Vaqtning barakasi qolmaganini ilmiy jihatdan qanday izohlash mumkin. Rejalashtirilgan ishlarga hech ulgurib bo‘lmayotgani esa ayni haqiqat.
Tushdan keyin ishxonadagi ayollar bemor hamkasblarini ko‘rgani borishlarini e’lon qilganlarida u ham bormoqchi edi, lekin darsdan so‘ng repetitor mashg‘uloti borligi, bugun oylik to‘lov pullar yig‘iladigan kun ekani yodiga tushgach, fikri o‘zgardi.
Turli oilalardan keladigan o‘quvchilar bilan ishlash qiyin. Bugun ham bir o‘quvchisining darsga quloq solmayotgani, nihoyat, unga ham ta’sirini o‘tkaza boshladi: xotirasi kuchli, ziyrak bola. Ma’lumotlarni darrov ilib oladi, bahsli nuqtalarni ham zumda ilg‘aydi. Qiziq, bu safar nega darsga quloq solmayapti?
Eshik taqillab, kotiba qiz kechga yaqin yig‘ilish bo‘lishini eslatdi. "Obbo, darsni tezroq tugatib, orada bozorga ham borib kelish kerak", – deya o‘ylarkan, kecha do‘konda ko‘rgan tuflisi yana xayolidan "yarq" etib o‘tdi. – Qimmat ekan, lekin juda bejirim. Unaqasi hadeb ham uchrayvermaydi”.
"Bolalar, bugunga yetadi. Vazifalarni yozib oling. Keyin... Nigor, oylik to‘lov pullarini yig‘ing".
O‘quvchilar xayrlashgancha birin-ketin chiqib ketishdi. U shoshib kitob-daftarlarini yig‘ishtirarkan, sinfda yolg‘iz emasligini endigina payqadi.
– Yodgor, biror gaping bormi?
– Bugun darsgayam quloq solmading.Tinchlikmi?
– Haligi... Anavi...
– Aytaver, – dedi u soatiga qarab qo‘yarkan, vaqti ziqroq ekaniga ishora qilib.
– Men... endi repetitorga kelolmayman.
– Nega?
– Oilaviy sharoitim... Xullas, kelolmayman.
– Hmm...
U ziyrak, qobiliyatli bu o‘quvchisiga alohida mehr bilan qarardi. Shuning uchun "kelaver, puling kerak emas" degisi keldi-yu, boshqalar bunday saxovatdan "unumli" foydalanishlarini hisobga olib, indamadi. To‘g‘ri-da, shundoq ham insof bilan boshqalardan ko‘ra arzon o‘qitsa...
– Mayli... Iloj qancha. Mustaqil bo‘lsayam o‘qishni davom ettir. Qobiliyatingni uvol qilma, – dedi ko‘zlarini o‘quvchisining ko‘zlaridan olib qochgancha.
– Xo‘p... Sog‘ bo‘ling, ustoz.
U xonada yolg‘iz qolgach, ko‘ksida achishishga o‘xshash noxush bir tuyg‘uni sezdi. Yelkasiga ilgan sumkani kimgadir zardalagandek yana qaytib stolga tashladi. Hozirgina o‘quvchisi chiqib ketgan eshikka tikilgancha stulga qayta o‘tirdi. Sumkasidan stolga sochilib tushgan uch-to‘rtta ming so‘mlik pullarni sekin, ammo shafqatsiz tarzda g‘ijimladi.
Devorga ilingan soatning "chiq-chiq"idan xonadagi sukunatga darz ketardi. U beixtiyor soatga qaradiyu bozor, undan keyin majlis yodiga tushdi...
Bozor oralab poyabzallar rastasiga yaqinlasharkan, va nihoyat, orzusidagi tufliga erishishini o‘ylab, ko‘ngli yorishdi.
"Aytgan narxiga olarmidim. Bozor-ku, talashib-tortishib tushiraman-da. Onamga ham bozorsomsa olib ketaman. Keksalar yosh bolaga o‘xshab qolarkan – bir nimalar yegisi keladi. Dunyojon, nega g‘amgin asarga o‘xshaysan?! Yaqinda onamning yelkalarida yurardim. Keyin o‘sha yelkalar bolalarimga ham asqotdi. Endi esa ular tiklab bo‘lmaydigan darajada engashib qolgan. Onajonim... Dunyoga kelib, ko‘rgani mehnat, o‘ksinish, sabr... sabr bo‘ldi.
Mehribonginam... bozorsomsani biram rohatlanib yeydiki... Bugun "rep"imning pulini olib, sizni somsaga to‘ydiraman desam, yosh boladay suyundi bechora.
Orzu deganlari kapalakka o‘xshaydi: goh chiroyli ko‘ylakka, goh bejirim tufliga qo‘nadi. Doim ham quvib yetish qiyin, lekin zavqi ham bo‘lakcha-da qurmagurning". U shunday xayollar bilan poyabzallar rastasiga yaqinlashdi.
Sotuvchi xalqiga gap uqtirib bo‘larmidi – foydasi yo‘q. Bir oylik "rep"ning pulini so‘raydi. Axir, unaqada bozorsomsaga pul qolmaydi-ku. Orzusidagi tufli esa tinmay xayolini o‘g‘irlaydi. Ko‘zlar ma’shuqasini uchratgan oshiqdek uning atrofida aylanadi. "Somsani keyinroq olib borarman", – qat’iy qarorga keldi u nihoyat. Sumkasidagi bor pulini olib norozi holda sotuvchiga uzatdi. Og‘zi qattiq sotuvchi esa unga orzusidagi tuflini tutqazdi...
"Shodlik xuddi qanot – yurmaysan, uchasan!" – quvonchi ichiga sig‘may soatiga qaradi-da, majlisgacha uyga ham kirib o‘tishga qaror qildi.
Onasiga suyunchilash uchun bejirim tuflisini orqasiga yashirdi.
– Nima olganimni toping-chi!
– Somsa-da! – dedi suvi qochibroq qolgan nonni shirinchoyga botirgancha lunjini u yog‘idan bu yog‘iga olib yeb o‘tirgan onasi bolalarcha ko‘zlari yonib...
U vujudidagi tomirlarini ilk bora sezdi – tomirlariga bir zumda olov yoyildi. Go‘yo og‘zidagi so‘nggi namni ham bazo‘r yutindi...

* * *

Majlis boshlanishidan oldin boshliq uni o‘z xonasiga chaqirib, keyingi paytlarda maqtovga sazovor faoliyat ko‘rsatayotganini, shu sababli bu oyda unga mukofot puli yozganini aytib qoldi.
"Mehnatlaringni e’tirof etishsa, qanday yaxshi. Yanayam yaxshiroq ishlashga g‘ayrating keladi. Odamzotning eng nozik nuqtasiyam shu – ulg‘aysayam boladek maqtovning quli bo‘ladi. Lekin kimlardir shu "nuqson"ingdan ham foydalanib qolishadi, ayniqsa "uddaburon" rahbarlar". – Boshliqning maqtovlarini tinglarkan, xayolidan o‘tkazdi. Yig‘ilish anchaga cho‘zildi. U orqa stollarning biriga joylashib, majlisga aloqasi yo‘q odamdek yondaftariga allaqanday shakllar chiza boshladi. Aytilayotgan gaplar ham qulog‘iga kirmadi. Hozirgina xayolida aylangan dialogni parishon bir holda qog‘ozga tushirdi:
– Hayotda eng tuban gunohkor kim?
– Xudbin.
– Uni qanday taniydilar?
– Nomardligidan.
– Nomard kim?
– Farzand...
Majlis yarimlaganda xodimlardan biri uzr aytib kirib keldi va ostonaga qo‘yilgan stulga cho‘kdi. Uning hadeb tirjayishi, me’yordan tashqari qilayotgan harakatlaridan yana ichib olgani ko‘rinib turardi. Atrofdagilar unga boshdan oyoq nafratlarini yo‘llasharkan, bu nigohlarda "shuyam odammikin. Yo‘q, odam bo‘lmaydi!" degan ma’no aks etdi.
Majlisda ikkinchi masala ko‘rilayotganda u yondaftarini yopib diqqatini jamlashga harakat qilarkan, ko‘zlarini katta ochib rahbarni eshitgan bo‘ldi, ammo ko‘zlar quloq bo‘laolarmidi – xayol uni yana olib ketdi. Birozdan keyin g‘ala-g‘ovur boshlandi. U sergak tortib yonidagi sherigidan nima gapligini surishtirib bildi.
– Axir, bu nohaqlik-ku!
– Ha, endi nima deysiz, bir nima desangiz yomon ko‘rinasiz, – dedi yonidagi ayol bir esnab olgach.
Ayblanayotgan xodim jovdirab hamkasblariga qaradi. Ko‘zlari yoshga to‘lib kelarkan, ovozlari titrab o‘zining haqligini isbotlay boshladi. Holbuki, bunga hojat yo‘q – uning haqligi shundoq ham ravshan edi. Lekin buni hech kim e’tirof etmadi.
Hamkasbiga nisbatan bo‘layotgan nohaqlikdan uning g‘azabi qaynadi. Barmoqlarigacha titroq yugurdi. "Bu adolatdan emas! Nohaqlik bu!" – deb aytish uchun o‘rnidan ko‘zg‘aldi. Go‘yo hamma shu gapni kutib turgan-u, u boshlasa, boshqalar ham qo‘llab-quvvatlashlariga ishondi, ammo... boshliqning boyagi maqtovlari, mukofot haqidagi gaplari yodiga tushdi. "Tupirdim mukofotigayam!" dedi ko‘nglida yana boshqa bir ovoz. Lekin... u, baribir, o‘rniga qayta o‘tirdi. O‘z-o‘zidan nafratlandi. Ilk bora asl qiyofasini ko‘rib turarkan, hayratga tushdi.
"G‘ovir-g‘uvir" tobora avj oldi. Hatto boyadan beri murg‘ilab o‘tirgan haligi "aroqxo‘r" xodim ham endi ko‘zlarini katta-katta ochgancha masalani anglashga urinardi. Boshliq stolga ruchkasi bilan urib jamoani tinchlantirgan bo‘ldi, xonada toza havo qolmadimi, hamma betoqatlana boshladi. Nihoyat, boshliq o‘z qarorini e’lon qildi... "No-haq-lik bu! – dedi kimdir birdan baland ovozda, – A-dolatsiz qaror!" Hamma nafasini ichga yutgancha boyagi piyonista xodim tomonga qaradi.

* * *

U uyga qaytganda kech tushib qolgandi. Boya bozordan sotib olgan bejirim tuflisini kiyib ko‘rmoqchi bo‘lib qo‘liga oldi, ammo loqaydlik bilan yana qaytib joyiga qo‘ydi.
Kechki ovqatni dasturxonga olib kelganda xuftonga azon chaqirildi. "Tavba, taom ham shunchalik bemaza bo‘ladimi, – o‘yladi u, – nega buni boshqalar sezishmayapti?" Onasi qancha zo‘rlamasin, u boshqa yeyolmadi. Tahorat olish uchun tashqariga chiqdi.
Joynamozni qiblaga qarata solarkan, negadir xuddi tahorat olmagandek tuyulaverdi. "Axir, hozirgina obdastani qo‘yib kirdim-ku uyga", – tanidagi namlikni sezib turarkan, hayron bo‘lib o‘yladi u.
Qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib boshini egdi. Kerakli so‘zlarni aytishga chog‘landi-yu, xayoli qochdi: "Opani ko‘rgani kasalxonaga bormadim. U bemor bo‘lganimda kelgan edi. Menga hurmati ham bo‘lakcha".
Rukuga egilganida esa haligi iqtidorli o‘quvchisining o‘ksik nigohlari negadir ko‘z o‘ngida muhrlandi.
Sajdaga bosh qo‘yarkan, fikrlarini jamlashga harakat qildi. Lekin harchand urinmasin, endi xotirasida bolalikdagi qo‘shni xolaning "kap-katta qizni opichlab yuravermang, tushiring! To‘rtga kirsang ham onangning yelkasida yurishga uyalmaysanmi!" degan so‘zlari aylandi. "Insonning xotirasi g‘aroyib narsa-da. Qachongi sahifalar ham saqlanib qoladi. Onam o‘shanda qanchalik baquvvat ekan. Endi esa shunday nochorki..." Birdan uning esiga yana bozorsomsa tushdi. "E-e, bo‘ldi-da, joynamoz ustidayam hadeb shuni o‘ylayvermayin!.." – ichini yana kemirishga tushgan xayollarni nari quvmoqchi bo‘ldi. Ammo boshi g‘ovlab ketdi. Ikkinchi bor sajdaga bosh qo‘yarkan, aksiga olib ko‘z oldiga yana boyagi majlisda o‘zini oqlashga urinib atrofdagilardan najot kutgancha javdiragan hamkasbining yosh to‘la ko‘zlari qadaldi. Tomog‘iga hali istamay yegan ovqatimi – nimadir keldi. Sajdadan boshini ko‘tarib bir zum jim turib qoldi. "Shuyam ibodat bo‘ldimi!.. – ijirg‘anib o‘yladi. – Nima qilyapman! Kimni aldayapman! – u dast o‘rnidan turdi-da, o‘z-o‘ziga zardalab joynamozni yig‘ishtirdi. Uloqtirmoqchi bo‘lib chog‘landi-yu, ammo ko‘ksiga sekin bosdi. Keyin birdan o‘pkasi to‘lib shundoq gilam ustiga cho‘kkalagancha yig‘lay boshladi: "Kechir meni, Xudoyim! Ibodat qilolmayman, qilolmayapman!" U endi butun vujudidan ko‘tarilib kelayotgan alamni to‘xtatib qololmadi: "Nega meni sinov dunyosida yaratding!? Irodasizligim ustiga nega vujudimni vijdon degan azob bilan qo‘shib tiklading!? Nima uchun yuragim ochiq jarohatdek tilinaverdi!? Sinovlaring natijasini avvaldan bilganing holda bu qiynoqlar senga zavq beradimi yo!? Qara, shuncha ilm – ochiq ko‘z bilan xudbinlik qila-qila yana senga uzr aytaymi?! O‘z-o‘zimni kechirolmayin-da, sening kechirishingni so‘raymi!? Ro‘parangda bezrayib turib uyalmay ibodat qilaymi!? Bunda ma’no qani!? Qani mantiq!? Qani!? Yo shu senga kerakmi!? Kechirmagin meni! Kechirma! Sening bahongga ham, tarozingga ham hojat yo‘q – o‘zim bilaman: men bir pulga qimmat odamman! Shunaqalar kiradigan jannating bormi?! Bo‘lmasa, nimani so‘ray?! Yoki allaqachon jahannamingdamanmi?! Do‘zaxingning boshqa bir nomi vijdon emasmidi?! Nega indamaysan?! Balki mana bu yerimni tirnayotgan og‘riq sening so‘zlaringdir?.. Shunchalar og‘ir so‘zlaysanmi..." – u asta-sekin "pasayib", yig‘lashdan to‘xtadi, chuqur tin oldi. Joynamoz chetidagi popuklarni tekislagancha xuddi qadrdon do‘stiga so‘zlagandek ishonch bilan shivirladi: "Mendan xafa bo‘lma. Juda charchadim. Sendan bo‘lak kim ham ko‘tarardi gaplarimni. Noshukur demagin. Kuchim yetmaydi-yu, lekin yaxshi inson bo‘lgim keladi. Gaplarimga javob bermasang ham eshitayotganingni bilaman. Baribir, seni yaxshi ko‘raman..." Shu zayl u o‘z-o‘ziga gapirayotgandek anchagacha pichirlab o‘tirdi. Nihoyat, ko‘nglini hech tark etmayotgan kirlik, noxush chigallik asta-sekin yechilib qaygadir g‘oyib bo‘ldi. Kunduzi bilan qo‘yib yubormagan horg‘inlikdan ham asar qolmadi. Holbuki, u qachonlardan buyon shunday yengillikni, huzurni kutgan, zo‘raki, loqaydlik bilan qilgan ibodatlaridan izlagan – topolmagan edi.
"Vaqt degan sirni hech tushunib bo‘lmaydi. Birpasda yarim tun bo‘ldimi?" – soatga qaragancha hayron bo‘ldi u. Yengil harakat bilan o‘rnidan turib joynamozni qayta yozganda chigirtkalardan boshqa hamma uyquga g‘arq bo‘lgan, uning ko‘nglida esa aksincha, yorug‘ bir tuyg‘u uyg‘ongan edi...

“Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil, 6-son.