Jilgisiz qabringni qora tunlarda

Amalimning shamin yoqib, izladim.
Qizil va pok qoning islarin sochgach,
Kuchsiz ko’yi yurishimni tezladim.

Amalimning yulduzi, kim ko’z tikdi
Qora, jirkanch… o’lim qoni yerlarga.
Savol berdim: “Yo’qotganim qayda?”- deb,
O’zimni ham yutmoq bo’lgan yerlarga.

Qo’lidagi tutam-tutam gulini
Qabring topib, sochmoq uchun tirishdi.
Gul o’rniga zahar tilar muhitda
Uning qilgan bu ishlari bo’sh ishdi.

Men-da ojiz – u muhitning oldida
Qabring topib ko’z yoshimni to’kmakka.
Hamda achchiq hiddatim-la ul yerda
Oq kallalik-qora devni so’kmakka.

Shuning uchun yulduz kabi yarqirab,
Elda qolgan isming bilan turamen.
Shul ismni eslab, chizg’an yo’lingdan
Yiroq ketmay, qimirlamay yuramen.

Aziz otam, qo’limdagi gullarning
Motam guli ekanini bilmaysen.
Shodlik guli ko’pdan beri so’lganin,
Yer ostida, pok ruhing-la sezmaysen.

Ana sochdim qalbimdagi gullarni
Termak uchun chaqiramen qo’llarni..

1920