Noyabrning oʻrtalarida bir guruh yozuvchilar bilan Buxoroga sayohat qilganimiz hali hamon yodimda. Oʻshanda tunash uchun shaharning koʻzga koʻringan mehmonxonalaridan biriga tushgandik. Qoʻnalgʻamiz chakki emas, barcha shart-sharoitlar yaratilgandi. Nonushta paytida ustoz Abduqayum Yoʻldosh, yozuvchilar Javlon Jovliyev va Sherzod Xalilov, shuningdek kamina mehmonxonaning birinchi qavatdagi restoranga yoʻl oldik. Restoran keng va shinam edi. Sheriklarim negadir u yerdagi stollardan birida savlat toʻkib oʻtirgan kishini koʻrib, uning oldiga oshiqishdi, men restoran xizmatchisining tavsiyasiga asosan oʻsha stolga qoʻshni boʻlgan-boʻsh turgan stol sari yurdim. Stulga oʻtirarkanman, sheriklarimni oʻsha kishi bilan qoʻl berishib, uning ustiga quyuq soʻrashishganiga koʻzim tushdi. Men adabiyot odami boʻlmaganim uchun uni tanimadim va kim ekan u, deb rosa boshimni qotirdim.

-Ahmadjon Meliboyev, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri,- dedi Javlon roʻparamga oʻtirgach, soʻrashgan odamlari kimligini bilish maqsadida unga savol bilan murojaat qilgandimda.

Oʻz stolimizda biz yoshlar jim nonushta qildik. Boshlanishiga asosan Abduqayum Yoʻldosh bilan Ahmadjon Meliboyev oʻzaro suhbatlashishdi. Orada ustoz bizni nima maqsadda Buxoroga tashrif buyurganimizni Meliboyevga aytib, unga meni tanishtirdi. Meliboyevni endi koʻrib turgan boʻlsam-da, uni publitsist sifatida yaxshi bilar, Chingiz Aytmatov va Nobel mukofoti haqidagi maqolalarini qachonlardir matbuotda oʻqigandim.

-Chingiz Aytmatovga nega Nobel mukofoti berilmagan deb oʻylaysiz?- dedim oldimdagi choydan bir xoʻplab olgach dabdurustdan Meliboyevga yuzlanib.- Menimcha, u bunga arzirdi.

U meni tap tortmasligimga ahamiyat berdimi-yoʻqmi, bilmayman. Ammo sir boy bermay bir pasda uzundan uzoq maʼruzasini boshladi. Dastlab Chingiz Aytmatov haqida gapirdi. Ancha iliqlik bilan, toʻlqinlanib, qoʻshimchasiga kam uchraydigan mehr-muhabbat bilan. Nobel mukofoti haqida esa ensasini qotirib va xafsalasizlik bilan uni siyosiy oʻyinlar qoʻlidagi bitta qoʻgʻirchoq, deb atadi.

-Sen ham vataningdan chetga chiqib, xorijda yashasang va u yerdan turib vataning ustiga oshkora magʻzava agʻdarsang, tabiiyki senga ham Nobel mukofotini berishadi,- dedi u gapining soʻnggida menga kinoya qilib.

Uning ayrim katta yoshdagi ijodkorlarga xos boʻlgan izzattalablik balqib turgan  chehrasiga qararkanman, sezilar-sezilmas miyigʻimda kulib qoʻydim va shu boʻyi unga boshqa gapirmay, undan qolishmagan tarzda kinoya qilgancha  nonushta qilishda davom etdim. Nobel mukofoti borasidagi uning xulosasi taʼbimga oʻtirmadi. Ancha yillar oldin matbuotda eʼlon qilingan “Nobel mukofotiga tobingiz qalay?” deb nomlangan  maqolasida ham u nazdimda bir tomonlama fikr yuritgan, ayni paytda bildirgan  fikri ham yuzaki edi.

Nonushtadan soʻng, u bilan xayrlashib, Buxorodagi tarixiy obidalarni aylanish uchun bizga ajratilgan mikroavtobusga oʻtirdik. Yoʻl boʻyi shaharning tarovatini kuzatib ketgandek koʻrinsam-da, aslida xayolim Meliboyevning nonushta paytida aytgan gaplarida edi. Shu tufayli hatto, Naqshbandiy ziyoratgohidagi iliq muhit ham koʻnglimga sigʻmadi. U yerda aylanib yurarkanman, nahot Nobel mukofoti laureati boʻlgan barcha muhojir yozuvchilar horijda yashab, oʻz vatanlarining ustiga magʻzava agʻdarganlari uchun mukofotni qoʻlga kiritishgan boʻlsa, deb oʻyladim. Shunda yodimga tasodifan rus muhojir yozuvchisi Ivan Bunin tushdi. Uni koʻp oʻqiganman deya olmayman. Shunga qaramay uning hayotini ipidan ignasigacha bilar,  “Covuq kuz” nomli hikoyasi eng sevimli hikoyalarimdan biri boʻlib,  qachonlardir uni oʻqiganimda koʻzlarim namlangani rost edi.

“Sitorai Moxi Xosa” majmuasiga eltadigan yoʻl boʻyi uning hayoti bilan ijodi haqida xayol surib ketdim. Asarlari, kechirgan hayoti, faranglar yurtidagi umrguzaronligi, Nobel mukofotini qoʻlga kiritgan lahzalari, kundaligidagi oʻlimi yaqin qolgan paytda yozilgan vatanni qoʻmsash bilan sugʻorilgan armonli satrlari va hokazolar birma bir xotiramda jonlandi.

-Sitorai Moxi Xosa majmuasi,- dedi bir mahal bizga yoʻlboshchilik qilayotgan yigit.

Uning buxorocha lahjasidan oʻzimga keldim. Mikroavtobus allaqachon bu majmua oldiga — Amir Olimxonning yozgi saroyiga yetib kelgandi.

-Esdalik uchun suratga tushamizmi?- dedi oʻzbek guruhiga masʼul boʻlgan ijodkor Nodira Ibrohimova darvoza oldida.

Buninlar oilasi adashmasam oʻtgan asrning yigirmanchi yillari boshida bolsheviklar boshchiligidagi Rossiyani tashlab Fransiyaga koʻchib ketishgandi. Bitta ular emas. Ularga oʻxshab yuzlab ijodkor oilalar, minglab boshqa kasb egalari, yuz minglab oddiy rus odamlari boʻynilariga muhojirlik qismatini olib oʻz ixtiyorlariga qarshi yurtni tashlab chiqib ketishgan va shu boʻyi butun ovroʻpo boʻylab sochilib ketishgandi.

Ivan Alekseyevich Parijdagi Jak Offenbax nomli koʻchada joylashgan oʻrtamiyona xonadonlardan birida istiqomat qilarkan, bu muhojirlik qismati va Rossiyada davom etayotgan bolsheviklarning xunrezligi haqida kuyinib yozadi. Parijga kelishidan oldin, Odessa, Istambul, Sofya shaharlarida yashagan paytida kundaliklar tarzida yozilgan “Badbaxt kunlar” asarida koʻtarilgan mavzu — inqilobdan oldingi Rossiyani qoʻmsash va endilikda yurtni egallagan Lenin boshchiligidagi bolsheviklarga tuganmas nafrat bilan munosabatda boʻlishni u Parijda ham davom ettiradi. Biroq, bu uning vatanparvarligiga aslo dogʻ tushirmaydi, chunki uning nafrati bepoyon rus oʻlkasiga nisbatan emas, unga hukmronlik qilishni boshlagan bir toʻda qoloq, johil, qonhoʻr kishilardan iborat boʻlgan siyosiy guruhga qaratilgandi.

-Rossiya mening vatanim,- deydi u Shmelyov va Zaysev kabi muhojir yozuvchilar bilan suhbatlashgan chogʻlari.- Hech kim menga vatanni sevishni oʻrgata olmaydi, men buni oʻz sheʼrlarim va hikoyalarim orqali allaqachon koʻrsatib boʻlganman. Hozir esa Lenin boshchiligidagi bolsheviklardan nafratlanaman, vatanimdan emas.

Parijda yashagan yillari u  bunga javoban oʻzining eng yaxshi asari — “Arsenyevning hayoti” nomli romanini yozib tugatadi. Asar avtobiografik boʻlib, Bunin unda inqilobdan oldingi Rossiyani va oʻsha davrdagi koʻngli toza, pok odamlarni qoʻmsash, ular atrofida oʻtgan orzu-umidlarga toʻla yoshlik yillarini esga olish orqali vatanga muhabbatni goʻzal tarzda va teran ifodalaydi. 

-Yuringlar, Amirni ovroʻpo meʼmorchiligi asosida qurdirgan saroyiga kiramiz,- dedi menga Sherzod Xalilov ana oʻsha romanning syujetini xayolimdan oʻtkazayotganimda.

Qolganlarga qoʻshilib oyoq ostiga tosh yotqizilgan hovlini bosib oʻtdim-da, saroyning ichkarisiga kirdim. Ichkarida — xuddi ertakni eslatuvchi fonda yana esdalik uchun suratga tushishlar boshlandi. Bir chekkaga borib, derazadan noyabrning xira quyoshi nurida tovlanib turgan saroy hovlisiga nazar solarkanman, lahza oʻtmay ikki ming oʻn toʻqqizinchi yildagi Buxoro oʻrnida bir ming toʻqqiz yuz oʻttiz uchinchi yildagi Parij gavdalandi. Uning gavjum koʻchalaridan biri koʻz oldimda paydo boʻlib (bu Rivoli koʻchasiga oʻxshadi), odamlar oqimi birin ketin uni toʻldira boshladi. Boshiga shlyapa, egniga uzun frak kiyib uning choʻntagidan oppoq dastroʻmolini yoki kumush siferblatini chiqarib olgan zodagonlar; bakenbardlari qalin, choʻrtkesar, egnidagi harbiy kiyimiga sigʻinadigan harbiylar; oʻlikdan farq qilmaydigan yuzini qiyshaytirib esnagancha oʻzaro suhbatlashib ketayotgan davlat xizmatchilari; yuziga toʻr tushirib olib, ixcham kiyingan sirli ayollar; tamaki tutatgan, shirakayf yigitlar; bir-birini pinjiga kirgancha atrofga beparvo boqqan oʻynoqi  juftliklar; kamzulining tugmalari sirtilib, shimlarining tizzasi yirtilib ketgan, qoʻllariga gazetalarning yangi chiqqan sonlarini ushlab olgancha, baqirib ularni oʻtgan-ketganga sotib yurgan bolakaylar; hassasiga tayanib iti bilan hamrohlikda ketayotgan moʻysafidlar — xullas qandaydir daqiqalar ichida Parijning butun aholisidan iborat kartina qarshisida turgandek boʻldim. Nogahon, ana oʻsha odamlar orasida velosiped haydagan ozgʻin oʻspirin koʻrindi. U adashmasam xat tashuvchi, pochta kuryeri edi. Velosipedini tezlatib  u Parijning chetida joylashgan kvartallardan biriga kirib ketdi-da, dam oʻtmay zinapoyasi baland, boloxonali, shuvogʻi toʻkilgan uyning ostonasida paydo boʻldi.

-Msye Buninga xat bor, — dedi u eshikni taqillatgach, peshvoz chiqqan ayolga.

Ayol xatni olib, unga koʻz yugurtirdi. Xat Shvetsiyadan edi. Unda shvetsiyalik tarjimon Kalgren Buninda qaysi yurt fuqarosi ekanligini soʻragandi.

-Men uning xotiniman. Erim kino premyerasida edi,- dedi soʻng xat tashuvchi oʻspiringa talmovsirab.

Ayolda unga berish uchun choychaqa topilmadi. Oʻspirin noiloj tarvuzi qoʻltigʻidan tushgan odamdek ketdi. U ketgach, ayol kinozalga oilalarining doʻsti va oʻzlari kabi rus muhojiri boʻlgan Leonid Zurovni  joʻnatadi.

-Sizga Shvetsiyadan xat kelibdi,- dedi u joʻnatgan kishi Buninni kinozalda hamrohlari davrasida uchratib.- Aftidan, adabiyot yoʻnalishida Nobel mukofoti laureati boʻlgan koʻrinasiz.

Bir ming toʻqqiz yuz oʻttiz uchinchi yili Ivan Alekseyevich Buninga berilgan Nobel mukofotiga Shvetsiya akademiyasi quyidagicha izoh bergandi: “Prozada rus klassik anʼanalarini taraqqiy ettirgan talabchan mahorati uchun”. Muhojirlikda yashab, vatanini tanqid qilgani uchun emas, siyosiy maqsadlar uchun ham emas, aynan badiiy mahorati sabab. U Nobel mukofotini topshirish marosimiga ketayotganida yoʻlda kundaligiga quyidagi soʻzlarni yozadi: “Toʻrtinchi dekabr kuni tongda poyezdda Gannoverga (Germaniyadagi shahar) yetdik. Koʻzimni ochib, deraza pardasini tortsam, oyna muzlagan. Relslarni ham muz qoplagan. Platformada u yoqdan bu yoqqa oʻtayotgan odamlar moʻyna qalpoq, poʻstin kiyingan. Bunday manzaralarni koʻrmaganimga ancha vaqt boʻldi. Yurak unutmas ekan!”

-Sovqotdingizmi? — dedi bizga mezbonlik qilayotgan buxorolik ijodkor Goʻzal Roʻziyeva saroy tashqarisiga chiqqach, u yerdagi quyosh nurlari tushib turgan oʻrindiqlardan biriga shoshib borib oʻtirganimni koʻrib jilmayarkan. — Buxoro sovuq degandim-ku!

-Amir rosa xotinboz boʻlgan ekan,- dedim uning savoliga javob berish oʻrniga bir-biridan uncha uzoq boʻlmagan masofalarda joylashgan amirning kanizaklari uchun qurilgan binolarga peshonamni tirishtirib qararkanman.

-Nimasini aytasiz?!- dedi yonimizdagi sheriklardan biri.

Ivan Alekseyevich Shvetsiya akademiyasi tomonidan berilgan Nobel mukofotining yetti yuz oʻn besh ming frank miqdoridagi mablagʻini bir qismini oʻziga ishlatsa, bir qismiga muhtojlikda yashab kun koʻrayotgan rus muhojir adabiyotshunoslari uchun yordam fondi tashkil qiladi.

Uning Parijdagi qishki kvartirasi, Grasdagi yozgi dala hovlisi karvonsaroyga oʻxshardi. Uning ziyoratiga turli kasb egalari — baʼzilari yordam soʻrab, baʼzilari Rossiyadagi siyosiy-ijtimoiy vaziyatdan nolib kelib turishardi. Mukofot pulining qolgan qismini u oʻz vatanidan ayrilgan shu bechoralarga yordam tariqasida ishlatadi.

Majmuaning orqa tomonidagi koʻlning oldiga borarkanman, koʻlni toza saqlanmaganligi, suvini sargʻayib ketib, shaffoflikdan ancha yiroqdaligi taʼbimni kir qildi.

-Amirning kanizaklari shu yerda choʻmilishgan ekan,- dedi Sherzod Xalilov hayron boʻlib.

-Oʻsha paytlar ham koʻlning suvi shunaqa “shaffof” boʻlganmikin?- dedim men ancha xira tortgan hozuzga qarab.

Mitti koʻlning chetida turli-tuman esdalik narsalar bilan savdo qilayotgan sotuvchilar orasiga borarkanman, ular oʻz mollarini menga birin-ketin taklif qila boshlashdi. Men choʻkka tushib, yerga toʻshalgan ularning mollarini koʻzdan kechira boshladim. Esdalik uchun yuqori qismiga tuyalar karvoni surati tushirilgan avtoruchka oldim.

-Dengiz havosi baribir oʻzgacha, toʻgʻrimi?

— Ha, Ivan Alekseyevich.

Ivan Alekseyevich yoniga — quyosh tobora qizdira boshlagan qumga oʻtirib, sarhadi yoʻq ulkan dengizning bir maromda mavjlanishini kuzatayotgan doʻsti Leonid Zurovga boqarkan, yuragini oʻtkir ogʻriq bilan ezayotgan vatan sogʻinchini yana bir bor his qilgandek boʻladi.

Qadrdon yurtimdan olis joylarda

Tushlarimga kirar bahor-kelinchak:

Koʻzlari moviyrang, yuzi oylarday,

Qaddi-sarv,sochlari- oltin chambarak.

Aziz yer, pok tongga munosib malak,

Unga ona yurtim, dashtlarim yoqar,

Yoqadi sukunat, qashshoqlik, mehnat,

Shundanmi dalamga mehr-la boqar:

Labida tabassum, koʻzida shafqat,

Bu oʻsha-bolalik, bahor, muhabbat!

U tomirlari boʻrtib chiqqan qoʻllari bilan qumga tayanib oʻrnidan turadi. Unga qoʻshilib doʻsti Zurov ham oyoqqa qalqiydi. Gapirishdan oldin u oʻzi ijaraga olgan, uzoqdan cherepitsali tomlari va novcha derazalari koʻrinib turgan dala hovlisi “Belveder” va Grasning moviy osmon ostidagi maftunkor tabiatiga bir pas tikilib turadi.

-Demak, ertaga Rossiyaga joʻnab ketasiz?

-Ertaga kechqurun.

-Men qarib qoldim. Qolaversa, sogʻligʻim ham kundan-kunga yomonlashyapti. Ishonasizmi, agar men ham siz kabi yosh  va tetik boʻlganimda edi, hech nimaga qaramay hoziroq Rossiyaga joʻnab ketgan boʻlardim. Meni Odessa va Parijda yozgan asarlarim uchun u yerda turli xil qiynoqlarga solishlarini yoki sud ham qilmay otib tashlashlari mumkinligini birov taxmin qilsa ham.

-Ishonaman, Ivan Alekseyevich.

U quyoshdan koʻzlarini himoya qilish uchun qora koʻzoynagini taqib, boʻynini choʻzganicha dengiz uzra uzoqlarga tikiladi. Koʻzlaridagi sogʻinchni, ehtimol ularda paydo boʻlishga shay turgan koʻz yoshini berkitish uchun atayin qora koʻzoynak taqqandek.

Amir boshqa bir kanizagi uchun qurdirgan saroyida xonalar shunaqangi koʻp ekanki, adashib qolay dedim. Kichkina va bir biriga oʻxshash xonalar, hammasida gollandcha pechka, devorlariga turfa xil soʻzanalar osilgan. Shu soʻzanalar atrofida ham esdalik uchun bearmon suratga tushdim. Tashqariga chiqqach, yana u yerdagi oʻrindiqlardan biriga oʻtirdim.

-Bu yerda ijod qilish uchun birorta xonani ijaraga berishmasmikin?- dedim atrofimga guruhimizdagi hamma toʻplangach.

Hazilimga hamma kuldi.

-Endi “oʻlik shahar”ga ( “Chor Bakir” majmuasi) boramiz, — dedi yoʻlboshchi yigit hamma toʻplanganini koʻrgach ovozini koʻtarib.

“Sitorai Moxi Xosa” majmuasi bilan hecham xayrlashgim kelmadi. Yarim soatning ichida yuragimning toʻridan joy olgan bu maskanda bir umr qolishga tayyor edim. Sekin qadam tashlab kelib mikroavtobusga chiqarkanman, ortimda qolgan koʻhna darvoza ichkarisiga oʻzimdagi nimanidir tashlab ketayotgandek boʻldim. Oʻsha narsa nimaligini bilmadim.

-Derazani yopsangiz-chi, Ivan Alekseyevich. Tashqarida yomgʻir yogʻyapti. Shamollaysiz, axir!

Ivan Alekseyevich ortiga oʻgiriladi va boʻsagʻada turgan xotini Vera Muromsevaga koʻzi tushadi. Lekin unga eʼtibor bermaydi-da, deraza oldida turgan radiopriyomnikka qulogʻini yanayam yaqin olib keladi. Radiodan suxandon oʻtgan asrning qirqinchi yillarida faoliyat yuritgan ovroʻpo suxandonlari kabi qoʻrquvdan ovozi titrab, ertangi kundan hayajonlanib va xavotirdan tez-tez nafas olib fransuz tilida gapirar,  fransuz tilini binoyidek bilgan odam u urush haqida, Gitler boshchiligidagi fashistlar borgan sari Rossiyaning ichkarisiga kirib borayotgani haqida gapirayotganini ilgʻashi qiyin emasdi. Ivan Alekseyevich ham fransuz tilini chamasi yaxshi bilar, shungadir balki olisdagi vatanining taqdirini oʻylab koʻzlari birin-ketin yoshlanar, boʻsagʻada turgan xotinini ham, uning aytganini qilib derazani yopishni ham unutgan, qoʻl uzatsa yetadigan masofada boʻlgan derazani yopishga oʻzini majoli yoʻqdek sezardi.

Shamol, yomgʻir, qorongʻuliklar,

Huvillagan yerda hukmron.

Hayot oʻlgan bahorga qadar,

Bahorgacha bogʻlar shipshiydon.

Men yolgʻizman dala hovlida,

Shamol oʻynar qorongʻu uyda…

-Kechirasiz, derazani yopmasak boʻlmaydi.

Poyezd xodimi yonimga kelib, ochiq turgan poyezd derazasini yopib qoʻydi. U ortiga qaytib ketayotganida bir finjon qahvaga buyurtma berdim. U tushundim degandek tez-tez yurib ketdi. Deraza yopilgach, poyezdning relslar ustida ketayotganini eslatib turuvchi taraq-turuq ovozi ham ichkariga eshitilmay qoldi. Deraza pardalarini yanayam kattaroq ochib, ketma-ket orqada qolayotgan pastak uylar, yaylovlar, adirlar va togʻu toshlarni kuzatib qolarkanman, Buxoro ortda qolib Toshkent yaqin kelgani sari yana Meliboyevning Nobel mukofoti borasidagi gaplari xayolimdan oʻtdi.

-Bekor gap bu!- oʻyladim buyurtma qilingan qahvamni xizmatchining qoʻlidan olib, unga pul uzatarkanman.

U pulni olgach, derazani manzilga yetguncha ochmaslikni menga yana bir bor taʼkidladi.  Unga xoʻp degandek boshimni qimirlatib qoʻydim. Vaqt oʻtib poyezdda oʻzimni anchayin horgʻin sezdim, ichkari diqqinafas boʻlib ketdi. Bir kishilik oʻrindiqda deraza oldida ketarkanman, xizmatchining taʼkidlaganiga qaramay derazani ochgim va tashqaridagi muzdek havodan toʻyib-toʻyib nafas olgim keldi. Biroq, andisha qilib niyatimdan qaytdim. Toshkent yaqin qolgani sari esa bunin bilan bogʻliq Parij xotiralari ham, hayotimdagi bir kunimni mazmunli oʻtkazishimga sabab boʻlgan ertaknamo Buxoro manzaralari ham xuddi tush kabi koʻz oldimdan yoʻqolib borardi…