Kimsasiz, tinch bog’ chetidagi

O’rindiqqa o’tirgan bu chol,
Ko’ksidagi – sir ichidagi
Sirlarini ochdi misli fol:

“…Qishmi, yozmi, yoki kuzimidi –
Esimda yo’q, faqat yodimda:
Ikki devdek yigit turardi
Qodiriyning ikki yonida.

Uning so’zi bitik qog’ozlar
Uchib yurar edi osmonda,
Taratardi ajib ovozlar,
Uyg’otardi qo’rquvni qonda.

Ortda qolib borardi Toshkand,
Mahbus unga ma’yus boqardi –
Samarqandni tashlab ketayotgan
Bobur kabi rangi oqarib…

Panjaraning orqasidan u
Ko’rardi: kuz, yoz,qish va bahor…
Daraxtlarda bo’rtardi tuyg’u,
Xazon uchar, yog’ilardi qor.

Uning ko’zi osmonga qarab
Kimnidir jim siqtab chaqirdi,
Samarqandni tashlab ketayotgan
Bobur ko’zi bilan boqardi.

“Non” deb yozuv bitilgan moshin
Tuynugidan uning ko’zlari
Bu dunyoda hurlik va Vatan
Buyuk baxtdir, deya so’zlardi.

“O’tgan kunlar” varaqlarini
Shundan keyin o’qidi olov,
Shundan buyon olov telbadir,
Yalov bo’lay, der endi, yalov!”

Chol shunday deb boshini egdi.
Dedi: “Qanday odamlar o’tgan!”
So’ng u ma’yus ko’zini tikdi
Yashnab turgan bir tutam o’tga.

Yashil edi, yosh edi bu o’t,
O’ynashardi barglarida nur.
Balki bu o’t “O’tgan kunlar”ning
Yonib ketgan varag’i erur.

Men jim edim: og’rirdi ko’ksim,
Tegramda-chi: yoz, kuz, qish, bahor…
Daraxtlarda bo’rtardi kurtak,
Xazon uchar, bo’ralardi qor.

Ko’kka boqsam: osmon yo’q edi,
Yer yo’q edi o’rnimdan tursam.
Bir o’q meni ta’qib qilardi
O’sha kuni qayoqqa borsam.

Ko’kragimni tutmoqchi bo’lib
Yo’lin to’ssam, to’xtar edi u.
Shivirlardim qayg’uga to’lib:
“Bu dunyoga qaytmas endi u!”

Shivirlardim dilimda alam,
Boqib o’sha… o’sha Toshkandga
Va osmondan kimdir ushbu dam
Mahzun boqib turardi menga…

1987