«Muhokamat ul-lug’atayn» — «Ikki til muhokamasi» deb nomlangan bu asar  905 hijriy yilning jumodiyul avval oyi- 1499 melodiy yilning dekabr oyi oxirlarida chorshanba kuni yozib tugatilgan:

Bu nomaki, yozdi qalamim tortib til,
Tarixin aning jumodiyul-avval bil.
Kunnung raqamini chorshanba qilg’il,
To’qqiz yuz yildin o’tub erdi besh yil.
(MAT, 20 tomlik, 16-tom, 40-bet)

«Muhokamat ul-lug’atayn» da turkiy-o’zbek va fors-tojik tillarini qiyosiy o’rganish vositasida turkiy-o’zbek tilining Sharqda mashhur bo’lgan arab va fors-tojik tillari darajasidagi mavqeidan so’z yuritiladi hamda ulardan, xususan fors-tojik tilidan farq qiluvchi xususiyatlari turli xildagi ko’pgina misollar, jumladan «yuz lafz» (yuzta so’z)ni keltirib, talqin qilish bilan isbotlanadi. Bu ma’no Alisher Navoiyning quyidagicha yozganlarida ham o’z ifodasini topgan.

«Turkiy va sort lug’ati kayfiyati va haqiqati sharhida bu risolani jam’ qilib bitidim va anga «Muhokamat ul-lug’atayn» ot qo’ydum, to turk eli tili fasohatu diqqati va balog’atu vus’ati… zohir qildim. Va xayolimg’a mundoq kelurkim, turk ulusi fasihlariga ulug’ haq sobit qildimki, o’z alfoz va iboratlari haqiqati va o’z til va lug’atlari kayfiyatidin voqif bo’ldilar». (MAT, 20 tomlik, 16-tom, 40-bet).

Shuni eslatish joizki, Alisher Navoiy turkiy tilning fazilatlari haqida so’z yuritganda o’sha davrda mashhur bo’lgan arab, fors-tojik va hind tillarini kamsitmaydi, aksincha ularning har biriga xos bo’lgan xususiyatlarni ham ehtirom bilan bayon etadi.

Bundan kuzatilgan maqsad turkiy tilning fasohati va balog’ati haqida ilmiy asoslangan mulohazalarni bayon etish bilan bir qatorda «turk nozimlari (shoirlari) o’z alfozlari bilan she’rg’a mashg’ulluq qilg’aylar va ko’ngul g’unchasi dog’idinki, pechlar chirmanibdur, bahor nasimidek anfos bila guldek ochilg’aylar». (MAT, 20 tomlik, 16-tom, 38-bet).

Demak, Alisher Navoiy turkiy tilning fasohati va lug’aviy boyligini dalillar bilan isbotlash vositasida turkiy tildagi adabiyot-she’riyatning yanada ravnaq topishi lozimligini ham nazarda tutgan.«Muhokamat ul-lug’atayn»da faqat qiyosiy tilshunoslik masalalaridan so’z yuritilgan emas, balki unda til tarixi, o’zbek adabiyoti tarixi, she’riy janr va badiiy san’atlar, fors-tojik adabiyoti namoyandalari asarlari va o’zi (Alisher Navoiy)ning ijodiga doir qimmatbaho mulohazalar ham mavjud.

Alisher Navoiyning qayd qilishicha, turkiy til va turkiy tildagi adabiyot tarixi o’zaro chambarchas bog’lidir. Shuning uchun asarda Hulokuxon, Amir Temur, Shohrux mirzo hamda Sulton Husayn Boyqaro zamonlarida turkiy tilning rivojlangani tufayli turkiy she’riyatning mavlono Sakkokiy, Haydar Xorazmiy, Atoyi, Muqimiy, Amiriy, Yaqiniy, Gadoyi, mavlono Lutfiy, Husayniy va o’zi (Alisher Navoiy) kabi zabardast siymolari maydonga kelganlarini alohida qoniqish bilan uqtirib o’tadi. Shuning bilan birga bu jarayonning Sulton Husayn Boyqaro-Husayniy tomonidan qo’llab-quvatlashi tufayli yanada rivojlangani ta’kidlanadi.

«Muhokamat ul-lug’atayn»da she’riy janr (tuyuq), badiiy san’atlar (iyhom, tajnis, tarse’) haqida turkiy she’riyatdagi o’ziga xos xususiyatlari jihatidan ma’lumot beriladi. Fikrning isboti uchun misolga murojaat qilaylik:«She’rda barcha tab’ ahli qoshida ravshan va majmu’i fusaho ollida1 mubarhandurki, tajnis va iyhom bag’oyat kulliydir. Va bu farxunda iborot va xujasta alfoz va ishorotda forsiydin ko’prak tajnisomez lafz va iyhomangez nukta borki, nazmga mujibi zebu ziynat va boisi takallufu san’atdur. Masalan: ot lafziki, bir ma’nosi alamdur2, yana bir ma’nisi markabdur3 va yana bir ma’nisi amrdurkim, toshni yo o’qni ot, deb buyurg’aylar. Bu tajnisda mundoq deyilibdurkim,

Bayt:

Chun pariyu hurdur oting, begim,
Sur’at ichra dev erur oting, begim.
Har xadangekim, ulus andin qochar,
Notavon jonim sari oting, begim.»
(MAT, 20 tomlik, 16-tom, 17-bet).

Eslatilganidek, «Muhokamat ul-lug’atayn» da fors-tojik adabiyotining Xoqoniy, Anvariy, Firdavsiy, Nizomiy, Sa’diy, Xusrav Dehlaviy, Salmon Sovajiy, Xojui Kirmoniy, Ashraf, Abdurahmon Jomiy kabi mashhur namoyandalarining asarlari, ularning turli janrlar sohasidagi xizmatlari muxtasar tarzda bo’lsa-da, adabiyotshunos sifatida baholangan va xulosaviy fikrlar bayon etilgan. Jumladan, forsiy tilda qasida janrining mukammal namunalarini yaratgan Xoqoniy, Anvariy, Zahir, Salmonlar; masnaviy-doston sohasida «ustozi fan Firdavsiy va nodiri zamon Shayx Nizomiy»(16-tom, 35-bet); g’azal janri sohasida muxtare’ Shayx Sa’diy va Hofiz Sheroziylar ekanliklari haqidagi xulosaviy fikrlar hozirgi adabiyotshunoslar tomonidan faqat e’tirof etilib qolmasdan, balki ular ilmiy jihatdan ham isbotlangan.

Bundan tashqari Alisher Navoiy arab she’riyatining zabardast namoyandalari haqida ham muxtasar, ammo hozirgi kunda arab adabiyotshunoslari tomonidan ma’qullangan mulohazalarni bayon etadi. Jumladan: «To mulk arab xulafosi va salotinida erdi, falak ul vaqtda nazm dabiriga arab tili bila jilva berdi, andoqki, Hasson Sobitdek va Laxitdek malik ul-kalom suxanguzorlar va ma’niofarin fasohatshiorlar paydo bo’ldilar va o’z tillari bila nazm adosining dodini berdilar». (MAT, 20 tomlik, 16-tom, 35-bet).

Alisher Navoiyning arab shoirlari haqidagi muxtasar, ammo haqqoniy mulohazalari XX asr arab adabiyotshunosi Hanna al-Foxuriyning «Arab adabiyoti tarixi» kitobida qo’llab-quvvatlangan. Masalan, Hanna al-Foxuriy VII asrda faoliyat ko’rsatgan Hasson ibn Sobit (vaf.-54 hijriy-674 melodiy yil) ijodining ahamiyati haqida so’z yuritib, uni islom davri arab adabiyotida islomiy va siyosiy she’riyatning asoschisi ekanligini alohida uqtiradi.

Ko’rinadiki, Alisher Navoiy Hasson ibn Sobitni malik ul-kalom deb ta’riflagan bo’lsa, Hanna al-Foxuriy uni islomiy va siyosiy she’riyatning asoschisi tarzida tavsiflaydi. Demak, Alisher Navoiy XV asrdayoq bu shoirning mavqeini o’sha davr adabiyotshunosligi mezoni asosida «malik ul-kalom» iborasi bilan to’g’ri aniqlagan. Keltirilgan mulohazalar shundan guvohlik beradiki, Alisher Navoiy «Muhokamat ul-lug’atayn»da o’zini faqat tilshunos olim sifatida emas, balki arab, fors va turkiy adabiyot tarixining ham ulkan bilimdoni – olimi ekanini namoyish etgan.

«Muhokamat ul-lug’atayn»ning adabiyotshunoslik sohasidagi ahamiyati yuqorida qayd qilingan fazilatlar bilan cheklanmaydi. Asarda Alisher Navoiyning turkiy va forsiy tillarda yaratgan asarlari, ularning yozilish sabab va tarixlari, ijodiy hamkorliklari haqida ma’lumotlar uchraydiki, ular ulkan shoirning ijodiy tarjimayi holini yaratishda qimmatbaho material bo’lib xizmat qiladi. Bu jihatdan «Xazoyin ul-maoni», «Tuhfat ul-afkor», «Xamsa» va boshqalar haqida yozganlari ardoqlidir.

Bundan tashqari «Muhokamat ul-lug’atayn»ning adabiy ahamiyati yana shu bilan ham belgilanadiki, unda o’sha davr nasri uchun xos uslub – saj’ san’ati (nasrda ohangdorlik va qofiya, radif unsurlari) mahorat bilan ishlatilgan hamda turli xil she’riy nav’lardan misol keltirish bilan ziynatlangan.

Misollar:

Saj’ san’ati:«Takallum ahli xirmanining xo’shachini va so’z durri samini maxzanining amini va nazm gulistonining andalebi nag’masaroyi, ya’ni Alisher al-mutaxallis bin Navoyi … mundoq arz qilurkim…» (MAT, 20 tomlik, 16-tom, 8-bet).

Yana:
«Umid ulkim, bu faqirni xayr duosi bila yod qilg’aylar va ruhumni aning bila shod qilg’aylar».
(MAT, 20 tomlik, 16-tom, 40-bet).

She’riy parchalar:

Ruboiy:

Ey so’z bila qilg’on ofarinish og’oz,
Insonni aroda aylag’on mahrami roz.
Chun «kun fa yakun» safhasiga bo’ldi tiroz,
Qilg’on oni nutq ila boridin mumtoz.

(MAT, 20 tomlik, 16-tom, 7-bet)

Shunday qilib, Alisher Navoiyning «Muhokamat ul-lug’atayn» ilmiy asari turkiy tilshunoslikning nodir yodgorligi bo’lib, unda turkiy tilning o’ziga xos xususiyatlari, uning buyuk ahamiyatga molik badiiy yodgorliklarni yaratishga qodirligi masalasi ilmiy asosda yoritilgan. Shuning bilan birga asarning mavzu doirasi keng bo’lib, unda umuman adabiyotshunoslikning turli xildagi muhim muammolari tilga olingan va o’sha davrdagi nasrning o’ziga xos xususiyatlari o’z ifodasini topgan.

Xurshid Davron Kutubxonasi