Suzgil ey, 
Mudragan moziyni chayqat, 
Elt bizni najotga, Nuhning kemasi! 
Feruzdan, Munisdan, Ogahiydan ayt, 
Ey turkiy tilimning tirik shevasi!

Ey, jo‘mard bobolar tiklagan bino, 
Fozillar silagan naqshinkor sutun, 
Pahlavon Mahmudlar simirgan havo, 
Ey, dunyo ahliga murabbiy budun, 
Nihoyat, menga ham etibdir nasib
Bir tutum tuprog‘-u, bir yutum suving! 
Ey, harir sabolar, satrimda esib, 
Dag’allik uniqqan fe’limni yuving...
Nechuk o‘rtamizda ijtinob, kadar?!
Xiva, 
devoringdan  sukut o‘qirdim. 
O‘ttiz uch zinadan yelkangga qadar
Vazmin borarkanman, tasbeh o‘girdim...

O‘ylasam, yashabmiz faqat gap sotib,
A’yonlarga huquq, 
xonlarga qulluq... 
Sal kengroq bo‘lmabmiz, buning isboti – 
Ho‘v Kalta Minorning cho‘girmasi yo‘q!..
Ammo sen muhtasham, mangu badavlat,
Boshingda zargaron tahsin elaklar.
Hamonam nuroniy ko‘changda savlat, 
Hamonam imonda shotutyuraklar...

Suzgil ey, 
Mudragan moziyni chayqat, 
Elt bizni najotga, Nuhning kemasi! 
Feruzdan, Munisdan, Ogahiydan ayt, 
Ey turkiy tilimning tirik shevasi!