Siz yo‘llar tanobin tortgan sayyohsiz,

Kiyik so‘qmoqlardan yurmadingizmi?
Siz yerdan ogohsiz, ko‘kdan ogohsiz, ...
Mening bahorimni ko‘rmadingizmi?

Dunyo tilsimlari qoshingizda jam,
Nigohingiz tiyrak yulduzlardan ham.
Ko‘pni ko‘rgan inson, ey donish odam,
Mening bahorimni ko‘rmadingizmi?

Tegrangizda tog‘lar cho‘kmishlar qator,
Jilg‘alar ko‘zyoshin to‘kmishlar qator,
So‘roqlar bag‘rimni so‘kmishlar qator,
Mening bahorimni ko‘rmadingizmi?

Bahor sellaridek toshqin, shahdlisiz,
Sulaymon otadek tojli-taxtlisiz,
Ayting, buncha xursand, buncha baxtlisiz?
Mening bahorimni ko‘rmadingizmi?

Powered by OrdaSoft!