Uni ilk bor G‘o‘bdintog‘ etagida uchratdim.

Quyosh nurlari nimjo‘sh rutubatni kesib, tiramaning achimtir issig‘i zabtiga olganida yaydoq dalada lo‘kkillab ketib borardi. Ahyon-ahyonda biyday yalanglikda is olib chopar, gohida bo‘ynini cho‘zib shuvoqlar orasiga hezlanib tikilib qolardi…

Ovi baroridan kelmasa, yana somonpoyasi yig‘ib olingan maydonga chiqib olardi.

Odam oyog‘i uzilgan adoqsiz dasht sahnida undan bo‘lak qora ko‘rinmaydi. Pastqam tepaliklarga yaqinlashavergach, yo‘lini o‘ngga burdi. Sel yo‘lida hosil bo‘lgan jarliklar oralab, shox-shabba va qush patlari uyulib qolgan qo‘qimlarni hidlab ko‘rdi. So‘ng kungay tarafdagi qiyalama sari yo‘rtib ketdi. Etakdagi to‘qayga o‘xshash bodomzorda sang‘ib yurdi: mullato‘rg‘ay quvdi, kovulning qotgan mevalarini terib yedi, eski qo‘shxonada1 allanimaning qoldiqlarini titkiladi. Ichida ovqatyuqi qotib qolgan tselofan idish kuzning yengil shabadasida pirillab, itning og‘zida osilib borardi. Daraxt shoxlaridagi dasht qushlari yelim xaltaning shitirlashi va itning bir maromda yo‘rtishini qiziqsinib kuzatib turadi. U yovvoyi bodomlar orasidagi akas tagida oyoq ildi. Tandirning og‘zidek kovak ichiga yer bag‘irlab o‘rmalay boshladi…

Sangzor va Zarafshon orasidagi kimsasiz G‘o‘bdin dashtiga bu it qayerdan kelib qolgan?. Qanday ayanch qismat odamlardan olis, ovloq manzilga uloqtirib tashlagan? Qaysi qilmishi bunday taqdirga ro‘baro‘ qilgan? Hech kim bunday savollarga javob bera olmas, ochig‘i, uning hayot tarzi hech kimning xayoliga kelmas edi. Ha-ya, nazardan batamom qolgan, tashlandiq emasdi: bolalagan kezlari kuzatuvda bo‘lardi. Ishqibozlar zimdan poylab, izma-iz yurib inini topardi; hali ko‘zi ochilmagan kuchukchasini xurjunga solib, dunyo topgan kaldek suyunib qaytardi. Cho‘ponlar: “Bolalari bo‘ribosar bo‘ladi”, derdi. “Bittasi ikki qashqirga teng!” degan gaplar ham ulardan chiqqan. Qiziq, laqabiyam turlicha edi.

– G‘ubursoyning kuchugi, – dedi bir kuni opam gap orasida.

– Saroylining sayoq iti! – jahl qiluvdi meshini g‘ajib ketganida Zubayda qo‘shnimiz.

– Olaho‘kki! – deb edi rahmatli Ismat cho‘pon bir ma’rakada.

Ismat cho‘ponning nega Olaho‘kki deganiga haligacha tushunmayman. Chunki uning olasi yo‘q, qizg‘ish malla, tug‘ma cho‘ntoq edi. Shalpanglagan quloqlari, kalta tumshug‘i et olgan paytlari o‘ziga yarashib turardi…

O‘shanda oltinchimi, yettinchimi sinfda, ishqilib, kichkina maktabda o‘qirdim. Bolalar to‘qqizni bitirgach, katta maktabga o‘tardi. Shunisi esimda. Ko‘pkarilab ketgan dadam bir oy deganda nomozshom mahali qaytdi. Sanchqi bilan g‘aramdan pichan sug‘irayotuvdim, otning uzun-uzun pishqirig‘i eshitildi. Darvoza yonidagi oqqa burkangan otliqqa ko‘zim tushdi: dadamni ham, Chambil laqabli otimizni ham charchoq bosib turardi. Jonivorning taram-taram yolida, dadamning qayrilma mo‘ylovida tomchinusxa sumalaklar bor edi.

– Qorong‘i tomda katta qilsang, – Chambilni otayvonga olayotuvdim, otam kecha-bugun ko‘zi ochilgan kuchukchani uzatdi. – Qopqir bo‘ladi!

Gidikning mizoji yaxshi ekan, sal kunda qora ovqatga o‘rgandi. Qish oxirida tozidek ingichka, lekin bo‘ydor itga aylandi. Ikki qor bosganida qishlog‘imizning oldi iti bo‘ldi. Men uni olti oy qorong‘i tomda saqladim. Shu boismikan, dadam aytganidek, qopqir va badjahl bo‘ldi. Kattaravergani sayin qo‘ni-qo‘shnilar seskana boshlagach, hovlimiz etagidan guvaladan in qurdik. Belbaravar qoziq qoqib, boylab qo‘ydik. Avvaliga oti yo‘q edi, ukam ikkimiz duch kelgan nom bilan chaqirardik. Hayit arafasi mehmonga kelgan ammam bir-ikki hayiqib: “Ol, anov Oqtirnog‘ingni?!” degach, laqabi Oqtirnoq bo‘lib qoldi.

Bir safar zanjirini uzib, Qo‘ziboy boboni bosganida dadam qattiq baqirdi.

– Miyang suyulib ketganmi? Hech zamonda itning zanjirini chilvir bilan ildiradimi qoziqqa?! – otam jahl bilan Oqtirnoqni katagi tomon sudrab borardi. – Simburov solsang, qilt etmaydi-ku! Bo‘riga ilakishgan Olaho‘kkidan bo‘lsa bu…

Nogahon Olaho‘kkining zurriyodi ekanligini bildim. Qo‘ziboy boboni qopgan bo‘lsayam mehrim oshib ketdi. Chunki uning bolalarini hamma orzu qilar, ayniqsa, cho‘ponlarning ishqibozchiligi zo‘r edi. Ich-ichimdan suyundim. Dadam keyinchalik nega sir saqlaganini aytib berdi. Olaho‘kki yilda bir marta, yolg‘iz bola tug‘armish. Biragay kuchuk nihoyatda olg‘ir bo‘larmish. Kuchga to‘lganida har qanday qashqirning dodini berarmish.

Yana, bo‘rini oladigan itni sirtlon ham deyishadi. Sirtlonlarning orqa oyog‘ida oltinchi tirnog‘i bo‘ladi. Tirnog‘i yettita, ya’ni qo‘shsirtlon itlar ham bo‘ladi. Bunaqalari juda kam uchraydi. Qishlog‘imiz keksalari: “Ular bo‘ri bilan olishganida sirtlon tirnoqlari ish beradi”, deb ko‘p gapirardi. Oqtirnog‘imizning old panjasida ham qo‘shsirtloni bor edi. Dadam: “Buning tomirida qashqir qoni oqayotir!” degich edi piypalab erkalaganida.

Oqtirnoq uch qor bosganida tanato‘sh oldi. O‘mrovlari kengayib, bo‘yni qalinlashdi. Shunga yarasha panjalari ham yo‘g‘onlashdi. Kallasi xumdek edi. Ovozi do‘rildoq – qandaydir vahimali jarang sochardi. Uyimizga begona kelsa yoki hamsoyalarning moli darvoza hatlasa, chunonam tashlanardiki, gohida zanjirini uzmasaydi deb qo‘rqardim. Tengqurlarim ham havas, ham hasad bilan qarardi. Bahaybat gavdasi, bo‘ri kelbati odamni hayiqtirardi. Ayniqsa, tug‘ma cho‘ntoq dumi, tagidan kesilgan quloqlari yanayam haybatli ko‘rsatardi. Qizg‘ish ko‘zlari qo‘rquvga solardi kishini. Uning yana bir g‘ayrioddiy qilig‘i bor edi: uzun qish kechalari uvlab chiqardi. Har gal uvlashdan oldin qisqa-qisqa hurib olardi. Uning bu hurishi ko‘proq chiyillab-g‘ingshiyotganga o‘xshardi.

O‘limidan keyin ko‘p o‘ylab yurdim: nega bunday qilardi? Qandaydir siri bormidi?.. Haligacha tagiga yetganim yo‘q. Lekin, otamning “Ota tomoniga tortdi-da!” degan gapi xotiramda.

Chambilimiz eng katta solim – tuyaga tashlagan kuni Oqtirnog‘imiz yana zanjirini uzdi. Avvaliga katagida jimgina yotgan edi. Men qo‘tondan qiy chiqarayotuvdim. Daf’atan inidan otilib chiqib, qibla tomonga siltanib huraverdi. Hovlimizni uning mag‘rur va do‘rilloq ovozi tutib ketdi. Har siltanganida katagi baravar sakrab zanjirini uzgudek otilardi.

– Qara anovga! Non-pon tashladingmi? – dedi opam oshxonadan chiqqan po‘choqlarni sigirimiz oxuriga to‘kayotib. – Og‘ilning sirtida daydi itlar yuribdimi deyman.

Kurakni olib sirtga chiqdim. Shunda… yonimdan bir ko‘lanka o‘qday uchib, ko‘krak bo‘yi devordan hatladi-yu, ko‘zdan yo‘qoldi. So‘ng itlarning g‘ala-g‘ovuri, ayrimlarining uvvos solib chiyillashi eshitildi. Hamza podachining betkayligida Oqtirnoq o‘nga yaqin it bilan olishib yotardi. Yo‘q, Oqtirnoq emas, o‘nga yaqin arloni it bir-biri bilan olishib yotgan edi. Qulog‘i kesilmagan qanjiq betkaylikda lo‘killab ketib borardi. Birpasda bolalar jam bo‘lib itlarni olkishladik. Men qo‘ng‘ir itni tagiga bosib olgan Oqtirnog‘imizga kisht berib turdim. Qo‘ng‘ir Oqtirnoqning tagidan sibjirilib chiqar, u esa zilday gavdasi bilan bosib olardi. Gohida tik turib savashar, Oqtirnoq bir zarb bilan qulatib yana tagiga olardi.

– Iting hadisini bilmaskan!

Kutilmagan xitobdan ortimga burildim. Ismat cho‘pon olishuvni bamaylixotir, lekin sinchkov kuzatib turardi.

– Eshakday gavdasi, tuyaday kuchi bor! – cho‘pon o‘ziga o‘zi gapirayotganmidi yoki menga aytayotibmidi anglab bo‘lmasdi. – Ikki marta Qo‘ng‘irning bo‘g‘izi to‘g‘ri keldi. Eplolmadi. Bir hamlada julunini qayirib, mayib qiladigan savlati bor-a…

Lekin cho‘ponning aytgani bo‘lmadi. Oqtirnoq raqibini bosib turaverdi-turaverdi. Bir mahal jarning nishabligi o‘ngay kelganda, Qo‘ng‘ir sibjirilib chiqdi-da, tura qochdi. Oqtirnoq jahd bilan quvsayam yeta olmadi. Qo‘ng‘ir dumini choti orasiga olib, qishloq oralab ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Itimni sudrab kelib, zanjirini qoziqqa qalin sim bilan boylab qo‘ydim. Shu payt bo‘ynining ostidagi jarohatga ko‘zim tushdi. Terisi bir qarich kesilgan edi. Silqillab qon tomchilardi. Tasmasini avaylab olib, yelkasi va to‘shidan arqon o‘tkazib bog‘ladim. Dadam kelguncha katta enam ikkimiz kepak qizdirib bosdik. Eski ro‘mol bilan bo‘ynini o‘rab qo‘ydik.

– Nima bo‘ldi bunga? – qosh qorayganda uzangidoshlari bilan qaytgan dadam itni ko‘zdan kechirayotib so‘radi. – Pichoq bilan tilgandek-ku!

Xullas, dadam allambalo, hidi o‘tkir dorilar bilan ancha vaqt muolaja qildi. Har safar malham surayotganida eski chopon bilan tumshug‘idan ushlab turardim. Qish adoqlab, ko‘klam oyoqlagungacha zo‘r berib qaradik. Bilmadim, ammamning katta o‘g‘li kelib, Oqtirnoqni olishuvga olib chiqmaganida yoki uni urishtirishiga qarshi turganimda boshqacha bo‘larmidi…

Zaman aka – ammamning katta o‘g‘li, dadamning to‘ng‘ich jiyani edi. Shu boismikan, erkatoyligi biznikida ham o‘tardi: uyga kelsa istagan ishini qilar, xohlasa ot minardi yoki “Jiguli”mizni uchirib kelardi. Negadir otam ko‘p qattiq gapirmasdi unga. Ayniqsa, Chambilimizni terga pishirib kelgan kezlari “Ayting, minmasin!” deb jig‘ibiyronim chiqardi.

– U – mehmon, sen – uy egasi! – deb vazmin gap qotardi dadam. – Bir terlagani bilan oting o‘lmaydi. Qaytanga, pishadi.

Zaman aka esa bilganidan qolmasdi. Xuddi tog‘begidek ko‘ngliga kelganini qilardi. Shaharda do‘xtirlikka o‘qirdi. Shuning uchunmi, o‘rischa aralashtirib gapirardi. Ha-ya, uning oti aslida Zaman emas, Abduzamon! Negadir “abdu”si tushgach, xunukkina “zaman”ga aylanib qolgan.

– Hey, Botash! – dedi o‘sha kuni kulchatoyni yeb bo‘lgach. – Davay, kuchugingni obchiq. Hozir cho‘botlar keladi, urushtiramiz: bir qo‘y tikib, garov o‘ynaganman.

Dadam eshitmadimi yoki payqamadimi, ishqilib, hech narsa demadi. Nima qilay degan ma’noda qaragan edim, parvo ham qilmadi. Dasturxonga omin aytilgach, noiloj qo‘zg‘aldim. Istar-istamas Zaman akaning ortidan tushdim. Oqtirnoq anchadan beri qoziqda turganligi uchun meni sudrab chopqinlar, uzoqdagi itlarni ko‘rsa vahima solib hurib qo‘yardi. Hash-pash deguncha atrofimizda tengto‘shlarim ko‘payib ketdi. Barchasi olishuvni muhokama qilib borar, men esa zanjirni mahkam qisib oldinda yo‘rtib ketardim.

Kallalisoyga yetganda ularning qorasi ko‘rindi. O‘n choqli bola uvoqqina bir itni o‘rtaga olib, bo‘ynini siypar, yelka va oyoqlarini uqalardi. It shunga o‘rgangan, shekilli, tumshug‘ini cho‘zib, gavdasini kerishtirib, ajib bir holatda mazza qilayotgandek edi. Yaqinlashaverganimizni ko‘rib, oldinma-keyin soyga tushishdi. Soyning tekisroq joyini tanlab, mayda toshlardan ulkan aylana qildik. Zaman aka ularning Tengboy degich kattasi bilan muzokara qildi. Ikkovi o‘rtaga bir qo‘yning pulidan tikib, xolis odam – o‘ngatlik Qurolboy jo‘ramga berib qo‘ydi. Ashur aka hakam bo‘ldi. Darvoqe, Oqtirnoq ularning itini ko‘rgach, shovqin solib, siltanib tashlansa ham, u parvo qilmas, egasining ortidan mayda qadamlar bilan yo‘rg‘alab ketaverardi. Hayiqqan-hayiqmaganini bilib bo‘lmasdi. Doira ichiga solib, jangga tashlaganimizda ham hurmadi. Faqatgina irillab, tishining oqini ko‘rsatib, ilkis Oqtirnoqqa tashlandi.

Birinchi bo‘lib hujumni u boshladi. Itimning chap boldiridan olib, piypalab g‘ajishga o‘tdi. Oqtirnoq ulkan gavdasi bilan surib borib yotqizdi. Qarchig‘ayiga og‘iz solib, pastga bosdi. Uning beli mayishib, bir amallab Oqtirnoqning chap tomoniga o‘tib, biqinidan oldi. O‘sha kez bahaybat Oqtirnog‘imning qoyadek ag‘darilganini va cho‘botlar iti ildamlik bilan bo‘g‘ziga chang solganini ko‘rdim. Ichim idrab ketdi. Oqtirnoq xirillar, mening esa qonim qaynab-toshardi. Davradan qisilib chiqib ajratmoqchi bo‘ldim. Kimdir tirsagimdan tortdi.

– Nima deysan, iting oldirganini tan olasanmi? – dedi Tengboy Zaman akaga.

– He, nima deyapsan?! O‘ligini olib ketasan laychangning!

Zaman akaning shu gapidan keyin doira tarafga burildim. Oqtirnoq cho‘botlar itining ustiga chiqib, to‘g‘rirog‘i, dustaman yotqizib, qulog‘ini chaynab-piypalardi. Yelkamdan tog‘ ag‘darilgandek, shu topda o‘zim g‘alaba qozonayotgandek edim. Afsuski, raqibimiz o‘ta chayir, chayir ham emas, qayish ekan. Chapdastlik bilan buralib, zilday bosib turgan ko‘lankadan xalos bo‘ldi. Ikkisi ajrashib, yana urushmoqqa tushdi.

– Hey, qaranglar! Ko‘ktoy dum tashladi, – dedi qo‘shnimiz Hamroqul qichqirib.

Haqiqatan ham, cho‘botlarning ko‘k iti shalvirab, gajak dumi osilib qolgan edi.

Orada ancha bahs bo‘ldi. Birov unday, birov bunday dedi. Tortishuvga hakam – Ashur aka nuqta qo‘ydi:

– Yana bir marta qo‘yamiz, qaysi biri bossa shunisi g‘olib!

Itlar maydonga tushishi bilan avvalgi shijoatga mindi. Oldiniga tik turib savashdi. Bunda Oqtirnoqning qo‘li baland keldi. O‘ng panjasi bilan Ko‘ktoyni urib ag‘dardi-da, sag‘risidan bosdi. Oqtirnoqning tik turib savashishda g‘alaba qilishi aniq. Chunki uning tanasi raqibinikidan ancha yirik edi. Ko‘ktoy juda chaqqon va urushishning hadisini olgan ekan. Chapdastlik bilan o‘nglanib, Oqtirnoqning chotiga tish botirdi. Yotgan joyida bir ag‘darilib, Oqtirnoqning orqa tomoniga o‘tib oldi. Shunda itimning orqa o‘ng oyog‘i cho‘zilib, noqulay turib qoldi. Ko‘ktoy shuni poylab turgan ekanmi, orqaga tisarilib Oqtirnoqni rezinadek cho‘za boshladi. Boyaqish hech narsa qila olmas, faqat ortiga qarab irillardi. Tag‘in ichimga vahima tushdi. “Bor-e!” deb ajratib olish uchun doira tomon yurdim. Ko‘ktoy enishda edi. Tisarilib tortavergach, tobora pastlayverdi. Kutilmaganda Oqtirnoq ilkis ortiga buralib siltandi. Ko‘ktoy yana uning tagiga tushdi. Oqtirnoq raqibining chakkasiga og‘iz solib piypalayverdi…

– Bo‘ldi! – dedi cho‘botlar orasida birov yig‘lamsiragan ovozda. – Itimni o‘ldirib qo‘yadi.

Ashur aka qo‘lidagi xalacho‘pni Oqtirnoqning og‘ziga solib buradi. Ko‘ktoy ozod bo‘ldi va qimir etmay tilini osiltirib turaverdi. Oqtirnoq cho‘loqlanib chetga chiqdi.

– Ho-ov, bolalar! – ko‘zi qisiq bola tuyqus gap boshladi. – Manov kuchuk chetladi – yutqizdi!

Tag‘in bahs boshlandi.

– Kelinglar, oxirgi marta maydonga tushiramiz! – Ashur hakam janjalning oldini olish uchun murosaga keltirmoqchi bo‘ldi. – Qaysi biri yengarkan?

Men norozi bo‘ldim. Qonga belangan Oqtirnoqqa ichim achidi. Ayniqsa, tingan ko‘zlari, osilib turgan tili, chotidagi kesik jarohati rahmimni keltirdi. Zaman aka zo‘rlik bilan davraga tortdi. Oqtirnoq sudralib bordi. Lekin… Ko‘ktoy irillab u yer-bu yeriga chang solganda ham ayiqdek beparvo turdi. So‘ng og‘ir qadamlar bilan aylana chetiga chiqdi.

Cho‘botliklar kalaka qilib kulishdi. Zaman akaning jahli chiqdi. Mushtdek toshni olib Oqtirnoqqa uloqtirdi. Tosh uning biqiniga tekkanida bir siltanib tushdi.

– Tfu, buning daltonik1, ha, qip-qizil daltonik! – dedi Zaman aka jahlini jilovlay olmay. – Buning faqat uyingga kelgan begonani, qo‘shnining molini ko‘radi. Manov laychani ko‘rmaydi. Uni ko‘rish uchun ko‘z kerak, yurak kerak!

Men Oqtirnoqni yetaklab qiyaga o‘rladim. Bolalar tarqalishdi. Ziyon asabiga urgan Zaman aka soy o‘rtasida hamon shunga o‘xshash gaplarini takrorlardi:

– Bo‘rini oladi desam, chiniminan ko‘ppak-ku bu! Na olishishni biladi, na chap berishni. G‘irt daltonik: uyga begona kelsa bosishi kerak, mol-hol ostona hatlasa o‘takasini yorishi kerak. O‘rgildim, senga o‘xshagan Ollaho‘kkining bolasidan. Kasal – bu!

Kechqurun mol-holni tinchitib uyga kirganimda dadam qorakisalik chavandozlar bilan gurunglashib o‘tirgan ekan.

– Zaman jiyan ko‘rinmaydi?! – dedi choy ko‘tarib kirganimda.

Chidab turolmadim. Oqtirnoqning ayanchli holidan ichim ezilib ketgandi. Nazarimda, o‘lar holga kelgandi u. Hiqichog‘imni bazo‘r bosib:

– Zaman ketdi, Oqtirnoqni o‘ldirib tinchidi! – dedim yig‘lamsirab.

Polvonlar biri olib-biri qo‘yib meni tinchlantirdi. Dadamga hammasini aytib berdim.

– Parvo qilma! – maslahat berdi to‘rdagi shopmo‘ylov mehmon. – Bundan bu yog‘iga kechqurunlari bo‘shatib, ertalab boylab qo‘y. Shunda pishadi, uqdingmi!

– To‘g‘ri aytasiz, Oqbo‘ta aka! – dadam ma’qullab gap qo‘shdi. – Buning kuchugi zanjirini uzib bo‘shalmasa, bo‘sh qo‘ymaymiz-da. Shunga o‘nglab urusha olmagan. Uzzukun bir qoziqda turgandan keyin qaydan bilsin?

Shu bilan gap o‘zani boshqa tomonga burildi.

– Hayvondir, odamdir, nimaiki bo‘lmasin, sal erkinlik kerak, ko‘pga aralashib turish kerak, – piyolani kaftida o‘ynab o‘tirgan Abdul chapaqay degich qo‘shildi oraga. – Bu – it ekan. O‘ngatlik Shukur hosilotning gap-so‘zidan umuman hafsalam pir bo‘ldi. U shahardagi Tolli jiyan bilan tomir bo‘laman deb xo‘p ko‘rdi. Bolalari bo‘shang, shekilli, murodi hosil bo‘lmagach: “O‘g‘ling o‘ngli bo‘lmasayam qiyin ekan”, deb nolib yuribdi. “Ming qistasam ham, shaharga bormadi sho‘ringqurg‘ur”, dedi u kuni tegirmonboshida. Nima emish, kuyov bo‘lmish shaharlik qizlardan hayiqarmish.

– Ee, Abdul aka. Hosilotning bolalari uydan ko‘chaga chiqmagan, beshikdan tushganidan beri suruvning ketidan ergashib yurgan bo‘lsa, – shopmo‘ylov polvon gapni ilib ketdi. – Ularda nima gunoh, asli Shukur ziqnani urib ketgan. Bitta-yarimini o‘qitganida yoki munday bir elga aralashtirganida bolaning o‘zi qizni yetaklab kelardi.

Hangoma ancha cho‘zildi. Peshma-pesh choy damlab, qaynatmaning kosalarini yig‘ib oldim. Oyim xamir iylab, kulchatoy tadorigiga kirishayotgan edi…

Ertalab Chambilni yakkamixga olib, qo‘ylarga arpa berayotganimda qo‘noqlar turnaqator bo‘lib uydan chiqdi. Avval dadam bilan, so‘ng katta enam va oyim bilan xayrlashdilar. G‘ovga yetganida Abdul chavandoz jilovni tortib menga yuzlandi:

– Bo‘ribosaringni har oqshom bo‘sh qo‘y, ulim. O‘tgan-ketgan itlar bilan talashaversa, o‘yini ko‘payadi. Hademay qashqir bilan dovlashadigan bo‘ladi.

Daf’atan Oqtirnoqning katagi tarafga qaradim…

U ko‘rinmasdi. Mollarning oxuriga yemish tashlab, tevarakni ko‘zdan kechirdim. Qozig‘iga ildirilgan zanjirga ko‘zim tushdi: bir uchi katakning ichiga kirib ketgan edi. Uyasining to‘ri chuqur va zax ekan. Avvaliga “mah-mah”lab chaqirdim. Qiyo ham boqmadi. Zanjiridan tortib, chiqarmoqchi bo‘ldim…

Katagining to‘rida g‘ujanak bo‘lib, tosh qotib qolgan edi.

Dadam ikkimiz Kallalisoyga sudrab ketayotganimizda Qo‘tirqoyaning ustida nimadir cho‘nqayib o‘tirardi. Beldan oshayotganimizda bir-bir qadam tashlab pastga endi. Oqtirnoqni ko‘mib, ustidan tuproq tortgunimizcha qiyada o‘tirdi. So‘ng bir maromda lo‘kkillab dasht tomonga yo‘l soldi. Belga ko‘tarilganimizda qori ketib, qora-qo‘ng‘ir tus olgan maydonda ketib borardi. Uzoqlashgani sari bepoyon dasht sahnida kichik nuqtaga aylanib, tund tabiat qo‘yniga singib borayotgandek edi.

«Yoshlik» jurnali, 2015 yil, 8-son