Oyog’imda yeru boshimda osmon

chirpirab-chirpirab aylanib ketdi,
bugun lablarimda qolmadi armon,
bugun ohu nolam samoga yetdi,
bugun ohu nolam barnoga yetdi.

Qani, nima uchun turibsiz qarab,
boshlang «Rohat» kuyin, boshlang, mashshoqlar,
boshlang «Ushshoq»larni, hofizlar, yayrab,
bugun ohu nolam samoga yetdi,
bugun ohu nolam barnoga yetdi.

Hey, bog’bon, bog’larning atrini tarat,
bulbullar, sa’valar — kushlarni sayrat,
rayhonlar, gullardan yo’llarni yasat,
bugun ohu nolam samoga yetdi,
bugun ohu nolam barnoga yetdi.

Bugun belgilansin bayram oyini,
bugun mayparastlar ichsin mayini,
bugun menga bersin shohlar joyini,
bugun ohu nolam samoga yetdi,
bugun ohu nolam barnoga yetdi.

Poyandoz to’shalsin oykulcham uchun,
sochqilar sochilsin boshidan bugun,
mushaklar otilsin, gulxan yoqilsin,
bugun ohu nolam samoga yetdi,
bugun ohu nolam barnoga yetdi.

Bugun lablarimda asal toti bor,
bugun lablarimda qiz novvoti bor,
bugun lablarimda qolmadi armon,
bugun ohu nolam samoga yetdi,
bugun ohu nolam barnoga yetdi.