I
Bugun ko'nglim to'ldi sendan, yuragim,
Sevgi janggohidan qaytolding omon.
G'amgusor ohingni tinglash – tilagim,
Bu tun diydoringni sog'indim yomon.

                    II
Odam o'zini ham sog'inar gohi,
Ko'rgisi keladi borin boricha.
Mana, oshiq edi mening yuragim
Dardini tinglayman... tonggacha.

Yomg'ir ham boshladi, qanday soz,
Zulfimni o'ynadi bir sabo.
Dil menga, men unga aytdik roz,
Boringga ming shukr, yo Alloh!
Yuragim sog' ekan, yo Alloh!