-Hikoya real voqealarga asoslangan-


Mart oyining erinchoq quyoshi ufqqa bosh qoʼya boshladi. Kasalxona derazasidan unga tikilib yotgan Bashorat chuqur uh tortdi. “Hozirgina tong otgandi, endi botyapti. Yana tong otadi yana botadi. Yana va yana shu hol takror boʼladi, ammo bir iliqliksiz, umidsiz” deya xayolidan oʼtkazdi u. Oxirgi oylar Bashorat tundan juda qoʼrqadigan boʼlib qolgan, yolgʼiz oʼtayotgan kechalar faqat bir narsani oʼylardi — oʼlimni. U hech qachon oʼz joni uchun qaygʼurmasdi, bu xislat onasidan meros oʼtgan boʼlsa ajab emas. Bashorat faqat qornida kunma-kun rivojlanayotgan, yer yuziga eson- omon kelishini necha yildan beri orziqib kutayotgan jigargoʼshasini oʼylardi. Hech boʼlmasa shunisi yashasin, boshqa farzand dogʼiga chidolmayman deb oʼylardi u. Oxirgi oylar ogʼir oʼtayotgani uchun opasidan xavotirlangan Yorqinoy roʼzgʼoridan qoʼli boʼshashi bilan shifoxonaga yugurardi. U opasining yeyish-ichishiga, kiyim kechagidan tortib eng shaxsiy ehtiyojlarigacha koʼmak berib turar, ammo hammasidan ham koʼproq qiynayotgan narsa — ogʼriqlari va ichki qoʼrquviga malham boʼlolmayotgandi. Ota uyida uch kun urishib bir kun yarashib katta boʼlgan qizlarni “tashqaridagi dunyo” yaqinlashtirgandi. Koʼplab opa- singillar qatori ular ham turmushga chiqqachgina qalinlashgan edilar.
— Ukollaringizni olish vaqti boʼldi,- dedi hamshira kirib. Bashorat derazadan koʼz uzib uning charchagan koʼzlariga tikildi.
— Yanami? – yuzini shu achchiq dorining ogʼrigʼini eslab bujmaytirgancha soʼradi u.
— Yanami deganingiz nimasi? Oʼzi endi boshladingiz- ku. Bundan to tugʼruqqacha har kuni uch mahal olishingiz kerak.
— Hmmm,- dedi yonboshiga bazoʼr agʼdarilarkan. -Mayli, nima boʼlsa ham chidayman hammasiga. Bolamni eson- omon qoʼlimga olsam boʼldi.
— Oʼylamang, opajon, hammasi yaxshi boʼladi,- dedi hamshira bamaylixotir.
— Ilohim shunday boʼlsin,- deydi u ojizgina ovozda. Bashorat bu kabi taskin va maslahatlarni koʼp eshitgan. Umid degan narsa ojiz qolganingda kelarkan-u ammo oʼzi juda kuchli va joni qattiq narsa boʼlarkan, xuddi yantoqqa oʼxshagan. Bashorat hammasi yaxshi boʼlishiga yana umid qildi.
— Singlingiz bugun koʼrinmadi,- dedi hamshira shprits ignasidan dorini osmonga otib.
— Kelib qolar, uni ham roʼzgʼori, yosh bolalari bor.
Dori sekin-asta joʼnatilar, Bashorat bazoʼr boshini yostiqqa burkab, jim chidab turardi. “Bu ogʼriqlar nima boʼpti hali, Bashorat, bundan battari oldinda” deb xayolidan oʼtkazdi u tugʼruq amaliyotini eslab…
Tun choʼka boshladi, Yorqinoy shoshib- pishib kirib keldi, doimgidek hol-ahvol soʼradi, kayfiyatini koʼtarishga harakat qildi. U yoq- bu yoqdan topib kelgan yangiliklarini aytdi. Singlisining koʼngli uchun Bashorat bir nechta savol va tabassum bilan gapirayotgan gaplari oʼzini qiziqtirgandek koʼrsatdi.
— Koʼnglim gʼash, singlim, tushimga ota- onamiz va akam kiribdi.
— Nima boʼldi, nega gʼash boʼladi? — degan bemaʼnidan bemaʼni savol berdi Yorqinoy, hammasi oyday ravshan koʼrinib turgan boʼlsa ham.
— Akamning ishlari yaxshimikan? Ancha bezovta koʼrindilar. Bilmadim, yaqinda oldingga boraman deganlari uchunmi koʼp tushlarimga kiryaptilar, — dedi Bashorat juda maʼyus ohangda.
— Ha, kelmoqchi edi. Bilasan-ku, ishi koʼp, yoʼl olis. Kelib qoladi.
— Kelib qoladi… Ungacha men ketib qolmasam… — dedi Bashorat siniq ovozda.
— Ogʼzingdan bunaqa gaplar umuman chiqmasin. Eshityapsanmi?- qoʼrqib ketdi Yorqinoy.- Mutlaqo. Hammasi yaxshi boʼladi, Xudo xohlasa, sen tuzalasan, bolangni ham eson-omon qoʼlingga olasan. Faqat, iltimos, meni qoʼrqitib bunaqa gaplarni gapirma.
— Xudo xohlasa… — derazadan koʼkka koʼz tikdi Bashorat. – demak sen aytmoqchisanki, uch bolamning dunyo yuzini koʼrmay nobud boʼlishini xudo xohlagan ekan-da, a shunaqami ? Axir, U mehribon emasmi? Dunyodagi eng ogʼir dard- farzand dogʼi, nega menga bu koʼrgilik bot- bot berilyapti?- Bashorat toʼlib- toshib gapirar bu kuch qaerdan kelganini ham bilmasdi. U oʼzini alam va ogʼriqqa limmo- lim toʼlib turgan piyoladek his etardi. Har aytilgan foydasiz tasalli uni bir “chayqatib” yuborayotgandi.
— Bashor, opajonim, bilaman juda charchading. Ammo, Xudoga shak keltirma, yana biroz chida, kuchli boʼl…- nimalardir deb Yorqinoy uzoq gapirdi. Bashoratning qoʼlini kaftlariga oldi, koʼz yosh ham qilgandir, ehtimol. Bashorat buni koʼrib, sezib turdi, ammo, bir harakat bilan javob qaytarmadi. Koʼzlari koʼkka qadalgan, osmon esa qop- qora edi.
— Yorqinoy, – dedi soʼng yalingan ovozda – akamga ayt, bir kelsin. Juda ham koʼrgim kelyapti. Bu ahvolda koʼrinishni istamasdim-u, — dedi qornini ehtiyotlik bilan silab, — ammo xuddiki… — u davom ettirmadi gapini. Singlisining iltimosi bilan bu haqda ogʼiz ochmadi.
— Xoʼp, — qult etib yutindi Yorqinoy – aytaman.
Oʼsha kech Bashoratning ahvoli ogʼirlashdi. Ammo hali bola tugʼilishiga erta edi. Bashoratning ichini mushuk oʼtkir tirnoqlari bilan timdalagandek ogʼrir, xuddi suyaklari ich- ichidan qars boʼlinib ketayotgandek edi. Opa ogʼriqni jismida his etar, singil qalbida. Yorqinoyning ham joni ogʼrir, faqat u opasi singari dod solmayotgandi. U unsiz yigʼlayotgandi. Irimiga koʼra, ona koʼzi yorishidan oldin erini bir koʼrishi kerak, shunda oson qutiladi. Ammo buning iloji yoʼq, pochchasi chet elda edi. U yana akasiga telefon qildi. Akasi yoʼldaligini eshitib koʼngli biroz boʼlsa-da taskin topdi. Bashorat endi umuman ogʼriqqa chiday olmay qoldi. Uni biroz tinchlanishi uchun dori berishdi, u shu dorini kuchi bilan Yorqinoyga soʼzladi.
— Akam …
— Kelyapti ekan, yoʼlda hozir.
— Meni aldayapsan… yosh boladek.
— Yoʼq, yoʼq rost! Biroz oldin gaplashdim, ertalab shu yerda boʼladilar.
-Ertalabgacha yetolmaymanmi deb qoʼrqaman.
Shu yerga yetganda Yorinoy ham oʼzini tutolmay yigʼlay boshladi.
— Bashorjon, unday dema. Meni qoʼrqitma. Sendan boshqa suyanadigan kimim bor? Jonim opam, chida, kuchli boʼl.
— Akam bilan gaplashtir!
Yorqinoy titroq qoʼllari bilan telefon raqamlarini terdi. Narigi tarafdan akasining ovozi eshitilgach Bashoratning quloqlariga tutib turdi.
— Alo, aloo.
— Aka!
— Bashor, singlim, yaxshimisan ? Men yoʼldaman, boryapman oldingga.
— Aka, — hislari bir-biri bilan qorishib ketib soʼzlashga ham gap topolmasdi u.
— Nima deysan, onajon?
Akasini sogʼingan Bashorat avval nima deyishini bilmay tutilib, koʼzyoshini tiyib turgan boʼlsa, bir ogʼiz soʼzdan keyin hiqillab yigʼlab yubordi.
— Hech narsa. Shunday deyishingizni eshitgim kelgandi juda- juda, — Bashorat zoʼrgʼa gapirar, tez- tez va qisqa nafas olishi telefonda yaqqol eshitilib turardi. Sanjar Bashoratni kichkinaligidan erkalab “onajon” derdi.
— Onajonim meni! Sen meni singlimsan-ku, kuchli boʼl. Hali bu kunlarni kulib eslaymiz,- ichi kuydi akaning.
— Aka, yana sizni kichkina singilchangiz boʼlib qolgim keladi. Bizni qanchalar avaylardingiz, asrardingiz.
— Haliyam meni jajji singlimsan. Haliyam sizlarni har balodan asrab- avaylay olaman.
— Esingizdami, bir marta… faqat bir martagina qattiq urishganingiz. Men ariq boʼyida uchib yuradigan, har xil rangli ninachilarni tutishni yaxshi koʼrardim. Siz esa…
— Bashoraaat, — dedi Sanjar uning xayollari parishonligidan xavotir olib.
— Siz esa, — davom etdi hansirab u goʼyo akasini eshitmayotgandek edi, — qoʼymasdingiz. Ularni jonini qiynama derdingiz. Men esa… men esa aytganingiz sira qilmasdim. Aksincha, koʼplab tutib, orqasiga ingichka choʼp suqib qoʼyardim, ozod uchib yursin-u, ammo mendan uzoqqa ketolmasin deb. Aka, men ularning uchib yurishini tomosha qilishni yaxshi koʼrardim. Ular xuddi nozik qanotlarini tinmay qoqib, raqs tushayotganga oʼxshashardi. Ninachilar raqsini tomosha qilaman deb, oʼz koʼnglim mayliga ergashib, ularning joniga ozor berganimni oʼylab ham koʼrmasdim. Oʼsha ninachilarning ham onasi boʼlgan-ku, toʼgʼrimi?
— Bashor!
— Aka… Meni oʼsha ninachilarning qargʼishi tutdi.
Bashorat nima deyotganini anglamayotgandi. U hozir aqli bilan emas his-tuygʼulari bilan gapirardi.
— Onam, onajonim, bunaqa dema, — buni sezayotgan aka yupatish yoʼliga oʼtdi.
— Ayting, akajon, meni avvalgdek ‘‘onam‘‘ deb chaqiring, tushlarimga rahmatli ota- onamiz kiryapti. Qoʼllarida yangi qoʼgʼirchoq, xuddi men qizalogʼimga olib qoʼygan qoʼgʼirchoqqa oʼxshaydi, imlab chaqirishyapti, “Kel, senga bu, kelaqol deydilar”.
— Onashim, singiljonim, akangni qoʼrqitma. Men oldingga boraman. Oʼzim jiyanimga eng zoʼr oʼyinchoqlardan olib beraman, faqat sen kuchli boʼl!
Bashorat kuchli boʼldi. Akasiga dard zoʼri kelsa-da, baqirib yigʼlab bermadi. Ahvoli ogʼirlashgach operatsiyaga olishdi. Vaqt yarim tundan ogʼganda, katta yoʼlda katta tezlikda ketayotgan akaga kichik singlisidan qoʼngʼiroq boʼldi.
— Singlim.
— Aka… — uvvos solib yigʼlab yubordi goʼshakning u tomonidan bir ovoz. Uning ovozi yoʼlakdami yo boʼm-boʼsh bir xonada turgandek aks- sado bilan eshitildi. Sanjarning yuragi shuv etdi. Mashinaning tormozini keskin bosdi. Mashina 10 metrlar chamasi asfalt yoʼlda iz qoldirib borib, baland ovoz bilan toʼxtadi. U savol berishga ham qoʼrqib jim turdi. Nima boʼldi deb soʼrash uchun u til qimirlatishga bor ichki kuchini sarflayotgandi, ammo berilishi mumkin javobdan yuragi orqaga tortib ketib jim turardi. Buni payqagandek Yorqinoy yigʼi aralash gapirdi.
— Aka, qiz jiyanlik boʼldik. Soppa- sogʼ, Xudoga shukur… lekin opamni ahvoli yaxshimas. Reanimatsiyaga olib kirib ketishdi, akaaa. Nima qilamiz, nima qilay ayting, aka? — yigʼlardi izillab Yorqinoy.
“Nima qilish kerak?” miyasida shu savol charx urardi uning. Har doim hamma narsaning chorasini topib kelgan- ku. Singillariga faqat aka emas, ota- ona oʼrnida boʼlib ham doim bir chorasini topib kelgan-ku nega guldek singlisini yoʼqotishga tomoshabin boʼlib turadi? Sanjar mashinasidan tushdi. Uchib yetib borgani bilan hozir singlisi bexush uni eshitmaydi, soʼzlamaydi. Endi uni kutib tolgan koʼzlarni koʼrish unga armon boʼlib qolishi mumkin. U alamli oʼylar iskanjasida yonar, osmonga tikilardi. Havo sovuq, osmon bulutli edi. Osmonning har yer, har yeridan chaqmoq chaqib, bulutning bagʼrini tilib oʼtar, chaqmoq yilt etgan bir muddatda osmonning qanchalik qorongʼi ekanligini bir soniyaga koʼrsatib yana yoʼqolardi. Sanjarning chorasiz qolganda oxirgi qiladigan ishi – Ollohga tavakkal qilish boʼlardi. Shundan bir kuch, yoʼl, taskin topardi. Vaqt xuftondan oʼtgan, yoʼlda ketayotib qazo boʼlgan namozini oʼqish uchun doim yonida olib yuradigan joynamozini yoʼl chetiga, endi nish urayotgan ajriq ustiga yozdi. Tuproq bilan tayammum qildi. Soʼng odatdagicha, ammo biroz ovozida qaltiroq bilan namoz oʼqiy boshladi. Duoga qoʼllarini ochganida esa bu qaltiroq yigʼiga aylandi.
“Yo Allohim, Sen jami mulklar egasi – Malik al-Mulksan! Sen Hakimsan, Salomsan va albatta Musavvirsan. Bizning jismimizni, ruhimizni va qismatimizni shaksiz goʼzal qilasan! Agar Sen bir ishni istasang va unga “boʼl” desang, albatta boʼladi. Sening dargohing yonida bir moʼminang yuribdi. Uning qolishi ham, ketishi ham sening ixtiyoringda! Oʼzing risqi qolgan odamni risqini uzmaydigan Razzoqsan! Oʼzingdan bir xayrli oqibat soʼrayman. Zero, sendan boshqa birov xayrli qadar bera olmaydi“…
…Doktorlar toʼrt tomonga zir yugurib Bashoratni saqlab qolish uchun jon kuydirishdi. Yorqinoy tongga qadar yigʼidan hoʼl boʼlgan roʼmolchasini qattiq siqqancha, reanimatsiya xonasi eshigi oldida oʼtirib chiqdi. U oʼtirgan joyida bir nimalar deb pichirlar, uning deganlari ham akasinikidan farq qilmasdi…
Chiroyli bir tong otdi. Nihoyat, aka-singillar diydor koʼrishgan, olislarda esa bir inson Ota boʼlganidan quvonib, hamkasb sheriklariga yangilikni aytayotgan pallada, Bashorat mitti goʼdagini bagʼriga bosib hidlardi. Entikib koʼzlarini deraza ortiga tikar, qalbiga ham nihoyat bahor kirib kelgandi. Hademay ninachilar paydo boʼladi. Uyi yaqinidagi soyda goʼzal raqs tusha boshlaydilar… Bashorat qizalogʼi bilan ularni kuzatib zavqlanib oʼtiradi hali. Lekin qoʼl tekkizmaydi, qanotlariga ozor bermaydi…