Tomdan toʻrt oyoqda emas, ikki oyoqda tushgan mushukni kim koʻrgan? Menimcha, hech kim. Boz ustiga yerga tushgach, u sen tomonga qarab bamaylixotir jilmayib tursa — gʻayritabiiy tuyularkan. Koʻpchilik shu yerda tush koʻrmayapmanmikin deb ogʻzi lang ochilib, oʻzini chimchilab koʻradi. Men ham boshida shunday qildim. Jagʻim osilib, oʻzimni qattiq chimchiladim.

-Birodar, ogʻzingni yop!- dedi mushuk tarnovdan osilib yerga tushgach jilmayib.- Aks holda, pashsha kirib ketadi.

U ikki oyoqda muvozanatini saqlab turardi. Boshiga tennischilarning toʻrli kepkasini qoʻndirgan, egnidagi kulrang kostyum-shim, oyogʻidagi jigarrang sport poyabzali oʻziga yarashgan, oqargan baroq qoshlarini chimirib, ortida qimirlab turgan dumini goh taranglashtirib, xunuk tarzda saqich chaynardi.

-Uff, darrov mazasi tugadi,- dedi bir payt saqichni yerga tuflab tashlab.

Ogʻzini ipak dastroʻmoli bilan artib olgach, sekin yurib oldimga keldi.

-Salom,-dedi soʻng qoʻlini uzatib.- Men etik kiygan mushukman.

Salomlashishimni kutib oʻtirmay, u shu yerda oʻziga tezgina razm solib oldi.

-Toʻgʻri, hozir moda oʻzgargan. Axir, yigirma birinchi asr-da! Shunga etik, shlyapa va mushketyorlar kiyimidan, yana qadrdonim qilich jonivordan ham voz kechganman. Ularning oʻrniga mana bu yaltiroq narsalarni oʻzimga ep koʻrdim.

Shunday deb u boshdan oyoq usti-boshini paypaslab chiqdi. Choʻntagidan eski revolverni chiqarib, paqillatib havoga bir-ikki oʻq uzdi.

-Bunday yurish bir oz noqulay boʻlyapti. Yoshim oʻtib qolganiga boʻlsa kerak.

-Mushuklar bunchalik uzoq yashashmasdi-ku!- dedim nihoyat men ham tilga kirib.

-Etik kiygan mushuk hech qachon oʻlmaydi, birodar,- dedi u qoshlarini tagʻin chimirib.- Qiyomatgacha tirikman, qiyomatgacha. Ertak eshitadigan bolakaylar bor ekan, men barhayotman.

-Tanishganimdan xursandman,- dedim unga angrayib qarab.- Bolaligimda oʻzi sen haqingdagi ertakdan boshqasini eshitmaganman.

U mamnun holda, lekin bir oz jigʻibiyron boʻlib, askarlarga oʻxshab shaxdam qadam tashlagancha ortimdan xonamga kirdi. U yerda tartibsiz yozuv stolim ustidagi kitobga bir sidra nazar tashladi.

-Amerika shoirlari antologiyasi,- dedi barmogʻi bilan hushtak chalgandek boʻlib.- Uitmen, Longfello, Dikinson… Ajoyib shoirlar!

-Dikinsonning sheʼrlarini oʻqiyotgandim,- dedim kitobni yopib, stol ustini tartibga keltirarkanman.- Bir finjon qahvaga nima deysan?

-Sutli boʻlsa ikki finjonga ham yoʻq demasdim.

Qahva damlab kelganimda mushuk stol qarshisida oʻsha antologiyani varaqlab oʻtirardi. Bir oz oʻtib, kitobdagi Emili Dikinsonning sheʼrlaridan birini ohang bilan oʻqiy boshladi:

Tangrim! Sendan oʻzga hech yaqinim yoʻq,

Bir Senga ocharman dilim-ishqimni!

Kechir, men oʻshaman-Seni unutgan,

Lek Sen unutmassan axir hech kimni?

Yoʻq, men oʻzim uchun qilmam munojot-

Vujudi qush kabi yengil bir kasman,

Xudoyim, tanim deb tashvish qilmasman,

Bu juda yengil yuk sen uchun, hayhot…

-Nega Emilining sheʼrlarini oʻqib oʻtirganingni sababini bildim,- dedi u menga oʻgirilib, qoʻlimdan finjonni olarkan.- Sen uning sheʼrlariga maftunsan, uni yoqtirib qolgansan (albatta, shoir sifatida).

-Buni qayerdan bilasan?- dedim qahvamdan xoʻplagan koʻyi.

Mushuk shunda oʻpkalanib oʻrnidan turdi.

-Balki meni sizlasang boʻlardi. Har holda sendan ancha kattaman. Dikinsonga kelsak, sen bilan u xuddi egizaklar kabisiz. Sizlarda nima deyilardi buni. Ha, topdim: Fotima va Xusan.

Men uning gapiga xoxolab kulib yubordim.

-Isitmang bormi? Nazarimda qirq darajali isitmadasan.

-Senlaganing yetmagandek ustimdan  ham kulyapsanmi?!- dedi u menga qovogʻini uyib qararkan.- Esingdan chiqmasin. Choʻntagimda revolver bor-a. Oʻqlangan.

Men boyagi havoga uzilgan oʻqlarni eslab, birdan jiddiy tortdim. Xona chetidagi kresloga borib oʻtirdim. Mushuk boʻlsa dumini likillatib xonada u yoqdan bu yoqqa yura boshladi.

-Bu yerda anchadan beri karantin ekan. Oʻlatdan qoʻrqib ketishganidan odamlar rosa xudojoʻy boʻlib ketishibdi. Tinmay xudoga yolvorishyapti endi. Eh, xudo bexabarlar. Oʻzlari barcha ishlarini yigʻishtirib qoʻyib, ibodatga egilishgan. Bolalariga esa men haqimdagi ertakni aytishyapti. Odamzodga hech tushunmadim tushunmadim-da. Azaldan shunday… Riyokor, munofiq… Xullas, qoʻshningni tomida bir hafta yashab seni koʻp kuzatdim. Bugundan seni tomingdaman. Bu xulosam shu kuzatishlarim natijasi. Yaʼni, Emili bilan egizak ekaning. Baayni u kabi odamovisan. Darvoqeʼ, yana bormi sutli qahvangdan?

U boshimni qimirlatishga ulgurmasimdan oshxonaga otilib chiqib ketdi. Koʻp oʻtmay, u yerdan rohatlanib, lablarini dastroʻmoliga artgan holda qiyshanib qaytib keldi. Shoshilib ichganidan qahva kostyumini u yer bu yeriga tomib tushgandi. Uning yuqi tomchi shaklida yaqqol koʻzga tashlanib turardi.

— Emili haqida gaplashaylik,- dedi kreslodan meni turgʻazib, oʻzi unga yalpayib choʻkkach, lablari atrofini silab-siypalab.- Uning sheʼrlari senga yoqadimi rostan yo boyagi taxminim notoʻgʻrimidi?

-Yoqadi,- dedim yozuv stoli qarshisiga borib, Amerika shoirlari antologiyasi tomon tikilarkanman.-Sheʼrlari ancha yaxshi yozilgan. 

-Men u bilan shaxsan koʻrishganman.

Shu yerda mushuk aniq qirq darajali isitmada ekanligiga yana bir bor oʻzimni ishontirdim. U ham chamasi buni sezdi shekilli, lablarini asabiy burishtirdi.

-Yana meni oʻzida emas deyapsan, sezyapman. Ammo bu rost. Men Emili Dikinson bilan Amerikadagi fuqarolar urushi davrida bir tom ostida ancha  yashaganman. Aniqrogʻi, toʻrt yil. 1861 yildan 1865 yilgacha.

Agarda revolveri boʻlmaganida uning bu gaplari uchun qulogʻi ostiga shapaloq tortib yuborgan boʻlardim. Aksiga olib revolver qoʻndogʻi uning kostyumi choʻntagidan chiqib, odamni xavotirga solib turardi. Xavotir aralash boʻshashib stulga oʻtirdim.

-U paytlar men anchagina yosh edim,- davom etdi mushuk xuddi yoshligini eslaganda entikadigan moʻysafidga oʻxshab xomuza tortib.- Qaddim dol emas, alif yurar, belimdan quvvat ketmagan, baroq qoshimga hali oq oralamagandi. Sharl Perro endigina meni katta hayotga qoʻyib yuborgan paytlar edi. Bolalar men haqimdagi ertakni yodlaridan qoʻymay, har oqshom eshitib uyquga ketadigan dorilomon zamonlar boʻlib, men emin-erkinlikda davru davron surar, ertangi kun haqida oʻylamas, qaysi bolakay sharafli ismimni zikr qilsa yoki kamina haqidagi ertak biror bir xonadonda aytilsa, Yaratgan izni bilan men oʻsha yerga yoʻl olar va rizq-u nasibam tugaguncha u yerdagi oʻzim tanlagan xonadon tomida umrguzaronlik qilardim.

Koʻpincha ota-onalar insoniyat boshiga kulfat tushganida bolalariga men haqimdagi Sharlning ertagini aytib berishardi (hozir ham shunday ekan). Umuman olganda, istalgan ertakni ular tinchlik va xotirjamlik hukm surgan paytlari aytishmasdi. Ibodat ham qilishmasdi koʻp qismi. Ittifoqo yashayotgan zaminlarida zilzila roʻy bersa yoki sel kelsa, vabo tarqalsa yoki urush boshlansa ular oʻz jigarbandlarini bu balolardan chalgʻitish maqsadida  ularning qoshida ertak aytib oʻtirishar, oʻzlari esa tonggacha tinchlik paytlari eslaridan chiqargan koʻkdagi Zotga iltijo qilib, bu baloni aritishini soʻrab duv-duv yigʻlab chiqishardi.

1861 yilda AQSHda fuqarolar urushi boshlandi. Oʻsha yili bu sehrli diyorda shunchalik koʻp bolaga men haqimda ertak aytildiki, u yerga ummon orqali qayiqda suzib borishga majbur boʻldim. Bu uch haftalik safar meni holdan toydirdi. Yoʻl boʻyi mijja qoqmadim. Manzilga yetib borgach, rostakamiga lol qoldim. Deyarli barcha  shaharlardagi bolalar tinmay meni oʻzlariga chorlashar, ayrimlari menga havas bilan yashashar, ayrimlari  taqlid qilib yogʻochdan yasalgan qilichni yonlariga taqishib, boshlariga eski shlyapani qoʻndirib yurishardi.

Mamlakatda vaziyat oʻta qaltis boʻlib, tili va dini bir boʻlgan, bir zaminda kindik qoni toʻkilgan odamlar bir-birini oʻldirish, soʻyish, chavaqlash bilan ovora edilar. Janub bilan Shimol oʻzaro urushar, biri quldorlik tizimini bekor qilishni istasa, ikkinchisi buni istamas, urush buning oqibatida kundan kunga chuqurlashib, butun mamlakat boʻylab keng tomir yoyib borardi. Prezident Linkoln boshi qotar, sarson-sargardon boʻlib, yuragi siqilgancha urushga barham berish maqsadida shtatlarni kezib yurardi.

Men lash-lushlarimni ortmoqlab, Massachusets shtatiga bordim. U yerda kichkinagina Amxerst deb nomlangan shahar bor edi. Oʻsha yerdagi bitta oilaning  xonadoni tomidagi cherdakka joylashdim. Bu yerda uchta opa-singilga har kuni men haqimdagi Sharlning ertagi aytilardi. Dastlabki kunlari bundan rosa rohatlandim. Ochigʻi, oʻzing haqingda kunda eshitaversang, qahramonliklaringni gapiraverishsa moydek yoqib, semirib ketarkansan. Menda ham shunday boʻldi. Semirib, shishib ketdim. Shu sababli cherdakda zerikib, sekin-asta yerga tushdim. Albatta, ikki oyoqlab emas. Oddiy mushuk kabi toʻrt oyoqlab, buning ustiga kiyimlarim, shlyapam, etigim va qilichimsiz (meni ikki oyoqda va poʻrim holda koʻrganlarning yuragi tars yorilib ketmasin dedim-da). Xonadon yaqinidagi oʻtloqda bolalar bilan muntazam oʻynay boshladim.

Ular shirin bolalar edi. Men bilan har kuni  koʻm-koʻk maysazorda oʻynashardi. Bizni negadir qoʻshni uyning ikkinchi qavatidagi derazasidan bir qiz kuzatib turardi. U koʻp kuzatardi. Gohida oʻychan, gohida jilmayib. Uning tashqi koʻrinishi binoyidek, chiroylikkina, soch turmagi oʻziga yarashgandi. Lekin negadir u doim oq qoʻylakda boʻlardi. Uning kimligini tasodifan cherdakdan oshxonaga sichqon ovlagani tushganimda xonadon sohiblarining oʻzaro gurungidan bilib oldim.

-Emili sal gʻalatiroq,- dedi xonadon sohibi (qirq yoshlardagi, semiz va jahldor erkak).

-Sal emas, ancha,- eʼtiroz bildirdi sohiba (oʻttiz-oʻttiz besh yoshlardagi, toʻlacharoq, sergap ayol).- Doim oq koʻylakda yuradi, birovga qoʻshilmaydi, yakshanba kunlari boshqalar bilan cherkovga borib ibodat qilmaydi. Hatto, koʻngilochar tadbirlarga bormaydi. Odamoviligi hayron qolarli darajada.

-Yaqinda doktor bilan eshik ortidan gaplashganini eshitib aqldan ozay dedim. Doktorning oʻzi ham angrayib qoldi. Birinchi marta bemorimni eshik oldida turib, davolashga urinib koʻrdim, deb kinoya qildi.

-U doktor ekan,- dedi sohiba xoxolab kulib.- Boshqa shtatdan yoʻl yurib, horib-charchab kelgan qarindoshini oldiga koʻrishgani xonasidan chiqmagan-ku, bu qariqiz.

Bir kuni bolalar bilan hovlidagi maysazorda oʻynayotganimda, nogahon Emili oldimizga keldi. U bu safar ham oq koʻylakda boʻlib, yaqindan eʼtibor berilganda oʻttiz yoshlar atrofidagi parishonxotir va gʻamgin bir qiz edi.

-Buncha shirin mushuk,- dedi entikkancha qarshimga tiz choʻkib.- Kela qol oʻzimga.

U shunday deb meni bagʻriga oldi. Keyin bolalarga qoʻshilib oʻynadi. Xonadon egalari va bir toʻda begonalar koʻchada koʻringach, “eshaklar” deb baqirganicha toʻsatdan oʻz uyi tomon yugurib ketdi. Kechqurun tomdan tushib, uning chirogʻi yoniq turgan xonasi tomon bordim. Ikkinchi qavatga tarnov orqali koʻtarildim. Deraza oldida meni payqagach, u yosh boladek quvonib ketdi va koʻtarib xona ichkarisiga oldi. Oqshomni shu tarzda uning xonasida oʻtkazdim.

Shu-shu buyogʻiga har oqshom uning xonasiga kirardim. U xonasida erkalash niyatida doimgidek menga bagʻrini ochar, tuklarimni silab-siypalar, qimirlayotgan dumimga kaftini tutib, qiqir-qiqir kulardi. Shundan soʻng, karavotiga meni chalqanchasiga yotqizib qoʻyib, oʻzi yozuv stoliga oʻtirgancha sheʼr yozardi. Sheʼrni yozib boʻlgach, siyohi toʻlaligicha qurimagan qogʻozni tokchada turgan temir sandiqcha ichiga yashirar, uni qulflagach, deraza romlarini katta ochib atrofni koʻzdan kechirardi.

-Meni odamovi deyishadi,- derdi shunday lahzalarda menga oʻgirilmay (menga gapiryaptimi yo oʻzigami — buni ajratolmasdim).- Toʻgʻri, odamoviman. Bu har bir tugʻma ijodkorga xos xislat. Ijodkorning boshqa odamlardan farqli ravishda oʻz badiiy olami boʻladi. U koʻpincha mana bu moddiy olamni oʻsha badiiy olamiga qorishtirib yubora olmaydi. Shungadir balki uni oʻz  olamidan ayro holda tasavvur qila boshlagach, undan zerikadi, yashash davomida unda nafas olishdan yuragi bezillaydi, oʻz olamiga kuchli intilishni boshlaydi, odamoviligi ortadi. Boshqalarni bilmadim-u, lekin menda shunday. Men bu olamga begonaman. Faqat oʻz olamimdagina baxtni his qilaman.  

Aslida bu moddiy olamning nimasi qiziq? Bu yerda koʻpchilik riyokor va munofiq. Mana masalan, qoʻshnilarim har yakshanba kuni cherkovga borib ibodat qilishadi. U yerda berilib, koʻzlarini yumib, rido kiygan ruhoniyning ezma vaʼz-nasihatlarini tinglab oʻtirishadi. Uylariga Xudoga tavba qilgan, gunohlaridan forigʻ boʻlgan chinakam nasroniy boʻlib qaytib kelishadi. Ammo oʻz farzandlarini kiprik qoqmay urushga yuborishadi. Ularni yurt himoyachilari hisoblab, qahramondek koʻrib Janubdagi yankilarni yer bilan yakson qilishlari uchun qoʻllariga qurol berib, egnilariga harbiy forma kiydirishadi. Vaholanki, oʻsha yankilar ham ularning oʻzlari kabi bir osmon ostidagi insonlar. Qolaversa, nasroniy dinida “bir-biringni qoningni toʻkma”, deyilmaganmi? Menimcha, deyilgan. Unda nega ular oʻz farzandlarini urushga yuborishadi? Axir ular dushman sanayotgan tarafdagilar ham shu yurt fuqarolari-ku! Cherkovdagi ruhoniy nega ularga qon toʻkishlari uchun fatvo beradi? Injilda bunday yozilmagan-ku! Uning shu fatvosi sabab  kun ora bu yerdan qurollangan  va toʻp yetaklagan, otlarga mingan zobitlar, oq kiyingan hamshiralar koʻtarinki kayfiyatda va qoʻshiq kuylab Boston tomon yoʻl olishadi. U yerda ular oʻzlari kabi ruhoniy fatvosini olgan generallar tomonidan urushning qoq markaziga safarbar qilinishadi va janubliklar bilan shimolning qonli urushini davom ettirib yo halok boʻlishadi, yo nogiron boʻlib uylariga qaytib kelishadi. Men shuni tushunmayman. Bu noshudlarning cherkovda birgalikda Xudoga ibodat qilishlari nimasi-yu, uning tashqarisida qon toʻkishlari nimasi? Cherkovdagi ularning ibodati ham riyo, ruhoniylari esa manfaat yoʻlidagi munofiq. Men shuning uchun cherkovga bormayman. Shuning uchun ibodatni oʻz xonamda bajaraman. Hatto, shu mazmunda sheʼr ham yozganman:

Ibodatga ketar bu xalq kech chogʻi,

Toat uchun cherkov kerakmas hecham.

Bosh ustimda gumbaz-yam-yashil bogʻim,

Qiroat qiladi menga-musicha.

Kimxob kiyar toat onida kimdir-

Men soʻzdan qanotim bogʻlasam-yetar…

Xayolim falakda sayr etib ketar.

Mitti bir qoʻngʻiz ham-birodarimdir.

Toatga chaqirar meni-chigirtka.

Nasihat qiladi Tangrim ushbu on-

Yolgʻiz u menga eng Oliy ruhoniy-

Uning mujdalarin anglamoq oson.

Meni bu yerdagilar odamovi deyishadi. Qoʻshnilarnikida madaniy tadbirlar boʻlsa chiqmasligimni gapirishadi. Chiqib nima qilaman? Oʻsha tadbirlarning nimasi qiziq? Tadbir davomida bu kaslar oʻynab-kulishadi, itdek yayrashadi, ichib xumordan chiqishadi,  gubernatorga tonnalab paxta qoʻyishadi, erlik ayollar bilan ayolmand erkaklar valsga tushib, sirli ishshayib, hiring-hiring qilishadi. Ertasiga esa birining kuchugi ikkinchisining bogʻidagi maysa ustiga hojatini chiqargan boʻlsa, jabrdiydasi dunyoni boshiga koʻtarib, aybdorini sudga beraman deb dagʻdagʻa qilishgacha boradi.

Meni odamovi deyishadi. Ular tamomila haq. Nimayam derdim? Uzoq yerdan qarindoshlarimdan biri kelsa oldiga tushmasligimni gʻiybat qilib, soatlab gapirishadi. Qanday oqibatsizlik bu, shunday emasmi? Biroq besh-olti yildan beri maktub ham yoʻllamagan, onam va mening bu dunyoda borligimizni butkul unutgan oʻsha qarindoshimni yodiga qoʻqqis tushganimiz menga bir oz gʻalati tuyuladi-da. U yo qarz soʻrab kelgan boʻladi, yo qarzdorlardan qochib, oyoqqa turib olguncha uyimizda sigʻindiga oʻxshab yashash uchun. Tashrifidan boshqa maqsadni koʻrmayman.

Ularning fikrida jon bor. Men odamoviman. Oldimga onam chaqirtirgan doktor kelsa, u bilan eshik ortidan turib gaplashaman. Unga peshvoz chiqmayman, kutib olmayman. Peshvoz chiqqanim bilan nima oʻzgaradi? Gippokrat qasamxoʻrini ichkariga kiritsam, u tomirimni ushlab koʻrib tanish tashxisni qoʻygach, bir varaq qogʻozga bir dunyo dori-darmon yozib beradi. Xizmat haqqi koʻrsatilgan chekni qoʻlimga tutqazgach, tibbiy jomadonini koʻtarib juftakni rostlaydi. Men esa uni va dorixonachini boyitganim qoladi, xolos. Vaholanki, kasalimni oʻzim undan yaxshi bilaman. Qanday unga davo topishni ham.

Butun shahar odamoviligim uchun yaxshi yozilgan sheʼrlarimni nashr qildirmasligimni taʼkidlaydi. Nashr qildirmayman, bunday niyatim yoʻq. Shoirning sheʼr yozishi emas, oʻsha yozgan sheʼrlarini eʼlon qilmasligi aslida katta jasorat hisoblanadi, chunki hamma ham bunga jurʼat etolmaydi. Koʻpchilikni mashhur boʻlgisi, shon-shuhratga burkanib, avomning havoyi muhabbatiga koʻmilgisi keladi. Shu bois siyohi kurimagan sheʼrlarini qoʻltigʻiga qistirib, gazeta yoki jurnal redaksiyasiga qarab yuguradi. Men bunday qilmayman. Sheʼrlarim — qalbim kundaligi. Ularda kundalik hayotimni, kechinmalarimni roʻy-rost ifodalaganman, ularni dunyoni anglashimning qomusi desam ham boʻladi. Bu shaxsiy kechinmalarim faqat oʻzimga tegishli. Ularni to abad shu sandiqda saqlayman. Oʻlimimdan soʻng yoqib yuborishlarini vasiyat qilaman. Bu haqida eshitgan va bilganlar ortimdan “odamoviligi sheʼrlariga qadar  koʻchgan, sheʼrlari ham oʻziga oʻxshab ostona hatlab koʻchaga chiqmaydi, shu xonadonda yoʻq boʻlib ketadi” deyishadi.

Bundan tashqari shunday isteʼdodim boʻla turib, jamiyat hayotiga aralashmasligimdan nolishadi. Ularga qolsa men jamiyat hayotida faol boʻlsam, ijtimoiy mavzularda pafosli sheʼlar yozib, ularni ketma-ket shtat jurnallarida eʼlon qilsam. Anchadan beri urush ketyapti bu zaminda. Shu urush haqida yozmayotganimni koʻpchilik gapiradi. Men nima qilay? Bu qoʻlimdan kelmaydi. Urush mavzusini qalamga olib, bir tomonni olqishlab, ikkinchi tomonni qoralab sheʼr yozolmayman. Sheʼriyatning ijtimoiy maydalashuviga yuragim dosh bermaydi. Bu aslo odamoviligimdan emas. Shunchaki sheʼriyatni men soʻzni isrof qiladigan oʻrtamiyonalardan koʻra boshqacha tushunaman, uni ich-ichimdan qizgʻonaman, uni xuddi oʻz bolamdek biror bir gard yuqishidan asrab-avaylayman. Axir, u inson qalbida yillab unib-oʻsadi, voyaga yetadi, shakllanadi. Jamiyat ijtimoiy hayotidagi istalgan navbatdagi oʻtkinchi narsa uchun vaqtincha tashviqot boʻlib xizmat qilishga ham, nomusini yoʻqotgan qizdek uning manfaatlari yoʻlida sharmanda boʻlishga ham u qimmatlik qiladi. Arzon publitsistikani bemalol bu maqsadda ishlataverishsin.

Uning xonasida har oqshom shunday gaplar tinmasdi. Yozda ham, qishda ham. Kuzning xazonrezgisida ham, bahorning seryomgʻir kunlarida ham. U kuyinib va yonib gapirar, odamoviligidan sira uyalmas, aksincha tegrasidagi moddiy olam tarbiyalagan riyokor va munofiqlardan biri emasligidan qoniqish hosil qilardi. Kunduz kunlari u doimgidek oʻzidagi bu ogʻir dardni avomga sira bilintirmas, oq kiyingancha deraza oldidan atrofga gʻamgin va parishon nazar solib turishda davom etardi. Odatdagidek koʻchaga chiqmasdi. Sheʼrlarini sandiqcha ichiga yashirardi. Boshqalarga qoʻshilib ibodat qilgani cherkovga bormasdi.

 Keyinchalik AQSH sarhadlarida fuqarolar urushi oʻz nihoyasiga yetdi. Bir yurt farzandlari bir-birining qonini toʻkishni yigʻishtirishdi. Linkoln oʻz joni evaziga tantana qildi. 1865 yilda urush yakuniga yetgach, men Amerikani tark etdim, chunki ota-onalar ortiq cherkovlarda Xudoga iltijo qilmay qoʻyishdi, bolalariga men haqimdagi shonli ertakni aytishdan toʻxtashdi. Emili haqida oradan oʻttiz yildan koʻproq muddat oʻtgachgina  eshitdim. Oʻshanda men oʻz yurtim Fransiyaning ovloq yerlaridagi dehqonlarning xonadonlari tomlarida kun kechirib yurardim. 1890 yilda shu yerdagi bir adabiyot muallimi orqali  Emilining oʻsha sandiqqa berkitib yuradigan sheʼrlari AQSHda kitob holda nashr qilinganidan boxabar boʻldim. Qoʻshimchasiga bu vaqtga kelib uning oʻzi olamdan oʻtganini ham daragini eshitdim. Shunda negadir boʻgʻzimga qattiq narsa tiqilgandek boʻldi. Tomdan pastga tushdim-da, maʼyuslashib yigirma toʻrt soat atrofni yayov kezdim. Yoʻl boʻyi qulogʻim ostidan oʻsha Amxerst shahridagi ikki qavatli xonadonda har oqshom Emilining kuyinib aytadigan gaplari ketmadi…

…Mushukning tomogʻi qaqrab yana qahva ichgisi kelib qoldi. Aksiga olib, sut allaqachon tugagandi. Bu haqida eshitib, u qattiq afsuslandi. Boshini bir tomonga egib, zorlanib uzoq miyovladi. Xonada ortiq oʻtirgisi kelmay qoldi.  

-Ertaga ham pastga tushaman,- dedi tomga qaytib koʻtarilayotib.- Kelasi gal koʻproq sutli qahva damlarsan?

-Omon boʻlsak koʻramiz,-dedim yuqorida unga ishonmaganim uchun oʻzimni koyirkanman.- Sutli qahvani buncha yaxshi koʻrmasang.

Ertasiga undan negadir darak boʻlmadi. Indiniga ham. Karantin bilan bogʻliq yangilik sabab men ham uni bir ozga esimdan chiqardim.  Fargʻonaning “yashil hudud”ga aylantirilgani haqidagi xabar koʻchamizda bayramdek kutib olinib, qoʻshnilar tomonidan tantana bilan iliq qarshi olindi. Xursandchilik tarqagach, bir necha kun oʻtib mushuk yodimga tushdi va narvon orqali bir amallab tomga chiqdim. Afsuski, cherdakda uni koʻrmadim. Xafsalam pir boʻlib pastga tushgach, qay holda paydo boʻlishi mumkinligi haqidagi uning gapi xayolimdan oʻtib, zora uning daragi chiqar deb, bir hafta davomida  Sharl  Perro qalamiga mansub oʻsha “Etik kiygan mushuk” haqidagi mashhur ertakni tinmay oʻqidim. Bundan tashqari sutli issiq qahva damlab,  hidiga mast boʻlib yoʻq joydan paydo boʻlar deb finjonni oshxonaning ochiq derazalari yonidagi tokchaga qoʻydim. U qarshimda nogoh koʻrinib yana Emili haqidagi xotiralarini gapirib berar deb Amerika shoirlari haqidagi antologiyani qaytib-qaytib varaqladim. Ammo hech birining foydasi boʻlmadi. U boshqa qorasini koʻrsatmadi.

Sheʼrlar Qandilat Yusupova tarjimasida berildi.

2020 yil, may.  Fargʻona