“Agar tangrim meni lattali qoʻgʻirchoq tarzida koʻrib bir lahzagina men haqimda unutganda va menga ozgina hayot tiriklik onlarini tuhfa etganda edi, ayni paytda tilga olayotganlarim haqida koʻproq xayol surgan boʻlardim. Narsalarning qancha turishiga qarab emas, maʼno-mazmuniga qarab baholardim. Kamroq  uxlagan, koʻproq orzu qilib, yumuq koʻzlarimda dunyoni kashf etardim.”*

Bu satrlarga shahar markaziy kasalxonasining xirurgiya boʻlimida yotganimda koʻzim tushgandi. Oʻshanda davomiy oshqozon ogʻrigʻidan azob chekib, kun boʻyi temir karavotga mixlanib yotarkanman, ogʻriqning zoʻridan koʻz oldim qorongʻulashib ketgandek tuyulib hatto koʻzlarimni ochmasdim. Ovqat yeganimda ogʻiz boʻshligʻimdan misning taʼmini bildiruvchi achqimtir hid kelar, koʻnglim kuniga ikki-uch marta aynib, toʻxtovsiz qayt qilardim.

Bir kuni onam menga zarur narsalar bilan birga sevimli gazetamning navbatdagi sonini olib keldi. Buni koʻrib xursand boʻlib ketdim. Gazetani darrov qoʻlimga oldim. Ochigʻi, davriy nashrlar ichida birgina shu gazetani oʻqir, boshqa adabiy gazetalarga mana necha yilki, qiziqish bildirmasdim.

Gazetaning ikkinchi betida sevimli adiblarimdan biri Markesning suratiga koʻzim tushdi. Birorta hikoyasi bosilibdi-da, deb oʻyladim dastlab. Yoʻq, hikoyasi emasdi. Picha oʻtib, bunga amin boʻldim. Uning oq-qora surati yonida “Xayrlashuv maktubi” deb nomlangan sarlavha katta harflar bilan oʻquvchini oʻziga jalb qilib turardi.

Adabiyot olamida Markes oʻlimi oldidan yozgan deb taxmin qilingan bu maktubni oʻshanda bir nafasda oʻqib chiqqandim. Bu maktub shunisi bilan men uchun ahamiyatli ediki, uni oʻzining fusunkor realizmi bilan tillarda doston boʻlgan Markes emas, xuddi men oʻzim yozgandek tuyular, uning har bitta satri yuragimga shunchalar yaqin ediki, goʻyo ichimdan otilib chiqayotgan nido, alam, faryod bir boʻlib, maktubga mahorat bilan terilgan soʻzlarga aylanib qolgandek edi.

“Kimlardir oyoqlarini yurishdan tiyganda men toʻxtovsiz qadam urgan, boshqalar uxlaganda uygʻongan, oʻzgalar gapirganda jim turib quloq solgan boʻlardim.

Agar Parvardigor menga bir ozgina hayot tuhfa etganda edi, odmi kiyingan, jismimniga emas, koʻnglimni ham toʻq qilib, ilk quyosh nurlari bilan birga oʻrnimdan turardim”.

Chunki, bu fikrlarga mazkur maktubni oʻqishimdan ancha oldin — hastalik sabab toʻshakka mixlanib qolganimda va tinimsiz zerikarli ,bir tiyinga qimmat davolanish kurslarini oʻtash jarayonlarida ruhim choʻkkan onlar kelib ulgurgandim. Maktub gazeta ustunidan turib oʻsha kezlaridagi umidsizlik,  vijdon azobi va nadomat hissi bilan qorishib ketgan tavba-tazarrularimni  takrorlar, esimga solar, qalqitib yuzaga chiqarardi.

Darhaqiqat, shu soʻnggi davolanish jarayonida kun boʻyi aqalli joyidan siljimaydigan karavotimda yotarkanman, oʻzim va tegramdagi voqea-hodisalar va odamlar haqida, hozirgi kunim va kelajagim oʻrtasidagi uzilgan bogʻliqlik-u tobora avj olib borayotgan mavhumlik borasida yanada koʻp fikr qilar, shunda toʻsatdan oʻrnimdan turib yalangoyoq boʻlsa-da, charchab ketguncha yurgim, yosh boladek koʻcha changitib chopqillaganim kelardi. Boshqalar uxlaganda mening qizarib ketgan, birovga maʼnosiz qarashni odat qilgan koʻzlarim ilinmas, tonggacha shu taxlitda shiftga qarab bezovta oʻylar orasida oyparast kabi parishon yotardim. Ota-onammi, vrachmi, hamshirami — kim menga gapirmasin ularga nuqul eʼtiroz bildirar, goho ogʻzimga talqon solgandek shunchaki javob qaytarmas, goho piching qilib kinoya qilar, buning aksini qilishga urinsam-da, alamzadalik sabab bu hech qoʻlimdan kelmasdi.

 Koʻz oldimdan esa hastaligimdan oldin oʻzimga bino qoʻyib, eng soʻnggi urf boʻyicha va soch turmagimga alohida eʼtibor bilan kiyinganlarim, jahon adabiyotini mutolaa qilish hayotimning ajralmas qismi boʻlgani uchun har kuni Molyer, Russo, Balzak, Gyugo, Sveygning hozirgi kunda birov oʻqimaydigan asarlari bilan boshimni maʼlumotlarga liq toʻldirib, yarim kechadagina oʻrnimga yotib, quyosh allaqachon oʻz yotogʻidan koʻtarilganidan keyin uyqusirab oʻrnimdan turganlarim ketmasdi.

“Yo Parvardigorim, agar mening yana jindakkina vaqtim boʻlganda edi, nafratimni muzga kishanlab, quyoshning jamoli yuz koʻrsatishini intiqib kutardim. Van Gog kabi yulduzlar soyasida rasm chizgan, Benedetti sheʼrlarini oʻqib orzu qilgan, Serra kuylari mening oyli serenadamga aylanardi”.

Bu satrlarni oʻqiganimda koʻkragim ostidagi yuragimda uygʻongan achchiq iqror sabab qiynalardim, lahza oʻtib uning atrofiga kimdir oʻt chaqib yoqib yuborgandek boʻlar, bu olov ichida u jizgʻanak boʻlib mitti alanga taratib kuyib kul boʻlardi.

Bu achchiq iqror shu ediki, meni toʻshakka mixlagan tokchada rentgen surati turgan oshqozon yarasi emas, aslida yuragimdagi bitmas-tuganmas, oʻlikdek sovuq nafrat edi. Uni biror marta boʻlsin hafsala bilan jilovlay olmaganim, doim ragʻbatlantirganim , atrofimdagi deyarli barchadan nafratlanganim, ularga baravar achchiq qilib yashaganim uchun bugun toʻshakda chalajon ahvolda yotardim. Markes mening shu oʻzi bilan birga ulkan afsusni yetaklab kelgan jiddiy qusurimni tutantiriqqa ham yaramaydigan gazeta qogʻoziga bostirilgan maktubi orqali goʻyo oʻzimga bir oyna sifatida tutayotgandi.

 Har kuni uch mahaldan farmatsevtlarni boyitayotgan dori-darmonlarni aftimni bujmaytirib icharkanman, koʻkarib ketgan tomirimdan shpris orqali kimyoviy suyuqlik qabul qilarkanman, qoʻpolligimdan bezigan shoʻrlik hamshiraning xurkak nigohlarini va titrayotgan bilagini kuzatarkanman, tanamni muzlatishdan boshqa narsaga yaramagan nafratimni kishanlashni oʻylar, undan qutulishning yoʻllarini toʻrt tomonga qaragancha nigohim javdirab axtarardim. Ketidan esa sogʻayib oyoqqa turishim bilan, birinchi navbatda Toshkentdagi Yeseninning uy- muzeyiga borishni, Milliy akademik drama teatrida spektakl tomosha qilishni, anchadan beri oʻzim bormay qoʻygan kitob doʻkoniga borib Kortasar yoki Kavabataning kitoblarini xarid qilishni niyat qilardim. Markes maktubi orqali goʻyo shu oʻy va niyatlarimdan xabardor kishidek gapirardi.

“Biru borim mening, men yana ozgina, bir ozgina yashashim mumkin boʻlganda edi… men sevgan insonlarimga ularni sevishimni aytishni kanda qilmagan boʻlardim. Har bir erkak va har bir ayolni ularni sevishimga ishontirar, muhabbatning ichida muhabbat bilan nafas olardim”.

Men oʻylardim: Agar vrach yonimga kirib, Sherzod Ortiqov, siz ertaga butunlay tuzalib, vujudingizni kemirayotgan darddan forigʻ boʻlasiz desa qanday holatga tushardim. Menimcha, oʻshanda uniyam, yonidagi assistentini ham, shprisda tomirimga suyuqlik yuboradigan hamshirani ham, hatto doim yoʻlakni supuradigan farroshni ham — hamma hammani bagʻrimga bosib, ularni judayam yaxshi koʻrishimni aytgan boʻlardim. Nafaqat ularni, balki ota-onam, opa-singlim, sevgan ayolim, doʻstlarimni ham har biriga alohida yuzlanib, tutilmasdan, kerak boʻlsa oʻzim yomon koʻradigan pafosli kayfiyatda  sevishimni aytgan, bir umr ulardan qizgʻongan shu muqaddas tuygʻuni ularga qaynoq holda tutgan boʻlardim.

“Odam qarigan sari sevishdan toʻxtaydi, degan fikrlar naqadar notoʻgʻri ekanini isbot qilardim. Aksincha ular sevishdan toʻxtaganlari uchun qariydilar. Qariyalarga oʻlim qarilik oqibatida emas, beparvolik sabab qadam ranjida qilishini aytardim”.

Men sevishdan toʻxtaganim uchun, aniqrogʻi nafratga yuragimdan hududsiz joy ajratganim uchun bevaqt qarigan, qirq yoshga kirmasimdan sochlarimga oq oralagan, chidab boʻlmas darajada jizzaki va asabiy boʻlib qolgandim. Boʻsagʻada endilikda har kuni tongdan oqshomgacha menga tirjayib, kayfiyatimga rahna solib turadigan ajal ham yoshim oʻta boshlagani uchun emas, aynan sevishdan toʻxtaganim uchun meni iskanjasiga olib, kunpayakun qilishga shay turgandek boʻlar, buni xayol qilsam baʼzida qoʻrqib ketardim.

Maktubni bir marta oʻqimadim. Yetti marta oʻqidim. Uni oshqozonimda bir maromda kechayotgan ogʻriq bilan har safar oʻqib tugatganimda, bir-biriga oʻxshamagan turfa xil hislar meni qamrab oldi. Yettinchi marta uni oʻqiganimda negadir koʻzlarim yengil namlandi. Oʻsha kuni uxlolmadim. Koʻzim tongga borib arang ilindi. Lekin, darrov uygʻondim. Koʻzimni ochganimda gazeta polga tushib ketgan, unga qoʻshilib koʻnglim ayniganida ogʻzimga tutayotgan shoyi dastroʻmol ham polda yotardi.

 Men ularga koʻp emas, bir qur eʼtiborimni qaratdim. Boisi, havorang pardalari yarim ochiq turgan derazadan tushayotgan quyoshning zarrin nurlariga koʻzim tushdi. Quyosh endigina oʻz oʻrnidan koʻtarilayotgandi. Demak, u bilan birga uygʻonibman, dedim xursand boʻlib va oʻrnimdan ehtiyot boʻlib turib deraza oldiga keldim. U yerda ancha fursat koʻzlarimni yumib turdim va shu asnoda quyoshning iliq taftini his qilgandek, xiyol entikdim.

Atrofga doimgidek musaffo tong otayotgan, yaratgan egam umrimni yana bir kunga uzaytirgandi. Maktubni oʻqiganimdan soʻng bu, yaʼni tong otganda tirik ekanim menga oʻzgacha taʼsir qilar, bunda bir ulugʻ hikmat koʻryapman desam erish tuyulsa-da, mittigina imkon koʻrayotganim rost edi.  

Tevarak-atrof oʻzgacha chiroy kasb etgan, xar bir burchakdan quyoshning tovlanayotgan nurlari ostida avgust hukmronlik qilayotgan tabiatning tobora kuzga talpinayotgan havosi kezar, kasalxona hovlisidagi mevalari gʻarq pishgan daraxtlardan taralayotgan xar xil iforlar derazaning ochiq oynalaridan mayinlik bilan xonaga taralib, xonaning shift va devorlariga oʻrnashib qolayotgandek taasurot qoldirardi.

Ana oʻrik daraxti. Toʻqqizinchi qavatdan boʻlsa-da, uni boshqa daraxtlardan ajrata olyapman. Uni gʻoʻrligida mevasini tuzga botirib isteʼmol qilish naqadar totli… Oldin kimdir likopchada uni menga tutsa ogʻzimga olish tugul, rad qilib peshonamni tirishtirardim. Hozir jon derdim, bir marta boʻlsin tatirdim… Ana, gilos daraxti. Iyunning boshida pishgan mevalari tugab ulgurgan. Bolalik paytimda churvaqa oʻrtoqlarim uning mevasini boʻshagan limonad shisha idishining ichiga solib, ingichka tayoq yordamida ezishar, soʻng suvini ichishardi. Buni mening taʼbim tortmasdi umuman, lekin hozir ikkilanmay shunday qilgan boʻlardim. Uning yonidagi adashmasam, olma daraxti boʻlsa kerak. Uniyam mevalari tugab ulguribdi. Yaqingacha ham uyda yo mehmondorchilikda stol ustidagi chinni, billur idishda olmalarni koʻrsam, ularni qoʻlimga olishim bilan atrofini tekshirib koʻrar, mabodo chetida sal zaxlangan qismi boʻlsayam,  uni isteʼmol qilmay, joyiga qaytarib tashlab qoʻyardim. Oʻsha zaxlangan qismini pichoq yordamida olib tashlansa, shirasi oʻzgarmasligini yaxshi bilsam-da… Endi-chi, deraza oldida kecha onam olib kelgan olmani atrofiga qaramay, hatto yuvmay, tishlab chaynardim.

Kasalxona katta yoʻlning boʻyida qad rostlagandi. Katta yoʻldan oʻtayotgan mashinalar, avtobuslar bir-birini quvlar, yuzma- yuz kelganda bir-birini qiyalab oʻtar, ularning atrofidagi piyodalar yoʻlagida  ulardan qolishmagan tarzda shoshilib ketayotgan odamlar toʻqqizinchi qavatdan maydaroq boʻlib koʻrinishardi.

Eng qizigʻi, mashinalar piyodalar oʻtish yoʻlakchasiga umuman toʻxtashmas, uning chetida bolalar ham, kattalar ham, qariyalar ham nima qilishini bilmay turishar yoki amallab yoʻlning narigi tarafiga oʻtishardi. Bu mashinalarning rangi ham, markasi ham, hatto davlat raqami ham goʻyo meniki bilan bir xil edi.

Avtobuslarga qarasam-chi, koʻz oldimda ularning bir xil mato qoplangan oʻrindiqlardan iborat tanish ichki qismi gavdalanar, ana oʻsha oʻrindiqlardan birida qulogʻiga quloqchin taqib, roʻparasida tik turgan holatda ketayotgan nafaqadagi moʻysafid yonida musiqa eshitib ketayotgan, quyib qoʻygandek yoshligimdagi koʻrinishimni eslatuvchi yigitlarni aniq-tiniq koʻrardim.

Shunda turib-turib oʻzimni toʻqqizinchi qavatda pastga tashlab yuborgim, uchib borib mashinamning ichiga tushib uni oʻt oldirgim, soʻng yuqoridagi oʻsha yoʻlak qarshisida yigirma toʻrt soat, oʻtayotgan odamlarga tabassum ulashgancha qotib turgim kelar yoki avtobusga chipta olib, unga chiqayotganimda quloqchinimni oyoq ostiga tashlab bosgim, avtobus ichida esa kerak boʻlsa ellik marta yoshi kattalarga oʻrin boʻshatgim kelardi.

Kasalxonaga kelgan kunimdan beri tushlik paytida ozgina mizgʻib olardim. Ammo bu gal boshimni yostiqqa qoʻygim kelmadi. Derazaning oldidan ketmay turaverdim. Qoʻlimda bir chetidan tishlangan olma, uning yonida zanglagan pichoq, cheti uchgan choynak va ikkita ichi qorayib ketgan piyola turar, bu manzara qanchalik oddiy boʻlmasin, orzu qilishimga xalal bermasdi.

Men oxirgi paytlarda hatto orzu qilishni ham unutgandim. Shunga ilk daqiqalarda orzularga berilishga, orzu qilishga oʻlgudek choʻchidim. Biroq borgan sayin yerni qizdirayotgan mehribon quyoshga boshimni koʻtarib pesh turarkanman, oppoq orzularning cheksiz ummonida oʻzimni boʻsh qoʻyib, qayiqdek chayqalib-chayqalib keta boshladim.

Tuzalib kasalxonadan chiqqach, roman yozishni orzu qildim. Xuddi Tolstoyning “Anna Karenina” yoki Balzakning “Boy berilgan xomxayollar” romanlaridek qoʻlma-qoʻl boʻlib oʻqiladigan, pishiq-puxta roman. Nazdimda, u shunchalar ajoyib boʻlardiki, hech bir nashriyot rad eta olmas, adabiy muhit esa oʻzining qolipiga tushmasa-da kompozitsiya va strukturasini koʻrib uni tanqid qilishga shunchaki yuragi betlamasdi.

Bundan tashqari, adabiy muhit meni — men uslub sifatida xush koʻradigan tanqidiy realizm janrini qabul qilmasa-da tinch qoʻyishini, ularga oʻxshashga ming  harakat qilsam-da buning aksi boʻlayotganidan, ulardek milliy ruh va kolorit ustun boʻlgan, chiroyli matn tuzilib oʻzbek izohli lugʻatida uchraydigan soʻzlardan tarkib topgan soʻz boyligi koʻz-koʻz qilinadigan va biror bir janrga mansub boʻlmagan, inkubatordan chiqqan joʻjalardek bir xil va nimjon hikoyalar yoza olmayotganimdan aziyat chekayotganimni, adabiyotni-nasr va nazmni ular bilan boshqa-boshqa fazoviy kengliklarda idrok qilayotganimdan baʼzan peshonamga shapatilab, dod deb yuborishimni tushunishini ham orzu qildim.

Tushlikdan soʻng, kiyimimni almashtirmay, ustimdagi odmigina kasalxona  kiyimida lift orqali pastga tushdim. Hovliga tushib tinmay yurdim. Yetti kun mobaynida hatto toʻrt metr masofaga qadam tashlamagandim. Bu safar kasalxonaning binolari atrofini piyoda sayr qildim. Orada chetdagi oʻrindiqlarda oʻtirgan odamlarni qiziqish bilan kuzatdim. Ular koʻtarilib ketgan institut shartnoma pullari haqida gapirishadimi, toʻyda elga tortiladigan devzira guruchdan tayyorlangan palov haqidami, qoʻshnisi yangi mashina xarid qilgani haqidami, oʻzimda bu oldi-qochdi mavzularga nisbatan  shakllangan ruhiy immunitetga qoyil qolib ularni jimgina eshitdim.  

Bemor holimda koʻp yurganimga horidim shekilli, koʻp oʻtmay boʻsh turgan oʻrindiqlardan biriga borib oʻtirdim. Men atay quyosh tushib turgan, undan panada boʻlmagan oʻrindiqqa tomon bordim va quyoshning jamolini yanayam yaqindan koʻrdim.

Unga qaraganim sari oʻzimda yashashga kuchli mayl va ishtiyoq sezardim. Shu mayl va ishtiyoq oʻlaroq, tuzalib ketishimga boʻlgan daydi umid ham qayerdandir topilib keldi. Kasalxonadan chiqqach, birinchi boʻlib adabiyotda ham, hayotda ham eng yaqin boʻlgan doʻstim bilan Toshkentdagi Yesenin uy-muzeyiga borishni maqsad qildim. Albatta, boraman va muzeyni uzoq tomosha qilaman dedim. Keyin roman yozaman.

Xonamga qaytganimda, Markesning maktubi bosilgan gazeta dastroʻmolga qoʻshilib hanuz polda yotardi. Engashib ikkovini ham qoʻlimga oldim. Dastroʻmolni u yer bu yerini  qoqib choʻntagimga, gazetani yostigʻim ostiga qoʻydim. Oʻsha kuni Markesning maktubini yana oʻqidim, bu gal necha marta qayta oʻqiganimni sanamadim. Esimda qolmadi. Esimda qolgani rosayam kech-hamma uxlagach oʻrnimga yotdim.

-Qoʻlingiz yengil ekan, kam boʻlmang.

Ertalab birinchi aytgan gapim shu boʻldi. Kasalxonaga kelganimdan buyon ilk marta jilmayib turganimni koʻrib, tomirimdan ukol qilayotgan hamshira ham jilmaydi. Uning ortidan tonggi koʻrik uchun vrach xonamga kirdi.

-Sizni yana tekshiruvdan oʻtkazamiz,-dedi u ikkilanib va eʼtiroz bildirishimdan choʻchib (uch kun oldin sizga man tajriba oʻtkazadigan quyonmanmi, deb baqirgandim unga).

-Mayli, doktor,- dedim unga oʻzimni xotirjam tutib.- Siz aytgancha boʻla qolsin.

U mendagi oʻzgarishga hayron qolib, xonadan chiqib ketdi. Onam kelganida derazaning oldida turib, umrimga berilgan yana bir kunni tantana qilgancha qadrdonim quyoshni tomosha qilayotgandim.

-Olma deganingga tagʻin olma olib keldim,- dedi onam qoʻlidagi qogʻoz xaltani kelib tokchaga qoʻyib.

U yonimda turib, derazadan atrofni kuzatdi. Keyin unga jim qarab turganimni koʻrib yuzimni siladi.

-Nega buncha tikilib qolding? Nimanidir ayta olmayapsanmi menga?

-Oyi,- dedim uning qavarib ketgan qoʻllarini birma-bir labimga qattiq bosib.- Oʻylab koʻrsam, sizga bitta gapni hech qachon aytmagan ekanman. Sizni judayam yaxshi koʻraman.

Onamning koʻzlari yoshlanib ketdi gapimga.

-Men ham bolam… seni judayam yaxshi koʻraman.

Onam koʻngli koʻtarilib va ozgina havotir bilan uyga ketdi. Otamga qoʻngʻiroq qilganimda, u majlisda shekilli, boshida goʻshakni koʻtarmadi. Bir oz oʻtib, oʻzi qoʻngʻiroq qildi.

-Vrach nima deyapti? Puling bormi, yoʻq boʻlsa ayt? Nima kamchiliging bor?

Har doimgi savollar… Otajonim-davlatim, hayotdagi katta suyanchigʻim-yey, doim meni tashvishimdasiz, dedim ichimda. Tashqimda-chi:

-Tinchlik, dada,- dedim dona-dona qilib.- Shunchaki sizni judayam yaxshi koʻrishimni aytib qoʻymoqchidim.

Goʻshakdan anchaga ovoz kelmadi.

-Sen bola bugun boshqasan,- dedi otam oxiri siniq ovozda va goʻshakni qoʻydi.

Kasalxonadan oʻz ixtiyorimga koʻra uyga ketishga javob berilgan kuni negadir eng yaqin doʻstimning elektron pochtasiga maktub yozgim keldi:

“Telba romantik (men uni hazillashib shunday chaqirardim), bugun jiddiy boʻlishga qaror qildim. Bir marta jiddiy boʻlay, qarshi boʻlmasangiz. Siz meni nainki adabiyotdagi, balki hayotdagi  eng yaqin doʻstim va sirdoshim edingiz. Hech kimga aytmagan sirlarimni doim sizga aytgan, birovga ochmagan qalbim va asl qiyofamni sizga koʻrsatganman. Siz har doim meni tushungan, har qanday injiqligim va rasvo qaysarligimni, tushunarsiz va ogʻir feʼl-atvorimni koʻtargansiz. Sizga bitta gapni hech qachon aytmagan ekanman. Sizni judayam yaxshi koʻraman”.

Uning javobi hayallamadi:

“Chayon doʻstim, (chayon burjida tugʻilganim va ogʻir feʼl-atvorim tufayli u ham hazillashib meni shunday chaqirardi), men ham bugun jiddiy boʻlishga qaror qildim… Sherzod aka, men ham sizni judayam yaxshi koʻraman, hatto sizdan-da koʻproq.”

Mashina hayotimning bir qismiga aylangan uyim oldiga kelib toʻxtaganida, undan tushishga shoshilmadim.

-Mashinani ozgina muddatga manga berib turing,- dedim pastga tushmayoganimga hayron boʻlib turgan otamga.- Bir joyga borib kelishim zarur.

U doim ish joyiga borish uchun uyidan tonggi sakkizdan yigirma-yigirma besh daqiqa oʻtganida chiqardi. Koʻchasining boshida turganimda uni yoʻl boʻyiga chiqib kelishini kuzatarkanman, dastlabki lahzalarda yuragim qinidan chiqib ketayozdi. U tez-tez urar, nafasim boʻgʻzimga tiqilgudek dilimda xavotir oʻrmalardi.

-Nima qilib yuribsiz, koʻchamizda?- dedi u meni koʻrib yuzi hayajondan qizarib ketgan boʻlsa-da, sir boy bermay.

Uzoq muddatli ayriliq va hijron hislarimga taʼsir koʻrsatmagandi. Meni bir paytlar maftun qilgan maʼyus koʻzlar, uzun qora sochlar, qimtilgan qirmizi lablar yana bir zumga es-hushimdan ayirib, mast qildi. Lekin, oʻzimni qoʻlga oldim.

-Hammasi uchun meni kechir,- dedim uning qarshisida oʻzimni tutishga intilarkanman undan koʻzlarimni olib qochib, yaqin oradagi tanish olma bogʻlariga tikilarkanman .- Seni doim qattiq yaxshi koʻrganman, hozir ham yaxshi koʻraman, keyin ham.

Ortimga qaytib ketayotganimda, mashina radiosini yoqdim. Doim koʻnglim osuda paytlari radio eshitardim. Eshitganda ham faqat bitta radiostansiyani eshitar, uni qachonlardir tasodifan radio toʻlqinlari orqali topib olgandim. Bu radiostansiyada asosan, mumtoz musiqa va kuylar, badiiy koʻrgazmalar, kutubxonalar haqida maʼlumotlar, adabiyot yangiliklari rus tilida berib borilardi. Bu safar radioda suhbat boʻlayotgandi. Unda yaqinda men gazetada oʻqib, taʼsirlangan Markesning “Xayrlashuv maktubi” borasida ikki kishi suhbatlashardi. Suhbatni yoʻl boʻyi tinglab ketdim. Undan shu narsa maʼlum boʻldiki, bu maktubni aslida oʻlimidan oldin Markes emas, meksikalik qoʻgʻirchoqboz Jonni Uelsh yozgan ekan.

Suhbatni oxirigacha tingladim. U oʻz yakuniga yetgach, ortidan Betxovenning Eliza ismli qizga atab yozgan sonatasi musiqiy tanaffus sifatida berildi. Sonatani tinglab mashinaning spidometri va yoʻldan koʻz uzmay ketarkanman, “Xayrlashuv maktubi”ni kim yozganini menga boshidan ahamiyati boʻlmaganiga ishonch hosil qildim. Uni Markes yozganmidi yoki oʻsha qoʻgʻirchoqbozmi, buni menga mutlaqo qizigʻi yoʻq edi. Chunki, oʻsha maktub meniki edi. Menga atalgan va faqat meniki.

2020 yil, fevral.  Toshkent-Boʻstonliq

*Esseda Goʻzal begimning tarjimasidan foydalanildi.

Sherzod Ortiqov