Qishda poyezd orqali Margʻilondan Toshkentga  borishning oʻzi boʻlmaydi. Avvaliga bekatning katta va sovuq zalida, muzdek oʻrindiqlardan biriga omonatgina oʻtirib uni kutish kerak. Orada bekat tamaddixonasida qahva ichib yoki shirin kulchaning chetidan tishlab gazeta oʻqiladi. Koʻpincha gazeta yarmiga yetganida, navbatchi ayolning yoqimli ovozi bekat boʻylab taraladi.

“Andijon-Toshkent yoʻnalishidagi poyezd bekatga yetib keldi!”

Poyezd jonivor taraq-turuq qilib Andijon tomondan keladi. Tamaddini yakunlab, gazetani qoʻltiqqa qistirib, jomadon bilan vagonga chiqqach, boshiga andijoncha doʻppi kiygan erkaklar va shevalariga urgʻu berib gapirishni xush koʻradigan ayollarga koʻzim tushadi. Chiptada koʻrsatilgan joyimni qiyinchiliksiz axtarib topaman. U odatda ikki kishilik boʻladi. Yo qora koʻzoynak taqqan sohibjamolning, yo ayollar sharfini boʻyniga oʻtkazib olgan  tadbirkor opaning yoniga oʻtiraman. Nega shunday, bilmayman? Ijodda ham, poyezdda ham ayollar doim men bilan yonma-yon. Birovga aytsang oʻla qolsa ishonmaydi.

Poyezd oʻrnidan siljigach, haqiqiy yoʻl azobi boshlanadi. Toshkentgacha kamida besh soatlik yoʻl, esli bola boʻlib jim ketasan, qoʻshimchasiga dimiqqan havoda nafas qisadi. Atrofda turli did va dunyoqarashdagi odamlarning gurungi tinmaydi. Har toʻrt qadamda shiftga oʻrnatilgan televizorlar ularga joʻr boʻlib, quloqni qomatga keltiradi. Vagonning bir burchida joylashgan poyezd oshxonasidagi bemaza taomlar ustingdan kulgandek yoqimsiz hid taratadi. Har oʻn besh daqiqada xizmatchi patnisda olib oʻtadigan qahva, birinchidan shakari tejalgan, ikkinchidan bekat yoki uying oldidagi tamaddixonada damlanadigan shirin qahvadan ikki baravar qimmat boʻladi.  

— Poyezd qachon Toshkentga yetib kelarkin-a? –deyman bunday manzaradan yuragim siqilib.

2019 yilning dekabrida ham Toshkentga poyezdda ketayotib oʻz joyimga oʻtirarkanman, musiqa tinglash uchun quloqchinimni boʻynimdan oʻtkazayotib shunday dedim.

— Aksincha, -dedi menga javoban kimdir. -Toshkent qachon poyezdga yetib kelarkin, desangiz toʻgʻriroq boʻladi.
Men shosha-pisha atrofimga oʻgirildim. Roʻparamdagi oʻrindiq boʻm-boʻsh, uning yonidagisida bolasini emizib ketayotgan ayol, yonimda Toshkentda oʻqiydigan  talaba qiz oʻtiribdi. Qolgan yoʻlovchilar bir-biri bilan ovora. Yoʻlakda poyezd xizmatchisi patnis koʻtarib, yoʻlovchilar uchun qahva tashib yuribdi.

— Toshkent poyezdga qachon yetib kelarkin? -dedi yana oʻsha ovoz sal oʻtib va roʻparamdagi boʻsh oʻrindiqda uning sohibi- sochlari pahmoq, moʻylabi tarashlanmagan, yuzi ajinlar sabab burishib ketgan, kulrang paltosiga oʻrangan, eski urfdagi shlyapa kiygan keksa amaki paydo boʻldi. Osmondan tushdimi yo yer ostidanmi-bilmayman. Men tomonga qarab jilmayib qoʻydi.

— Albert Eynshteyn, - dedi oʻzini tanishtirib menga qoʻlini choʻzarkan.

— Sherzod Ortiqov, - dedim u bilan ikkilangan koʻyi qoʻl berib koʻrishgach.

— Bir finjon qahvaga nima deysiz?

— Mayli…

U yoʻlak boshida turgan xizmatchiga ikkita qahva buyurtma berdi.

— Toshkent poyezdga tezroq yetib kelsa zoʻr ish boʻlardi, -deb qoʻydi shundan soʻng qoʻllarini bir-biriga ishqalab.

— “Nisbiylik nazariyasi”mi bu? -soʻradim nihoyat uning gaplarini magʻzini chaqqandek boʻlib.

— Ziyrak ekansiz, -dedi u yana jilmayarkan. -Benihoya ziyrak!

Men koʻzlarimni yumgancha puflab-puflab xizmatchi olib kelgan qahvadan icha boshladim. U  qahvasiga lablarini sal tekkizib qoʻyib, finjonni stol ustiga qoʻydi-da:

— Adabiyot oʻladimi? -dedi menga oʻsmoqchilab.

— Nima? -dedim tomdan tarasha tushgandek berilgan bu savoldan esim ogʻay deb.

— Bu savolni koʻpchilikka berarkansiz, -dedi u menga sinashta nigoh tashlab. -Doʻstlaringizga, yozuvchilarga, shoirlarga… Uni oʻrtaga tashlab, duch kelgan kishining qonini icharkansiz. Sizga bir olim sifatida emas, oddiy inson sifatida shuni aytishim mumkinki, adabiyot hech qachon oʻlmaydi. Doʻstim, shunday. U oʻlmaydi! Yer yuzida odamzod yasharkan, adabiyot ham u bilan uzviylikda nafas olishdan  toʻxtamaydi.

Qahvamni oxirigacha ichib boʻlgach, finjonni stol ustiga qoʻyishga shoshilmadim. Uni kaftimda anchagacha tutib, xayol surib qoldim. Eynshteynning adabiyot haqida bildirgan fikri oʻylantirdi. Shuningdek, ogʻir feʼl-atvorimdan uning ham xabardor ekani menga sal gʻalati tuyuldi. Oldida xijolat boʻldim. 

— Adabiyot menga koʻp narsa bergan, -soʻz boshladi u bir oz oʻtib, yuziga jiddiy tus berarkan. -Aniq esimda. Yigirmanchi asr boshlarida “nisbiylik nazariyasi”ni yaratish jarayonida Gaussning nazariy yoki Maksvellning amaliy ishlarini oʻrganishdan koʻra unga koʻproq murojaat qilganman. Matematika va fizikaga oid asarlarga qaraganda Servantes qalamiga mansub “Don Kixot” asari nazariyamni yaratishimda muhim rol oʻynagan. Fizika oʻrganadigan jismlar  xuddi adabiyot oʻrganadigan odamlarga oʻxshash, ular oʻrtasida hatto nisbiylikda bogʻliqlik bor. Buni koʻpchilik tushunmaydi, olimlar oʻzlaricha inkor qilishadi. Aslida sen jismlar dinamikasini tahlil qilarkansan, bevosita shu borliqdagi odamlar va ularning dinamikasiga ham eʼtibor qaratishga majbur boʻlasan.

 Sizga aytsam, Don Kixot- nisbiy nazariyotchi. Chin maʼnoda shunday. Romanda shunaqa sahna bor: unda qoʻylar podasi Don Kixotning koʻziga bir gala ritsarlar boʻlib koʻrinadi. Toʻgʻrimi? Adashmayapmanmi? Yoki zodagonni vino toʻldirilgan bochkaga oʻxshatib, chol u bilan jang qiladi. Oʻsha asarda yana shunga oʻxshash bir qancha antiqa sahnalar uchraydi. Oddiy oʻquvchi bularga eʼtibor bermay, syujet ketidan quvadi. Sinchkovi esa ularda nisbiylik unsurlarini ilgʻaydi. Servantes qoʻylar podasi orqali oʻsha davrdagi fikrlashdan mahrum boʻlgan, oʻz fikriga ega boʻlmagan, xoʻjayinlari buyruqlariga koʻr-koʻrona itoat etgan ritsarlarga nisbat bergan yoki vino bochkasi misolida shu yumaloq bochka kabi vujudida vinodan boʻlak  hech nima boʻlmagan maishatparast zodagonlarga. Mana, mening nazariyam aslida qayerdan olingan. Gaussning zerikarli tenglama— yu formulalari yoki Maksvellning ilmiy-nazariy maqolalaridan emas, adabiyotdan. Qisman boʻlsa-da, shunday.

U qahvasini qoʻliga olib, bu gal uni oxirgi tomchisiga qadar ichib tugatdi. Bu ishni nihoyalagach, dastroʻmoli bilan lablarini artib qoʻydi. Men boʻsh turgan finjonni toʻntarib qoʻyib, undan kuldon sifatida foydalanib sigaret cheka boshladim. Poyezd dovonga yetib kelgandi.

— Umrimning soʻnggi yillarini AQSHda oʻtkazdim, -davom etdi u.  -Prinston universitetida fizikadan dars berdim. Shu yillar davomida adabiyotga murojaatim yanayam oshdi. Yoshlik va kamolotga toʻlgan yillarimda u nazariyamni yaratishimga munosib hissa qoʻshgan boʻlsa, umrim namozshom paytiga yaqinlashgan chogʻda taskin beruvchi vosita sifatida unga ehtiyojim ortdi.
Biz katoliklarda cherkovimizdagi yonma-yon joylashgan yopiq hujralarda ruhoniyga tavba-tazarru qilish odati bor. Agar taʼbir joiz boʻlsa, umrim yakunida adabiyot men uchun shu cherkovdagi ruhoniydek boʻlib qoldi. U har safar menga maʼnaviy ozuqa berishdan koʻra ham chokidan sirtilib ketgan yuragimga taskin berar va uni zalvorli yuki bilan ogʻritayotgan vijdon azobiga malham boʻlardi.
 Soʻrashingiz mumkin, fizik olimda vijdon azobi nima qilsin deb. Eng koʻp vijdon azobi -menda. Agar adabiyot boʻlmaganida, Tangri jonimni olishini kutib oʻtirmay, allaqachon peshonamga toʻpponcha tirab, oʻzimni otib tashlagan boʻlardim. Vijdon azobi bir umr meni taʼqib etib keldi, yillar davomida toʻplanib-toʻplanib, oxiri togʻdek uyumga aylandi.

Uni ilk marta qachon his qilganimni yaxshi eslayman. Bu “nisbiylik nazariyasi”ni yaratganimdan soʻng roʻy bergandi. Oʻshanda fransuz olimi Puankare ham hech menikidan qolishmaydigan oʻz izlanishlari bilan bu nazariyaga juda yaqin kelgan, shu mavzuda bir qancha maqolalar yozib, ularni ilmiy jurnallarda chop ettirgandi. Lekin taqdir taqozosi bilan fan olamida uning yaratuvchisi men boʻldim. Fan koʻplab shov-shuvli bahs- munozaralarga ahamiyat bermay, faqat mening izlanishlarimni birlamchi sifatida tan oldi.

Aslida, uning yaratuvchilari sifatida Puankare ikkimizning nomimiz tilga olinishi zarur edi. 1922 yili shved akademiklari menga Nobel mukofotini berishganida, shuning uchun atayin Stokgolmga bormadim, boisi Puankare koʻz oldimdan ketmadi. Shvedlar ham bu bahsdan xabardor edilar. Shuning uchun qoʻmita oʻz akademigi Kristofer Aurivillius boshchiligida olovga moy sepishni istamay, Nobel mukofotini nisbiylik nazariyasi uchun emas, fotoeffektlar yoʻnalishidagi kashfiyotim uchun berilganini matbuotda ommaga eʼlon qildi. Ammo odamlarni, ayniqsa fan odamlarini bu yoʻsinda aldab boʻlmasdi. “Nisbiylik nazariyasi” yaratilmaganida, bu mukofotni menga hech qachon berishmasdi. Buni yosh bola ham bilardi. Shunga boʻlsa kerak keksaygunimcha oʻsha mukofotni yuragim qabul qilmadi. Shu— shu shaxsiy buyumlarim orasida Nobelning tilla medali yoki diplomiga tasodifan koʻzim tushib qolsa, qoʻl tekkizmas, ularga qaraganim sari Puankareni oʻylab yuragim siqilar, vijdon azobidan oʻzimni qoʻyarga joy topa olmay qolardim. 

1929 yilda Lenin haqida matbuotda chiqish qildim. Uning insonparvar dohiy boʻlganligiga, u qurgan sotsializm insonlar orzu-umidlarini roʻyobga chiqaruvchi kuch, gumanistik dastakligiga butun Ovroʻponi ishontirdim. Oʻsha maqolam juda ham uzun, hech bir kommunistning publitsistik asaridan qolishmaydigan sifat va saviyada boʻlib, qolaversa obroʻyim uning qiymatini bir necha baravarga oshirardi. Ammo 1937— 1938 yillarda dohiyning merosxoʻri Stalin tomonidan shoʻrolar yurtida olib borilgan qonli qatagʻonlar haqida eshitgach, yuragimni changalladim. Ming-minglab ziyolilar u yerda yoʻq qilingani meni karaxt ahvolga solib qoʻydi. Beixtiyor lablarimni tishladim, qoʻllarim qaltirab, oʻsha yozgan maqolam nashr qilingan gazetani maydalab yirtib tashladim. Bir necha oy ruhiy oʻradan chiqolmay yashadim. Keyinroq maʼlum boʻlishicha, qonxoʻrlik va odamlarni aldash yoʻlida Lenin ham Stalindan farq qilmagan, shunchaki bolsheviklar undan ideal koʻrinishdagi paygʻambar qiyofasini yasashgan ekan.

Poyezd dovon boʻylab ketayotganida togʻlarni qoplagan qorlarga erinib qarab qoʻydim. Eynshteyn mendan farqli ravishda ularga qiziqib boqardi. Oraga bir muddat choʻkkan sukunat shu qorli togʻlarga poyezd yanayam yaqinlashguncha choʻzildi.

— Vijdon azobi kundan kunga ortib borardi. 1933 yilda natsistlar tepasiga Gitler kelgach, Germaniyani tark etdim. U yerda barcha kutubxonalardagi kitoblarimni bitta ham qoldirmay yoqib yuborishdi. Shveysariyada bir yilcha turib, ummon orqali AQSHga keldim. “Oq uy” da Amerika prezidenti Franklin Ruzvelt bilan uchrashdim. U meni yaxshi kutib oldi, uchrashuvimiz davomida menga iliq munosabatda boʻldi. Ikki kun mehmon qildi. Shu tariqa “Oq uy” ning doimiy va faxriy mehmoniga aylandim. Prezident bilan oʻrtamizda doʻstlik rishtalari oʻrnatildi. Buning samarasi oʻlaroq, ikkinchi jahon urushi boshida unga maktub yoʻlladim. 1939 yilda yoʻllagan maktubimda fyurer boshchiligidagi Germaniya yadro bombasi yaratish uchun jiddiy kurashga kirishganini, Ruzvelt hukumati bunga dolzarb masala sifatida qarashi lozimligini, kechiktirmasdan tez muddatda oʻz yadro bombasini yaratish uchun muayyan dastur ishlab chiqishi maqsadga muvofiq boʻlishini taʼkidlab, loyihada maslahatlarim bilan ishtirok etishga tayyorligimni yetkazdim. Oradan hech qancha oʻtmay, AQSH Ruzvelt boshchiligida oʻz yadro bombasini yaratdi. Garchi men bu loyihada bevosita ishtirok etmagan boʻlsam— da, uning amalga oshishi uchun doimiy ravishda nazariy bilimim va maslahatimni ayamadim.

1945 yili Ruzvelt sirli ravishda vafot etgach, hukumat tepasiga Trumen keldi. Oʻsha yili avgustda Yaponiyadagi ikkita shaharga u yadro bombasini tashlashga buyruq berganida, bu loyihaning butun dahshatini oʻz koʻzlarim bilan koʻrdim va shu tarzda ogʻir aybdorlik hissi ortiq menga tinchlik bermay qoʻydi. Bu hayotimning eng katta fojeasi boʻldi (ikkinchi jahon urushi oʻzi shundoq ham meni vijdon azobiga toʻla-toʻkis tashlab boʻlgandi. U boshlanganida oʻz patsifistik qarashlarimni deb Germaniyada qolgan doʻstim va safdoshim, fan arbobi Maks Plankni natsistlarning malayiga aylanganlikda ayblab, undan yuz oʻgirgandim. Singillarim Lina va Berta peshonalariga yahudiy tamgʻasi yopishtirilib, konslagerlarda hayot bilan vidolashayotgan bir paytda, men bundan bexabar Amerikadagi universitetda maʼruza oʻqish bilan band boʻlgandim).

Oʻsha kezlari vijdon azobidan qayerga qochishni, qanday qutulishni bilmasdim. Ishonasizmi, oʻz jonimga qasd qilishga bir necha marta urindim. Boʻlmadi. Negadir oʻlgim kelmadi. Toʻgʻrirogʻi, bu savollarga -vijdonim roʻparamga koʻndalang qoʻygan savollarga javob topolmay oʻlib ketishni istamadim. Shu yerda qarshimdan yana adabiyot chiqdi. Tolstoy va Dostoyevskiy… Ularning asarlari umrim nihoyasida kamina eng koʻp murojaat qilgan kitoblar edi. Umrim bino boʻlganidan beri matematika yoki fizikaga oid biror bir ilmiy asarni ikki marta oʻqiganimni eslolmayman. Ammo “Tirilish” , “Jinoyat va Jazo”, “Aka-uka Karamazovlar”ni  besh-olti martadan qayta oʻqib chiqdim.

Ularni oʻqiy boshlagach, oʻzimda beixtiyor yengillikni sezardim. Insoniyat oldidagi katta-yu kichik gunohlarim yuvilayotgan boʻlmasa- da, har holda oʻz mudhish xatolarim uchun chin dildan afsuslanib, yuragim kuchli magʻfirat ilinjida ura boshlardi. Raskolnikov fojeasi, Nexlyudov iztiroblari yoki Karamazovlar olami qaysidir maʼnoda mening fojeam, iztiroblarim va olamimga oʻxshashib ketardi. Buni yanayam chuqurroq anglash va oʻzim uchun bir ifodaga solish maqsadida asarlarni yana oʻqir, natijada har gal mutolaa jarayoni yakuniga yetgach, oʻzimni gunohlardan forigʻ holda qayta tugʻilgandek his qilardim. Ularni oʻqirkanman, vijdon azobi ham sekin-asta meni azoblashdan toʻxtab, yillar davomida zalvorli yukdan charchagan zaif yuragim halovat topib borardi. Shunday lahzalarda Dostoyevskiyning kitobini bagʻrimga bosib, Puankaredan xayolan kechirim soʻrasam, Tolstoyning kitobini koʻzimga surtib, yadro bombasi loyihasini faqatgina tinchlik yoʻlida ishlatilishi uchun qoʻllab-quvvatlaganimni vijdonimga koʻzlarimda yosh bilan tushuntirardim.

Oʻylab koʻring -a, adabiyot oʻlsa nima boʻladi? Odamlar tushkunlikka tushgan onlari yoki vijdonlari azobda qolgan damda nimadan taskin-tasalli olishadi?  Bir-biri bilan necha asrlardan beri chiqishmaydigan, hatto har biri turli ichki mazhablarga boʻlinib, oʻzaro nizolardan boshi chiqmaydigan  dinlar va ularning ongi past, munofiq ruhoniylardanmi? Yo boʻlmasa aniq yoki tabiiy fanlar erishgan kashfiyotlardanmi?  Nyuton qonuni, Volta kashfiyoti, Edison lampochkalari, akademik Pavlov reflekslari, Aleksandr Bell telefoni, Aka- uka Raytlar aeroplani, Genri Ford mashinalari tushkunlikka botgan va vijdon azobida qovrilayotgan inson zotiga qanday taskin-tasalli berish xususiyatiga ega? Yoʻq, adabiyot kerak baribir! Siz yashayotgan yigirma birinchi asrda ham, yigirma ikkinchi asrda ham albatta, unga ehtiyoj topiladi!

U gapirar, men eshitardim. Sigaretni  yarmigacha chekib, xizmatchining “iltimos, chekmang” degan gapi tufayli qoʻlbola kuldonga tashlab qoʻygandim. Bir payt Eynshteyn roʻparamdan yoʻqolib, koʻzga koʻrinmay qoldi. Oʻrindiq boʻsh xuvillab turardi. Uni axtarib vagonning har bir burchagiga qarab chiqdim. Ammo u koʻrinmadi. Shunda uning arvohi bilan suhbatlashganimga oʻzimni ishontirdim. Poyezd dovonni ortda qoldirgan paytda uyqum keldi va mizgʻish uchun oʻrindiqqa yaxshiroq joylashib oldim. Qancha fursatga koʻzim ilinganini bilmayman. Uygʻonganimda qarshimdagi bolalik ayol bolasini uchinchi marta emizish bilan ovora, mendan sirayam uyalmas, parvoyi falak oʻtirar, uning oyogʻi ostida qandaydir oq-qora rangdagi fotosurat yotardi. Suratni qoʻlimga oldim. Bu Eynshteynning surati edi. Uning changini qoqdim-da, ayolga yuzlandim.

— Surat siznikimi?

— Nega meniki boʻlarkan? -dedi u yuza qismi ochilgan koʻkragini yashirishni ham oʻylamay norozi bir qiyofada. -Menimcha, yonimda oʻtirib kelgan oʻqituvchining portfelidan tushib qolgan. U siz chiqqan bekatda tushgandi.

Suratni jimgina qoʻlimda ushlab ketdim. Qaytib-qaytib tomosha qildim. Jilmaydim, xoʻrsindim, yutindim… Toshkentga yetib kelgach, uning old qismini tashqariga qaratib, deraza oynasiga mahkam qistirib qoʻydim. Vagondan tushib perron boʻylab ketarkanman, u tomonga bir-ikki koʻz qirimni tashladim. Koʻchaga chiqishdan oldin esa u bilan xayolan xayrlashdim. U ham xayrlashdi.

— Xayr, Albert Eynshteyn!

— Xayr, Sherzod Ortiqov!  



2020 yil, aprel.  Margʻilon