Yazdır
Üst Kategori: Özbek Edebiyatı
Kategori: Günümüz Özbek Edebiyatı
Gösterim: 2161



Ey, tog’lari ko’klarga salom beran zo’r o’lka,
Nega sening boshingda* quyuq bulut ko’lanka?
Uchmoxlarning kavsaridek pokiza,
Sadaflarning donasidek top-toza
Salqin suvlar tog’dan quyi tusharkan,
Tomchilari yomg’ir kabi ucharkan,
Nima uchun yig’lar kabi ingraylar?
Yov bormi, deb to’rt tarafni tinglaylar?
Tabiatning o’tini yo’q o’tida,
Sharaq-sharaq qaynab chiqqan buloqlar
Har qorong’i, qo’rqinch tunning betida
Shifo istab kelmasin der, qo’noqlar.
-Bu nega?
Ayt menga.
Ko’m-ko’k, go’zal o’tloqlaring bosilg’on,
Ustlarida na poda bor, na yilqi,
Podachilar qaysi dorg’a osilg’on?
Ot kishnashi, qo’y ma’rashi o’rniga
-Oh, yig’i,
Bu nega?

Tumorchalar xamoyillar taqingan,
Dalalarda lola bargi yopingan,
Tog’-toshlarda o’yin qilgan,
Chopingan
Go’zal qizlar, yosh kelinlar qayerda?
Javob yo’qmi ko’klardan-da, yerdan-da,
Xarob bo’lgan eldan-da.
Ot minganda, qushlar kabi uchguvchi,
Erkin-erkin havolarni quchg’uvchi,
Ot chopganda, uchar qushni tutquvchi,
Uchar qushday yosh yigitlar qayerda?
Tog’ egasi – sor burgutlar qayerda?

Sening qattiq sir – bag’ringni ko’p yillardir ezganlar,
Sen bezsang-da, qarg’asang-da, ko’kragingda kezganlar.
Sening erkin tuprog’ingda hech haqi yo’q xo’jalar,
Nega seni bir qul kabi qizg’anmasdan yanchalar?
Nega sening qalin tovshing “ket” demaydi ularga?
Nega sening erkli ko’ngling erk bermaydi qullarga?
Nega tag’in tanlaringda qamchilarning kulishi?
Nega sening turmushingda umidlarning o’lishi?
Nega yolg’iz qon bo’lmishdir ulushing?
Nega buncha umidsizdir turishing?
Nima uchun ko’zlaringda tutashguvchi olov yo’q?
Nima uchun tunlaringda bo’rilarning qorni to’q?
Nima uchun g’azabingni uyg’otmaydir** og’u-o’q?
Nima uchun borlig’ingda bu daraja buzg’unlik?
Nima uchun o’ch buluti sellarini yog’dirmas?
Nima uchun kuch tangrisi bor kuchi-la soldirmas?
Kel, men senga qisqagina doston o’qiy,
Qulog’ingga o’tganlardan ertak to’qiy.
Kel, ko’zingning yoshlarini surib olay
Kel, yarali tanlaringni ko’rib olay, to’yib olay.
Nima uchun ag’darilgan, yiqilgan
Og’ir toyning zahar o’qi ko’ksingda?
Nima uchun yovlaringni bir zamon
Yo’q qilg’unday temirli o’ch yo’q senda?
Ey, har turli qulliklarni sig’dirmagan hur o’lka,
Nega sening bo’g’izingni bo’g’ib turar ko’lanka?