Sendan maktub oldim: bo’m-bo’sh bir varaq,

Yurak sensiz bo’m-bo’sh deganingmi bu?
Yoki oq niyatga yozuvsiz bir sharh,
Yoki bo’sh ko’nglimga tutdingmi ko’zgu?

Yoki muz o’lkasin eslatib shundoq
Yodga solmoqchisan qish-qahratonni?
Yoki sovuganman dedingmi mutloq,
Behuda o’tlarga solma deb jonni.

Menga xat yoz degan bo’lsang, ehtimol…
Ipak qog’ozingga labimni bosdim.
Ko’chamda shovullab oqarkan shamol,
Sening maktubingga shu she’rni yozdim.