Uzoqlardan qoʻsh surnayning kuyi sezildi
Qizning qalbi kuz gulidek soʻldi, ezildi,
Ufqlardan boqar edi soʻlgʻun bir lola,
Qiz qalbida titrar edi siniq bir nola.
Yosh qiz, qaydam, oʻz erkini ololmadimi?
Erkin sevgi bogʻchasida oʻynolmadimi?
Bogʻga chiqib, oʻksiz kabi har tomon boqdi,
Goʻdak chogʻlar izi uning koʻksini yoqdi.
«Xayr endi, chechaklarim, qora bir diyor
Kuchoq ochdi, ketdim agar kelsa goʻzal yor,
Mening uchun kulib boqing, koʻnglini oling!»
Degan kabi qiz koʻngliga qaygʻu solardi.
Ne qilsin, oh... totli hislar shunda qolardi.