...Kunlardan bir kun qushlar yig‘ilishib, majlis qur-moqchi bo‘lishibdi. Dunyoning bor qushlari - guliston qushlari, sahro, daryo, o‘rmon qushlari to‘planibdi. Biroq o‘rta-da to‘satdan nizo chiqib qolibdi: hech birining o‘ltirar joyi tayin emas ekan.
To‘tidan olashaqshaq, qumridan qarg‘a to‘rga o‘tib ketibdi. Lochin oyoq ostida qolib, kalxat yuqoridan joy olibdi. O‘rtada g‘avgo ko‘tarilibdi. Mojaro avj olibdi. Har birining o‘rnini tayin etuvchi dono hakamga, shahriyori odilga muhtojlik sezilibdi. O‘shanday bir adolat posbonining yo‘qligidan barchalari qayg‘uga tushibdilar.
— Shunday podsho bor. Uning oti - Semurg‘! — voqeaga aralashibdi Hudhud.
— Ey, nafasi jonbaxsh, nutqi dilpisand! Bizni sirdan ogoh et, o‘sha shohning sifatlarini bizga so‘zla! — iltijo qilishibdi qushlar.
— Sifati mingdan ortiq, qay birini aytayin, - javob qilibdi Hudhud. — Mayli, bittasini ayta qolay, — davom etibdi u:
— U borki, siz hayotsiz, har tarafga parvoz qilasiz. Siz uni a’zoingizdagi qondek, jismingizdagi jondek biling. Lekin u sizdan yiroqki, unga yetmak shu qadar mushkulki...
— Uni ko‘rgan bormi? Bizga tezroq daragini bersang-chi! - Qiy-chuv ko‘tarishibdi qushlar.
Voqea Chin shahrida bo‘lgan, - hikoya qila boshlabdi Hudhud. — Bir kechasi olampanoh olam bo‘ylab parvoz etmoqchi bo‘ladi. Yo‘l Chin ustidan tushgan ekan, shahar bosh-dan-oyoq yorishib, shu’laga ko‘milibdi...
— Boshla bizni unga, ey o‘dag‘a! Shunday shohimiz bo‘la turib, biz jaholatda yurmaylik, - uvvos tortibdi qushlar.
— Mayli, agar shuni ixtiyor etsangiz, men hamroh bo‘layin. Lekin, shuni esdan chiqarmangki, bu ish siz o‘ylaganchalik oson emas. Unga yetmoq uchun o‘t tutashgan biyo-bonlardan, xunoba oqqan daryolardan, bal o toshlari yog‘ilguvchi o‘rmonlardan, g‘am-ofat to‘la vodiylardan o‘tmoq kerak bo‘ladi. Shunda ham unga yetmoq mingdan biringizga nasib etadi, yo yo‘q. Ammo, kimki bu talabda jon bersa, uning zavqi hayotdan ming karra avlodur, kimki yetsa, unga abadiy visol nasib etgusidir.
Kushlar shahriyori odil ishqida zavq-shavqqa to‘lib, Hudhud peshvoligida Semurg‘ sari yo‘lga otlanadilar. Najot va o‘lim, umid va umidsizlik orasidagi yetti vodiyni bosib o‘tadilar. Qanchadan-qancha ibratlar, hikmatlar o‘rta-ga tushadi. Oxir-oqibat Fano vodiysiga yetib kelgan bir guruh qushlar Semurg‘ vasliga muyassar bo‘ladilar.
...Buyuk Navoiyning inson umri ma’no-mazmuni haqidagi qushlar tili bilan kuylagan «Lisonut tayr»i shu haqsa hikoya qilar edi. Darhaqiqat, mutaxassislar goho oltinchi doston deguvchi bu asardagi yigirmaga yaqin qushning sarguzasht va taqdiri, Hudhud bilan munosabatlari voqeaga kamarbastalik qiluvchi 65 hikoya bilan birgaliqsa o‘z yo‘lida tugal, nihoyasiga yetgan bir qissadir. Lekin hammaga ayonki, bu birlamchi mazmun Navoiy uchun shunchaki bir vosita, xolos. Buyuk mutafakkir asarning so‘zboshisidayoq «til», «so‘z», «hol» aslida «o‘zga» ekanligini alohida ta’-kidlaydi va uning tasavvufiy mazmuniga ishora qiladi.
Ha, qushlar - odamlar, Semurg‘ - qodiri haq. U, so‘fiylik ta’limoticha, olamni yaratib, unda o‘z jamolini ko‘rgazdi. Birni birga oshuftai mahliyo qildi, murod vahdatdur. Qushlar yetti vodiyni sarbasar bosib fanoga yuzma-yuz bo‘ldilar. O‘zlarining Semurg‘ ekanliklarini anglab, Haqqa yetdilar. Bu «Lisonut tayr»dagi ikkinchi, tagroqdagi, lekin shoirning diqqat markazida turgan mazmunki, unda hamma mutaxassislar yaqdildirlar.
Ayrim tadqiqotchilar unda uchinchi qavat mazmunni ham taxmin qiladilar: shoir umr bo‘yi «ulug‘ muddao» (Kichik erkonimdan kelib qoshima, Ulug‘ muddao soldingiz boshima) - turkiy tilni adabiy-madaniy hayotda barqaror qilish, chinakam turkiy adabiyotni yaratish ishqi bilan yashadi. Uni eng oliy maqsad bildi. Uzini xuddi shunday buyuk vazifani ado etmoq uchun yaratilgan hisobladi va unga erishdi. «Lisonut tayr»dagi bu — uchinchi qatlamni ham inkor etishga asos yo‘q.
Darhaqiqat, Navoiy ijodi shunday bir ummonki, undan har kim o‘z tilak-orzusiga, qunt-hafsalasiga, intilish-iqtidoriga yarasha gavhar topib chiqaveradi, hech kim umidsiz qolmaydi.
Biz keyingi paytlarda tariximizga tez-tez murojaat etmoqdamiz. Navoiy bizga har qachongidan yaqinroq bo‘lib qolmoqda. Sababi oddiy: ona sutisiz o‘sgan bolada mehr bo‘lmaydi. Shafqat ham, shijoat ham chaqaloq qalbiga ona allasi orqali kiradi. Jamiyatimizda tomir otgan ma’naviy majruhlikning, ruhiy so‘qirlikning bosh sababi o‘zimizni — o‘zligimizni unutganimizdan.
Dunyoda minglab millatlar bor. Shularning bir-biridan farq qiluvchi eng muhim belgisi nima? Til! Dunyoda yo‘qolib ketgan va shu kunlarda ham yo‘qolib borayotgan qanchadan-qancha millatlarni keltirish mumkin.
Lekin yangi paydo bo‘layotgan millatlarni bilamizmi? Va ularning yo‘qolishidagi birinchi belgi til emasmi? Navoiy shuning uchun ham besh asr ilgari bong urgan edi. Shuning uchun biz tilimizga davlat maqomi berdik. Shu jihatdan, bugungi kun - xalqimizning, o‘zbek millatining eng aziz, eng qutlug‘ kunidir.
Bizga goho ayrim o‘rtoqlarimiz, siz - tilchilar gapni rosa olib qochasizlar-da, til yo‘qolarkanmi, ana, bozorga boring, ko‘chani bir aylaning-chi, deyishadi. Ha, tilimiz salkam ko‘cha tiliga, bozor tiliga, daladagi mehnat tiliga aylanib qolgan edi. Navoiy besh yuz yil muqaddam mana shunga qarshi kurash ochmaganmidi?!
Men xizmat qiladigan dorilfununning e’tiborli fakultetlaridan biridagi muhtaram domlalarimizdan bittasi sal ilgariroq yarim hazil bilan shunday bir voqeani aytib bergan edi: til haqida gap-so‘z avj olgan payt. Domlalarimizga, keling, bir o‘zbekcha ariza yozib ko‘raylik-chi, dedim. Ishonasizmi, hech kim to‘g‘ri yoza olmadi. Nima deysiz?! Navoiyga yuz ming satrga yetgulik til bitta arizaga yetmaydimi?! U, vaholanki, 26 mingdan ortiq so‘zni ishlatgan, arizaga ketsa 20 so‘z ketar...
Ha, biz tilimizni yo‘qotayozgan edik. Eng katta fojia shundaki, buni mutlaqo his qilmay qolgan edik. Bu — millatning millat sifatidagi o‘zini yo‘qotishining boshlanishi edi. Shularni ko‘zda tutganda bugungi qo‘shaloq bayramning bir kunda nishonlanishida juda katta ma’no bor. Tilimizning barqaror bo‘lishida hech kim Navoiychalik xizmat qilgan, uning muhofazasiga hech kim Navoiychalik sobit turgan emas.

"Uyg‘ongan millat ma’rifati" kitobidan