Yazdır
Üst Kategori: Özbek Edebiyatı
Kategori: Qo'shiq Matnlari
Gösterim: 5921

OZODBEK NAZARBEKOV

U go'zal boshqa
Bevafo
Kel, ey yorim
Aytishuv
Alloh go'zal
Seni sevib qolibman go'zal
Laylim
Chaqmoq chaqar
Chang ko'chalar
Voy bo'ldi
::::::::::::::::::::::::::::::::::::::::::::::::

U GO'ZAL BOSHQA

Uyg'onib ketaman, yarim tunmi tong,
Qarayman orzular ila yonimga.
Yonimda yotadi munis bir ayol,
Faqat u sen emas, u go'zal boshqa...

Yulduzlar miltirab, osmon yig'laydi,
Armon ko'zlarimni to'ldirar yoshga.
Oynadan qarayman, ul yor uxlaydi.
Faqat u sen emas, u go'zal boshqa...

Hovli, olam menga tuyular zindon
Urgularim kelar boshimni toshga.
Oydek hovlim uzra kezar bir ayol,
Faqat u sen emas, u go'zal boshqa...

Sho'rlik bu farishta dardim bilmaydi,
Men-da qo'lin cho'zgan bemavrud oshga.
Ne qilay yoniga kirgim kelmaydi,
Axir u sen emas, u go'zal boshqa...

Axir u sen emas, u go'zal boshqa...

BEVAFO

Ketar ekansan, shod kunlarimda
ketsang bo'lmasmidi?
Ko'ngling yo'q ekan, aytib ko'nglimdan
o'tsang bo'lmasmidi?
Tangrimdan bukun kelib boshimga
tushdi mushkul savdo
Shunday og'ir bir kunda yor bo'lib,
kutsang bo'lmasmidi?

Ey, bevafo endi qaytmagin
Tunlar to'lg'onib,
sensiz yashayman.
Sen unutganim, meni kutmagin.
Bag'rim o'rtanib,
sensiz yashayman.

Kun kelar Quyosh nuri ham
ado bo'lg'ay, ey jafokash,
Bu kir orzuga yuzimni bosmay
etsang bo'lmasmidi?
Kuyma fidoying bu bag'ri toshga
sira ham arzimas.
Shuncha mehringni bilganlarga
baxsh etsang bo'lmasmidi?

Ey, bevafo endi qaytmagin
Tunlar to'lg'onib,
sensiz yashayman.
Sen unutganim, meni kutmagin.
Bag'rim o'rtanib,
sensiz yashayman.

KEL, EY YORIM

Seni sevaman, go'zal,
Seni kutaman, asal.
Kel, ey, yorim.

Kelaqol, kel, sanam
Kel, ey, yorim.
Suyganim sen, sanam,
Kel, ey, yorim.

Termulib yig'ladim qarog'ingga
Chidolmam azobli firog'ingga
Malham beraqolgin qiynog'ingga.

Kelaqol, kel, sanam
Kel, ey, yorim.
Suyganim sen, sanam,
Kel, ey, yorim.

Kelmasang nursizdir osmonda oylar,
Kutarman ko'nglimda ko'z yoshim soylar,
G'animlarim nechun baxtimni boylar?

Kelaqol, kel, sanam
Kel, ey, yorim.
Suyganim sen, sanam,
Kel, ey, yorim.

Seni sevaman, go'zal,
Seni kutaman, asal.
Kel, ey, yorim.

AYTISHUV

Iroda Iskandarova - Ozodbek Nazarbekov

Keng ko'chalar kezasiz,
Chang ko'chalar kezasiz.
Bizning ko'chadan o'tmay,
Yurak bag'rim ezasiz.

Aka, sizda gapim bor,
Dilni etmang muncha zor!

Boray desam,or deding,
Keting,yorim bor deding.
Menku har kun o'tardim,
Ko'cham sizga tor deing.

Suluv,senda gapim bor,
Bo'lgin menga nozli yor!
Oqshom aylab,kunduzni,
Ko'kdan ilib yulduzni.
Qo'ydingiz chandiq etib,
Qulog'in, necha qizni.

Aka,sizda gapim bor,
Dilni etmang muncha zor!
Aytganim,qo'shiq edi,
Yolg'onu, yashiq edi.
Ko'ngil esa, aslida
Bir senga, oshiq edi.

Suluv ,senda gapim bor,
Bo'lgin menga nozli yor!

Kelsangiz,izim bilan,
Kutay bol,so'zim bilan.
Chang bo'lmasin deb ko'cham,
Suv sepay ko'zim bilan

Aka,sizda gapim bor,
Dilni etmang muncha zor!
Qo'lingni ushlab qo'yay,
Dilingni xushlab qo'yay.
Hechdan ko'ra kech jonim,
Qulog'ing tishlab qo'yay.

Aka sizda ixtiyor,
Mayli bo'lay nozli yor!
Suluv etma intizor,
Yorim bo'lgin vafodor!

ALLOH GO`ZAL

Muhammad Yusuf she'ri

Orazi gul, husni hilol,
Alloh go`zal, Alloh go`zal.
Mutloq kamol, mutloq jamol,
Alloh go`zal, Alloh go`zal…

Arsh arkida sulton o`zi,
Beaybu benuqson o`zi.
Poyiga cho`k, ul Zuljalol,
Alloh go`zal, Alloh go`zal…

Diydori bir shirin umid,
Azal vujud, abad vujud.
Kimga ayon, kimga xayol,
Alloh go`zal, Alloh go`zal…

Nahri zilol, bag`ri bahor,
Gul chehra yor, nur chehra yor.
Oromijon, oshuftahol,
Alloh go`zal, Alloh go`zal…

Tuproqqa jon etmish ato
Momo havo, Odam Ato,
Loydan odam yasar kulol,
Alloh go`zal, Alloh go`zal…

Shoir tilak-ta'bim o`shal,
Ruhim o`shal, Rabbim o`shal,
Allohu akbar, ey Bilol,
Alloh go`zal, Alloh go`zal!..

SENI SEVIB QOLIBMAN, GO'ZAL

Seni sevib qolibman, go'zal,
Devonalar bo'libman, go'zal,
Jonim senga fidolar qilay,
Afsonalar bo'libman, go'zal.

Yo'qoldi, yor, menda halovat,
Yuragim ham bo'ldi betoqat,
Azoblarga qolmayin, faqat,
Devonalar bo'libman, go'zal.

Hanjar etib xumorlaringni,
Yor, ko'rsatma ozorlaringni,
Oxir ko'ray ruxsorlaringni,
Devonalar bo'libman, go'zal.

Yo'qoldi, yor, menda halovat,
Yuragim ham bo'ldi betoqat,
Azoblarga qolmayin, faqat,
Devonalar bo'libman, go'zal.

LAYLIM

Laylim, sado bergin, izlaring qayda?
Oromim berkingan ko'zlaring qayda?
Yuragim olovda, qo'llarim mayda,
Sog'indim, sen-chi yor, etasanmi hech.

Ko'zimdan yosh bo'lib oqmoqda sog'inch,
Bag'rimga tosh bo'lib botmoqda sog'inch,
O'tdan olib suvga otmoqda sog'inch.
Sog'indim, sen-chi yor, etasanmi hech.

Meni devonadan farqim qolmadi,
Visolingdan o'zga dardim qolmadi,
Sensiz ishq yurtida qadrim qolmadi,
Sog'indim, sen-chi yor, etasanmi hech.

Laylim, sado bergin, izlaring qayda?
Oromim berkingan ko'zlaring qayda?
Yuragim olovda, qo'llarim mayda,
Sog'indim, sen-chi yor, etasanmi hech.

CHAQMOQ CHAQAR

Chaqmoq chaqar, chaqmoq chaqar,
Yomg'ir yog'ar, yomg'ir yog'ar,
Men sevganim, men suyganim,
Kimga boqar, kimga boqar.

Muhabbatdan ko'rdim jafo,
Yor qilmadi menga vafo,
Yuragimni ul bevafo
O'tga yoqar, o'tga yoqar.

Sevgim g'unchalari so'lib,
Hijronlardan ko'nglim to'lib,
Ko'zlarimdan daryo bo'lib,
Yoshlar oqar, yoshlar oqar.

Chaqmoq chaqar, chaqmoq chaqar,
Yomg'ir yog'ar, yomg'ir yog'ar,
Men sevganim, men suyganim,
Kimga boqar, kimga boqar.

CHANG KO'CHALAR

Keng ko'chalar, chang-chang ko'chalar,
Yorim keladur, oydin kechalar,
Gap otadur necha-nechalar,
Menga qo'ying yorni akalar.

Va'da berib keldi go'zal,
Tillari bol, qandu asal,
Yerga qarab, boshin egib,
Sevaman deb aytdi go'zal.

Keng ko'chalar, chang-chang ko'chalar,
Yorim keladur, oydin kechalar.

O'zim boray ostonasiga,
Ayta qolay onasiga,
Rozi bo'lsa onasi-yey,
To'y yuboray koshonasiga.

O'sha oydin keling dedi,
Yor bo'lay deb aytdi go'zal.

Keng ko'chalar, chang-chang ko'chalar,
Yorim keladur, oydin kechalar,
Gap otadur necha-nechalar,
Menga qo'ying yorni akalar.

VOY BO'LDI

Men qulog'in tishlagan
Qizning holi voy bo'ldi.
Ko'z yoshi yomg'ir bo'lib
Chang ko'chalar loy bo'ldi.

Mehmon kelsa uyiga,
Xushyor bo'lib boqadi.
Sovchi ekanin bilib,
Xonasiga qochadi.

Chandig'in ko'rmasin deb,
Sababin so'rmasin deb,
Ro'molini keng o'rab,
Qulog'ini yopadi.

Men qulog'in tishlagan
Qizning holi voy bo'ldi.
Ko'z yoshi yomg'ir bo'lib
Chang ko'chalar loy bo'ldi.

Mahallada duv-duv gap,
Hanuz to'ydan yo'q darak.
Kim chandiq qilgan bo'lsa
U kuyov bo'lmoq kerak.

Oh, yaxshiyamki tishlab
Qo'yganjim qulog'ini
Bugun tishlashga tayyor
Turibman yanog'ini.

Men qulog'in tishlagan
Qizning holi voy bo'ldi.
Ko'z yoshi yomg'ir bo'lib
Chang ko'chalar loy bo'ldi.

Kulib-kulib keldi endi
Bir qulog'i chandiq qiz.
Aylab vafo va'daga
Bo'lgin menga qayliq qiz.

Chinor tagida kutsam,
Oydinda yuragim cho'g'.
Endi sho'x Alisherga
Xo'p demay ilojing yo'q.

Men qulog'in tishlagan
Qizning holi voy bo'ldi.
Ko'z yoshi yomg'ir bo'lib
Chang ko'chalar loy bo'ldi.