Kerma manmanlik bilan o‘rnida turgan qoshni,
El sevar odamda bo‘lgan sabr ila bardoshni, 
Yo‘lda joningdin aziz tut senga chin yo‘ldoshni.
Yo‘lga sol kelsa qo‘lingdin aqli past beboshni.

Odam o‘g‘li bo‘lmag‘aysan bo‘lmasa senda vafo,
El aro sharmandadursan bo‘lmasa sharmu hayo,
Tozadillar kiryuraklar birla bo‘lmas oshno,
Na qilay bunday ko‘ngulni bo‘lmasa unda vafo,
Saqlamas sandiqda hech kim qimmati yo‘q toshni,
Kerma manmanlik bilan o‘rnida turgan boshni.

Nokerak bo‘lma jahonda doimo darkor bo‘l,
Bag‘rida yayratgan eldan shod-minnatdor bo‘l,
Gul kabi chehrang ochib yur, xalq uchun gulzor bo‘l,
Qo‘lga sanchilma tikandek, balki beozor bo‘l,
Keksa ham hurmatlagay odobli bo‘lgan yoshni,
Kerma manmanlik bilan o‘rnida turgan boshni.

Har kishi ko‘ngli uchun ahmoqqa himmat aylasin, 
Har kishi yaxshi kishilar birla suhbat aylasin,
Har kishi mayli halol mehnatda rohat aylasin,
To‘kmasin, Chustiy, sevinch-la ko‘zga to‘lgan yoshni.

Kerma manmanlik bilan o‘rnida turgan qoshni,
El sevar odamda bo‘lgan sabr ila bardoshni, 
Yo‘lda joningdin aziz tut senga chin yo‘ldoshni.
Yo‘lga sol kelsa qo‘lingdin aqli past beboshni.
El uchun qilsang ziyon toshlarga urgin boshni.