Kelib ketdi necha dunyolar,
Kuldi hayot, yig’ladi o’lim.
Sen deb qurbon bo’ldi bobolar,
Ular ketdi, sen qolding, tilim.

Belanchaging uzra Koshg’ariy
Kuylab o’tdi qadim navoni
Va navqiron yaproqlaringga
Dil qonini berdi Navoiy.

Samarqanddan Bobur ketarkan
Dilda bo’g’ib hasrat sasini,
Olib ketdi ona yurtidan,
Turkiy tilim, birgina seni.

Mashrabmas, sen osilding dorga,
Nodiramas, sensan so’yilgan
Hoziqningmas, sening, ey tilim,
Boshing ayru, ko’zing o’yilgan.

Ammo dushman o’ldirgan botir
Tirilgandek yana qasosga,
Mangu borsan va mangu qodir
To’ldirmoqqa yerni ovozga.

Vatan uchun baxsh etib jonni,
Kechib olov, kirib daryoga,
Farzandlaring to’kkan har qonni
Shimirding sen o’xshab giyohga.

Ona tilim, omon bo’l mangu,
Sen borsan-ki men ham o’lmayman,
Tildan qolsam, seni Oybekday
Men ko’zlarim bilan so’ylayman.