Nimaningdir tovushidan cho‘chib uyg‘onib ketdim. Ko‘cha tomonga qaragan g‘ira-shira yorug‘ tushib turgan deraza tez-tez, qattiq-qattiq chertilar, “Qizlar, eshikni ochinglar”, degan ovoz kelardi. Ongim kecha qarindoshinikiga ketgan dugonam ekanligini idrok etgach, o‘girilib hamxonamga qaradim. Unda qimir etgan harakatni ko‘rmagach, istamaygina o‘rnimdan turdim.
Obbo, ertalabdan nima bor ekan bunga uyda. Dars o‘nda boshlansa, o‘sha yoqdan borsa bo‘masmidi. Biladi, kechasi dars tayyorlab, ertalab uxlashimni. Borib eshikni ochdimu, unga qaramasdan, qulflab keling, deb xonamga yugurdim. O‘rnimga kirib burkanib yotib oldim. U xonaga kirgandan keyin, uch kishi bemalol sig‘adigan divanning yoniga kelib, birpas turdi-da, birdaniga o‘zini «gurs» etib o‘ringa tashladi. Ko‘rpaga burkab olgan boshimni chiqarib unga qaradim.
— Jinnimisiz?
U havoni quchoqlab olmoqchidek qulochlarini keng yoydi.
— Ha, men sevgidan jinni bo‘ldim, men sevib koldim, — dedi baqirgudek bo‘lib.
Boyagina tiriklik nishoni ko‘rinmagan hamxonam o‘rnidan turib, o‘tirib oldi.
— Kimni?.. Biz taniymizmi yoki to‘yda uchratdingizmi shahzodangizni?
Sevgi-muhabbat desa o‘zini tomdan tashlaydigan bu qizning gapidan jahlim battar o‘t oldi. Bor zahrimni dugonamga sochdim.
— Siz butunlay yurakdan iboratsiz, har soatdamas, har daqiqada sevib qolasiz.
Gapimdan dugonamni zardasi qaynadi. Lahjasida gapira ketdi.
— Jo‘q bo‘l. O‘zi sende jurek degen nersening o‘zi jo‘q. Sag‘an usag‘anlar xesh qashan suymey o‘tip ketedi. Xesh kimdi suymegening usho‘n hem ko‘rmegen-bilmegen adaminga turmusg‘a shig‘ip ato‘rsang.
“E bore”, dedim-da, boshimni ko‘rpaga burkab oldim. Chunki menga uni so‘zlarimas, ozgina mizg‘ib olish muhim edi.
Ko‘zlarimni yumib yotarkanman, rostanam bo‘lg‘usi umr yo‘ldoshimni bir martayam ko‘rmagan ekanman-a, degan fikr o‘tdi xayolimdan. Lekin bu men uchun fojia emas edi. Nima bo‘pti, onam ham otamni to‘ygacha ko‘rmagan. Buvim ham bobomni ko‘rmasdan chimildiqqa kirgan. Muhabbat, muhabbat deyishadi, haqiqiy muhabbat to‘ydan keyin bo‘ladi-da. Qizlargayam hayronsan, yo‘lda uchragan odamdan muhabbat kutishadi. U odam kim o‘zi, nima ish qiladi, xayolida nima bor, bu yog‘i bilan hech qaysinisining ishi yo‘q. Qarashsa baland bo‘yli, qoraqosh, qorako‘z, xuddi hind aktyorlaridek hazilkash, qarashlari chiroyli, mehrli. O‘rgildim, o‘sha mehrlaridan.
Xayollarni quvib, uxlashga harakat qildim. Qizlarning esa gaplari tugay demasdi. Bir urishib bergim keldi-yu, lekin na iloj, chidashga majburman. Ular ham meni kechasi bilan chiroq yoqib, dars tayorlashimga chidashadi-da.
“— Aslida, hamma narsaga o‘zing aybdorsan, — endi o‘zimni-o‘zim tergay boshlagandim. — O‘qishga kech kelib yotoqxonadan ham quruq qolding. Oldin “dom”da ijarada turding. U yerda yuraging siqilib, bu yerga ko‘chding. Oldiniga katta hovlini ko‘rib, bemalol ekan, deb rosa quvonganding. Lekin ayni qish zahmiga minganda gaz faqat bir xonani isitadigan bo‘lib qoldi. Tabiiyki, hamma bir xonaga qamaldi-qoldi. Endi qizlarni uzundan-uzoq gurunglarini eshitishga majbursan”.
Shu tariqa men qizlarning gaplarini o‘zim istamasam ham eshitishga majbur edim.
— U shunchalar kelishgan, shunchalar yoqimliki, — ehtiros bilan yigitni ta’rifini keltirardi dugonam. U endi o‘zini ancha bosib olgan, hamxonam tushunishi uchun sof o‘zbek tilida gapirardi. — Men bunaqa yigitni hech qayerda uchratmaganman. Uni menga qanday tikilishlarini ko‘rsangiz edi.
— Yo‘g‘-e, — dedi hamxonam shivirlagudek bo‘lib. Ovozini titrashidan dugonamdagi hayajon unga ham o‘tganini payqab olish qiyin emasdi. Hozir men uning yuzini ko‘rmayotgan bo‘lsam ham, tinmay iljayayotganini tasavvur qilib turardim.
— Faqat uni qayta ko‘rarmikanman, — ilinj aralash ma’yuslandi dugonam, — Menda uning na telefoni bor, na manzili. Faqat u tog‘avachchamning do‘sti ekanligini bilaman, xolos.
— Unday bo‘lsa, uning telefon nomerini tog‘angizning o‘g‘lidan so‘rang, — maslahat solganday bo‘ldi hamxonam.
— Qiziqmisiz, qanday so‘rayman. Nima qilmoqchisan desa, sevib qoldim deymanmi?
Ular birpas jim qolishdi.
— Keling, yaxshisi bunaqa qilamiz, — biroz qat’iylashgan holda gap boshladi dugonam. — Hozir men sizga qoraqalpoqchani o‘rgataman. Keyin tog‘amni o‘g‘liga sizning telefoningizdan qo‘ng‘iroq qilamiz, keyin undan do‘stining telefon nomerini so‘raysiz.
— Mayli, — dedi hamxonam uning taklifiga rozi bo‘lib.
— Bo‘lmasam boshladik. Qaytaring. Qoloy Sadыq. Axuallar qoloy? Men keshegi to‘ydog‘i qizban, Sarbinaz.
— Xoloy Soddiq. Axvallar xoloy? Men kechegi to‘ydag‘i qizmon, Sarbinoz.
Uning talaffuzi shu qadar kulguli chiqdiki, o‘zini gapirishi nash’a qilib, hamxonamning o‘zi ham kulib yubordi.
— Xoloymas, qoloy, — kulgi aralash takrorlardi dugonam.
Shu payt jiringlab qolgan qo‘l telefonimni axtararkanman men ham kulgudan o‘zimni to‘xtatolmasdim. Nihoyat, telefonimni topib, tugmani bosdim.
— Allo.
— Allo, o‘zingmisan, — onamni ovozi keldi go‘shakni narigi tarafidan.
— Assalomu alaykum, o‘zimman oyi. Yaxshimisiz?
— Yaxshi, o‘zing sog‘misan. Yaxshi yuribsanmi, dadang salom deyapti.
— Salomat bo‘lsinlar, o‘zlari yaxshilarmi?
— Ha, yaxshi… Endi gapimni yaxshilab eshit. O‘zing bilasan, bahorga chiqqandan keyin to‘ying bo‘ladi. Kuyovni esa hali ko‘rmading. Ertaga yoningga kuyovning singlisi boradi, u seni akasi bilan uchrashtiradi… Har holda bo‘lg‘usi turmush o‘rtog‘ing bilan uchrashganing ma’qul. Ancha o‘rganibam qolasan… Dadang ham uchrashsin deyapti. Mayli, qizim, sog‘ bo‘l!
Onam mening javobimniyam kutmay aloqani uzib qo‘ydi. Hayron bo‘lib telefonga qaradim. Mana, deganday telefonimni ekrani vaqtni ko‘rsatib turardi.
— Voy qizlar, soat to‘qqiz bo‘pti. O‘nda lektsiya, — dedim o‘rnimdan irg‘ib turarkanman.
Haliyam kulgudan mast bo‘layotgan qizlar, baravariga soatga qarashdi. Hamma apil-tapil kiyinishga tushdi…
…Darsdan dilxira chiqdim. Axir, domlayam naq o‘ttiz juft ko‘z oldida loladay qizartirdi-ya?! Bir o‘zim bo‘lgandayam boshqa gap edi. Umrimda birinchi marta kechikkanimga o‘rtada yarim soat qadab qo‘yish shartmi?!
Ma’ruza xonasidan zarda bilan chiqib ketayotgan edim, kimdir yelkamdan ohista turtdi. Qarasam hamxona dugonalarim.
— Yotoqqami?
Past ovozda so‘radi qoraqalpoq dugonam.
— Ha, qayoqqa bo‘lardi boshqa. Keyingi para qoldirildi-ku.
— Keling, yaxshisi ozgina aylanamiz, kayfiyatingiz ham ko‘tariladi.
— O‘zlaringiz aylanaveringlar. Men ketaman, — dedim qat’iy qilib.
Qizlar sarosimalanib, bir-biriga qarab turishdi-da, birin-ketin menga ergashishdi.
Yotoqqona tomon boradigan avtobusga urinib-surinib zo‘rg‘a chiqib oldik. Yo‘lovchilarning ko‘pchiligi talabalar. Odam tirband. Agar biron-bir bekatda tushib qolmoqchi bo‘lsangiz, tushish uchun anchagina harakat qilish kerak. Men avtubusdagi odamlarga loqayd nazar tashlab turarkanman, tiqilinch bo‘lishiga qaramasdan nigohim kitob o‘qib ketayotgan yigitga tushdi. O‘zim bilmagan holda kitobga qiziqib qoldim. Kimning kitobi ekan, degan o‘y o‘tdi xayolimdan. Kitobga sinchiklab qarar ekanman, she’riy drama shekilli, deb o‘yladim, chunki she’riy bandlarni uzoqdan ko‘rib turardim. Yigitning qo‘li bilinar-bilinmas titrab turardi. Beixtiyor nigohim kitobdan yigitga ko‘chdi. Uning qora jingalak sochlari peshonasiga tushib turar, avtobus tebranganda unga monand silkinardi. Ko‘zlari kitob sahifalarida yugurar, gohi qoshlari chimirilib ketsa, gohida yuzida nim tabassum paydo bo‘lar, bug‘doytus yuziga bu o‘zgacha tarovat bag‘ishlardi. Uni kuzatayotganimni sezdi shekilli, kitobdan nigohini olib men tomonga qaradi.
Menga qarayotganini sezib nigohimni boshqa yoqqa burdim. U birpas shunday turdi-da, yana kitob o‘qishga tutindi. Men yana uni kuzata boshladim. Uning uchlari qayrilgan qoshlari yuziga shunaqa yarashgandiki, bunaqa qoshli yigitni hech qayerda ko‘rmagan edim.
Uning tushadigan bekati keldi shekilli, kitobni yopib, eshik tomonga surila boshladi. Mendan nigohini olmasdan eshikka yaqinlashib kelar, men ham harchand urinmay uning ko‘zlaridan ko‘zimni uzib ololmasdim. Go‘yo uning ko‘zlari meni sehrlab olganday edi. Avtobus navbatdagi bekatda to‘xtadi. U tushayotib ham mendan ko‘zini uzmadi. Tushgandan keyin ham menga qarab turaverdi. Avtobus joyidan siljirkan, uning ko‘zlari tushmaysanmi, degan savolni berardi.
Avtobusda silkinib-silkinib borarkanman, hamma narsani unutgandim. Hatto, endi yodimdan chiqarolmayman, degan domlaning koyishini ham. Shu topda faqat u haqda o‘ylagim kelar, men uchun dunyoda undan boshqa odam yo‘qdek edi go‘yo.
Uyga borganimizdan keyin qizlar yana qoraqalpoqchadan shug‘ullanishga tushib ketishdi. Meni ularning hazil-huzullari qiziqtirmas, butun fikri xayolim o‘sha yigit bilan band edi. Kim o‘zi u? Nimaga u haqda shunchalik o‘ylagim kelayapti? Nimaga u menga unaqa qaradi? Nimaga uni xayolimdan ketkiza olmayapman? Men burchakka tiqilib olib, savolimga javob izlardim. Birdaniga yuragim “axir u sening bir umr kutganing-ku”, deganday bo‘ldi. Nahotki! Nega endi? Nega oldinroq emas? Axir men unashtirilganman-ku! Bu haqiqatdan o‘zim qo‘rqib ketdim. Ko‘z oldimga u keldi. Mana, yuzlaridan nur yog‘ilib turibdi. Birdaniga uning yonida kuyov paydo bo‘lib qoldi, beso‘naqay, badbashara, sochlari o‘sib ketgan, yurganida bir tarafga qiyshayib yuradi. Qochib ketaman, degan fikr keldi xayolimga. Lekin qayoqqa? Or-nomusingni toptabmi? Otangning yuzini yerga qaratibmi? Onangning ahvoli nima kechadi? Uni o‘ylamadingmi? Tegmoqchi emas ekansan, nega non sindirilmasdan burun aytmading? Nega ota-onangni o‘ziga tashlading taqdiringni? Endi di
ydiyo qilasan. Axir unda uni uchratmagan edim-ku, — o‘zimdan o‘zimni himoya qila boshladim, — axir u mening bir umr kutganim-ku. Mayli, kutganing ekan, uning kimligini bilasanmi, qayerdan topishni-chi? Seni ko‘nglingda u bor ekan, uning ko‘nglida-chi, balki uylangandiram, balki bolalari ham bordir.
— Yo‘q, mumkinmas!
— Yo‘q, mumkin!
Mayli, uylanmagan ham bo‘lsin. Uni ko‘rding ham deylik, yuzingdagi hayo pardasini yirtib, sizni sevib qoldim deysanmi, yoki fotihani buzaman, menga uylaning deysanmi?
Men shu tariqa tonggacha o‘z-o‘zim bilan olishib chiqdim. Ertalab o‘rindan turganimda ko‘zlarim qizarib, yuzlarim salqigan holda edi. Buni ko‘rgan hamxonam:
— Nima bo‘ldi sizga? — deya so‘radi. Men hammasini sog‘likka to‘nkab, indamay qo‘yaqoldim. Chunki bularni unga aytishning hech qanday foydasi yo‘q edi.
Institutdan uyga kelib, endi ustki kiyimlarimni yechayotgan edim, eshik ko‘ng‘irog‘i jiringlab qoldi. Eshikni ochganimda ostonada taxmin qilganimday, bo‘lg‘usi umr yo‘ldoshimning singlisi turardi.
— Keling, — dedim jilmayishga urinib.
— Salom, kelinoyi, — dedi qiz meni quchoqlab. Bu yoqimtoy shaddod qiz bilan oldinam uchrashgandim. O‘shandayam bu qiz «kelinoyijon» deb quchoqlab, yuzimdan o‘pgandi. O‘shanda bu qizning sho‘xligi, samimiyligi menga juda yoqib tushgandi. Hozir esa qandaydir erish tuyuldi, hatto oynaga qarashga ham hafsalam bo‘lmay, tashqariga yo‘naldim. Qiz meni qo‘ltiqlab olarkan, akasi haqida gapirishni boshladi. Qiz gapirar, lekin bu gaplar mening qulog‘imga kirmas edi. Men uchun endi hammasi baribir edi. U bilan o‘zim xohlab emas, majburiyat yuzasidan turmush qurayotgan edim. Hatto to‘ydan keyin ajrashaman, degan fikrga borib qo‘ydim. Yo‘l-yo‘lakay ajrashish rejalarini tuzib borar ekanman, bo‘lg‘usi qaynsinglimni “ana, akam”, degan gapidan keyin xayolimni yig‘ib to‘xtadim. O‘n qadamlar narida biz kelayotgan tarafga bir yigit orqa o‘girib turardi. Qiz uning yoniga chopqillab ketdi. Ular tomonga qarashni istamay, yuzimni boshqa yoqqa burdim. Menda hozir yigit yonimga kelsa, qo‘rslik qilish istagi paydo bo‘la boshlagandi. Ikki-uch daqiqa o‘tar-o‘tmas qadam tovushlarini eshitdim. Bu qadam tovushlari men tomon yaqinlashib kelayotgan o‘sha yigitdan darak berardi. Men hamon yuzimni burganimcha turardim. Qadam tovushlari yonimga kelganidan keyin tindi.
— Yaxshimisiz?
Men kutganday xirildoq emas, musiqaday tiniq ovoz eshitildi. O‘zim bilmagan holda unga qaradim. Qarshimda o‘ylaganimday beso‘naqay badbashara emas, baland bo‘yli istarasi issiq yigit jilmayib turardi. Faqat uning sochlari jingalak, qoshlari qayrilma emasdi.
To‘y ham o‘tdi. Vaqt o‘tib bir narsani, jingalak sochlar, qop-qora qoshlarni o‘rnini bosadigan bir narsani, yuksak ehtirom va tuganmas mehrni payqadim.