlasha boshladi. Oila,ro'zg'or tashvishlariga ko'milib ketdi...

    Mana endi yolg'izman. Keraksizligimdan,odamlarni e'tiborsizliklaridan,beparvoliklaridan o'kinaman...

    Kutilmaganda yana bir inson bilan do'st tutindim. Bozorda savdo qilarkan. Yonma-yon ham iqtisod, ham adabiyot deganlaridek rosa suhbatlashdik. Ko'ngillarimiz yayradi...

    Yo'q..yo'o'q...u menga qandaydir vahshatli tarzda tikildi...muzladim... Hayhot endi men ming bo'laklarga bo'lingandim. Har xil insonlarni qo'lida o'qish uchun,ma'naviy ozuqa olish uchunmas oddiygina pistaga idish bo'lgandim. Vazifamni o'tab bo'lgach esa har joyga, oyoq ostiga, chiqindi qutisiga, ko'lmagu-balchiqlarga uloqtirildim... Muqovamda so'nggi sarg'aygan, g'ijimlangan sahifalarim qoldi...Ne ne orzularim bor ediya. Tokchalarda ardoqlanib, mehrli qo'llarda avaylanib,qalblarga jo bo'lmoqchiydim... Eehhh odamlaar... Qadrdonlariim...

   Kitob oxirgi, zaif va chuqur nafasini oldi...